BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI
VA O‘ZBЕKISTON
(2 mart 1992 yildan beri bayrog‘imiz BMTda)
“Ey, imon keltirganlar! Yoppasiga itoatga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta u sizlarga aniq dushmandir”.
Qur’oni Karim
(Baqara 2 sura 208 oyat).
Birlashgan Millatlar Tashkiloti (ingliz. United Nations) BMT – Yer yuzida tinchlikni va xavfsizlikni ta’minlash, davlatlarning va millatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida 1945 yil 24 oktyabrda fashizm ustidan g‘alaba qozongan mustaqil davlatlarning ixtiyoriy birlashish asosida tuzilgan eng yirik xalqaro tashkilot.
BMT Ustavida ko‘rsatilgandek, u xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash, xalqlarning tenghuquqlili bo‘lishi va o‘z taqdirini o‘zi belgilashi qoidasiga amal qilib, millatlar o‘rtasida do‘stlik munosabatlarini rivojlantirishni, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy muammolarni hal etishda xalqlar o‘rtasida hamkorlik bo‘lishini ta’minlashni ko‘zda tutib, shu umumiy maqsadlarga erishishda millatlar harakatini uyg‘unlashtirib turadigan markazi hisoblanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti:
tashkil topgan sana: 1945 yil 24 oktyabr.
asosiy maqsadi: yer yuzidagi tinchlikni mustahkamlash va xavfsizlikni ta’minlash bo‘lib, davlatlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan.
qaysi davlatlar tomonidan barpo etilgan: BMTni barpo etish haqidagi qaror SSSR, AQSH, Angliya va Xitoy tashqi ishlar vazirlarining Moskvadagi Kengashida 1943 yilda,
tashkilot Ustavi qachon va qayerda qilingan: Ustavi esa San-Fransisko (AQSH) Konferensiyasida 1945 yilda qabul qilingan. BMT Ustaviga dastavval 51 davlat imzo chekkan bo‘lsa, hozirga kelib bu ko‘rsatkich 193 tani tashkil qilmoqda.
tuzilmasi
rahbar: Bosh kotib.
rahbarlik muddati: 5 yil.
BMTning Bosh Assambleyasida mazkur tashkilotga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarning a’zolari ishtirok etadilar.
BMTning Xavfsizlik kengashiga 15 davlat a’zodir. Shulardan 5 tasi – AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya va Xitoy – doimiy a’zo davlatlardir. Kengashning qolgan 10 a’zosi Bosh Assambleya tomonidan ikki yil muddatga saylanadilar.
Bosh Assambleya Kotibiyati quyidagi departament va boshqarmalarga bo‘linadi:
-Siyosiy masalalar va Xavfsizlik Kengashi ishlari departamenti,
-Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti,
-Vasiylik va o‘z-o‘zini boshqarmaydigan hududlar departamenti,
-Nazorat boshqarmasi,
-Xodimlar boshqarmasi,
-Bosh kotibning ma’muriy idorasi,
-Ijtimoiy axborot boshqarmasi,
-Konferensiyalarga xizmat qilish boshqarmasi,
-Umumiy xizmat boshqarmasi,
-BMTning Jeneva bo‘limi.
BMT sessiyasi yilda bir marta chaqiriladi. Xavfsizlik Kengashining yoki BMT a’zolari ko‘pchiligining talabi bilan har qanday masala yuzasidan maxsus sessiyalar chaqirilishi mumkin.
BMTning rasmiy tillari — ingliz, fransuz, rus, ispan, xitoy va arab tillari.
O‘zbekiston BMTda
– O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng ko‘p o‘tmay – 1992 yilning 2 martida BMTga a’zo bo‘ldi.
– Shu kuni BMT Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i ko‘tarildi.
– 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Kotibiyat
Kotibiyat Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi, Xavfsizlik Kengashi va boshqa tashkilotlari ko‘rsatmalariga muvofiq tezkor va ma’muriy ishlarni amalga oshiradi. Uni umumiy ma’muriy rahbarlikni olib boradigan Bosh kotib boshqaradi.
Nyu-York, Jeneva, Vena va Nayrobida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bo‘limlari mavjud.
BMTning muhim sanalari
1945 yil 24 oktyabr – Birlashgan Millatlar Tashkiloti tuzildi: uning Nizomi Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi hamda uni imzolagan davlatlarning ko‘pchiligi tomonidan ratifikatsiya qilindi va kuchga kirdi.
1947 yil 24 oktyabr – Bosh Assambleya o‘zining 168-sonli Rezolyutsiyasi bilan «Birlashgan Millatlar kuni»ni rasmiy ravishda e’lon qildi.
1948 yil 10 dekabr – Bosh Assambleya Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasini qabul qildi.
1949 yil 24 oktyabr – Nyu-Yorkda BMT Markaziy muassasalari binosiga birinchi g‘isht qo‘yildi.
1965 yil – BMT Bolalar Fondi – UNICEF ga tinchlik uchun Nobel mukofoti berildi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti tashkil topishi bilan inson va shaxs huquqlarini himoya qilishni xalqaro huquqiy tartibga solishni zamonaviy bosqichiga asos yaratildi va BMT Ustavida ta’kidlanganidek: “Biz, Birlashgan millatlar xalqlari, insonning asosiy huquqlariga, inson shaxsining qadr qimmatiga, erkak va ayollarning teng huquqlariga va katta kichik millatlar huquqlarining tengligiga ishonchini qayta qaror toptirishga qat’iy ahd qilib, Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu Ustavini qabul qilishga va Birlashgan Millatlar Tashkilotini ta’sis qilishga rozilik berdik!”
Ayni mahalda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar “Barcha davlatlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni rivojlantirishni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tinchlik adovat va farovonlikning muhim ahamiyati hisoblanadigan inson huquqlari va asosiy erkinliklarining hurmat qilinishi va ularning yalpi ahamiyatini tan olish” majburiyatini o‘z zimmalariga oldilar.
BMT Ustavi – barcha davlatlar rioya etilishi shart bo‘lgan yagona xalqaro hujjatdir.
Bugungi kunda yer yuzida 270 dan ortiq mamlakat mavjud bo‘lib, ulardan 193 tasi BMTga a’zo bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi 1992 yilning 2 martida BMTga a’zo bo‘ldi. Dunyodagi eng nufuzli tashkilot bo‘lmish BMTning Bosh Assambleyasi binosi oldida O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i shu kuni 2 mart 1992 yildan beri yuqoriga samoga ko‘tarilgan. 1993 yilning 24 avgustida BMTning Toshkentdagi vakolatxonasi ochildi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining va Birlashgan Millatlar Tashkilot taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkiloti (Nyu-York shahri) dagi doimiy vakili faoliyat yuritadilar.
O‘zbekiston Respublikasi BMTning teng huquqli a’zosi sifatida bu eng nufuzli xalqaro tashkilotning maqsad va qoidalariga qat’iy amal qilib kelmoqda.
1948 yil 10 dekabrda Bosh Assambleyasi Inson huquqlari Umumjahon Deklaratsiyasini e’lon qildi va qabul qildi. “Har bir odam uchun insonning umumiy huquqlari ilk bor o‘z ifodasini topgan ushbu hujjat bugungi kunda 360 dan ortiq tilda chop etilgan va jahondagi eng ko‘p tarjima qilinadigan hujjat hisoblanadi. Bu uning universal xususiyatga ega ekanligi va keng tarqalishidan dalolatdir. Mazkur hujjat ko‘plab yangi, mustaqil davlatlar konstitutsiyalari va yangi demokratiyalar uchun namuna bo‘lib xizmat qilmoqda, ongimizda ezgulik va yovuzlik haqida fikr yuritish imkonini beradigan mezonga aylandi”, – deb tarifladi BMTning Bosh kotibi.
Ushbu deklaratsiya mustaqil O‘zbekiston Respublikasi imzolagan eng birinchi xalqaro hujjatdir. 1991 yil 30 sentyabr. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb atalgan ikki bo‘limi mazkur deklaratsiya talablariga to‘la mos bo‘lib, unda O‘zbekiston Respublikasi barcha fuqarolari teng huquq va erkinliklarga ega bo‘lishi, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqesidan qatiy nazar, qonun oldida tengligi ta’minlangan. Respublikamizda inson huquqlariga oid yuzdan ortiq qonunlar qabul qilingan va ular xalqaro me’yorlar va andozalarga muvofiqlashtirilgan.
BMT Bosh Assambleyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik muammolarini hal etish yo‘l-yo‘rig‘i dunyo miqyosidagi muammolar bilan birga qo‘shib ochib berildi. Hamda O‘zbekistonning keng ko‘lamli hamkorlikka oid hamma takliflarida uni BMT faoliyati va bu tashkilotning ixtisoslashgan muassasalari orqali amalga oshirish tamoyillari ilova qilindi.
Hammamizning xabarimiz bor, muhtaram Prezidentimiz o‘z nutqlarida muborak Islom dinimizning asl insonparvarlik mohiyatini butun jahon jamoatchiligiga yetkazish oldimizda turgan muhim vazifa ekanini alohida qayd etdilar.
Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida jahonning eng yuqori minbaridan turib, mustaqil O‘zbekiston tashqi siyosatining ma’naviy yo‘nalishi insonparvarlik, insoniylik, oshkoralik, hurriyat, o‘z imkoniyatlariga tayanish va insoniyatning yagona oilasida o‘z taraqqiyot yo‘liga ega bo‘lishligini ta’kidlab, bayon qildilar.
Shuningdek, davlatimiz Rahbari aslida Islom dini ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarga rioya etishga da’vat etishini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Jumladan, muhtaram Prezidentimiz shunday dedilar: «Biz butun jahon jamoatchiligiga Islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamligining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi».
Birlashgan Millatlar Tashkiloti – tinchlikni va xalqaro xavfsizlikni qo‘llab quvvatlash, davlatlararo hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan universal tashkilotdir.
BMT har bir insonni huquqlarini qo‘llab quvvatlash, kengaytirish va himoya qilish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan dunyodagi yagona tashkilot sifatida dunyoning “umumjahon parlamenti” sifatida kalendarning ma’lum bir kunini insoniyat uchun, xalq uchun, umumjamiyat uchun zarur bo‘lgan masalalarga bag‘ishlab qo‘ygan.
“Dinlararo bag‘rikenglik haftasi”, “Saraton bilan kurashish xalqaro kuni”, “Xalqaro ijtimoiy adolat kuni”, “Xalqaro ona tili kuni” fevral oyida. Mart oyida “Kamsitishga nol kuni”, “Xalqaro yovvoyi tabiat”, “Xalqaro irqiy kamsitilishni bartaraf etish kuni”, “Irqchilik va irqiy kamsitilishlarga qarshi kurashayotgan xalqlar bilan birdamlik haftasi”, “Xalqaro sil kasalligiga qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro inson huquqlari poymol bo‘lishida haqiqatni o‘rnatish kuni”. Aprel oyida “xalqaro sport, tinchlik va taraqqiyot yo‘lida kuni”, “Yo‘l harakatlarida sodir etilgan hodisalarda halok o‘lganlarni xotiralash kuni”, iyun oyida “Xalqaro atrof muhitni muhofaza qilish kuni”, “Xalqaro qochoqlar kuni”, “Giyohvandlikka qarshi kurashish kuni”, “Xalqaro muruvvat kuni”, sentyabr oyida “Xalqaro tinchlik kuni” bo‘lib deyarli 365 kun insonlarning turli muammolarini yengillashtirishda, ba’zi muammolarni yechilishida o‘z samarasini bermoqda.
BMT o‘z taraqqiyot dasturini amalga oshirishda dunyoning turli chekkalarida va yer yuzining barcha mintaqalarida BMTning ko‘plab ixtisoslashgan tashkilotlari va muassasalari orqali ham tinchlikni saqlashda, insonlar hayotidagi muammolarni bartaraf etishda salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Zero Birlashgan Millatlar Tashkilotining XIX ta boblaridagi 111 ta moddalarining barchalari ham yer yuzida xalqlararo tinchlik va xavfsizlikni barpo etish bilan yo‘g‘irilgan.
BMT Ustavida ta’kidlangan xalqaro tinchlik va xavfsizlikni barpo etishda O‘zbekiston Respublikasining hissasi beqiyos va betakror.
Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi, muborak dinimiz kamoloti va masjidu madrasalarimiz obodligi uchun muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida hukumatimiz, Diniy idoramiz rahbariyati tomonlaridan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar, tuman rahbarlarining boshchiliklarida istiqlolimiz sharofati bilan mehnatkash xalqimiz ko‘p ishlarni amalga oshirdi va shu olijanob islohotlar hali hamon bajarilib kelinmoqda. Bunga dunyo tan bermoqda...
Ibrohimjon INOMOV
Ming yillik tarix, noyob me’moriy obidalar, qadimiy hunarmandchilik va boy madaniy meros uyg‘unlashgan Buxoro bugun nafaqat sayyohlarni o‘ziga chorlamoqda, balki zamonaviy media imkoniyatlari orqali dunyo auditoriyasiga yanada keng tanitilmoqda.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda turizmni iqtisodiyotning strategik yo‘nalishlaridan biriga aylantirish, O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosini jahonga keng targ‘ib qilish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlarning mantiqiy davomi sifatida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida Malayziyaning “Universiti Teknologi MARA” oliy ta’lim muassasasi San’at, dizayn va media fakultetining talaba hamda o‘qituvchilaridan iborat 18 kishilik ijodiy guruh Buxoro viloyatida bo‘ldi, xabar bermoqda O‘zA.
Malayziyalik ijodkorlarning Buxoroga tashrifi oddiy turistik safardan ko‘ra kengroq mazmun kasb etdi. Ularning asosiy maqsadi — Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, qadimiy obidalari, betakror me’moriy muhiti va turistik salohiyatini zamonaviy media platformalar orqali xalqaro auditoriyaga yetkazishdan iborat bo‘ldi.
Ijodiy guruh vakillari shaharning har bir manzilidan o‘ziga xos syujet izladi. Ular uchun asrlar silsilasida qad rostlagan obidalar shunchaki tarixiy yodgorlik emas, balki zamonaviy avlodga so‘zlab berilishi lozim bo‘lgan ulkan tarixiy hikoyaga aylandi.
Malayziyalik yosh fotograf va dizaynerlar Ark qo‘rg‘oni, Labi Hovuz ansambli, Poyi Kalon majmuasi, qadimiy savdo toqlari, Ismoil Somoniy maqbarasi, Chashmai Ayub kabi ko‘p asrlik tarixdan darak beruvchi maskanlarda tasvirga olish ishlarini olib bordi.
Shuningdek, ijodkorlar Buxoroning an’anaviy hunarmandchilik markazlariga tashrif buyurib, ustalarning mehnati, milliy san’at namunalari, qadimiy kasblarning avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan jarayonlarini ham obyektiv orqali muhrlashdi.
Bugun axborot makoni jadal o‘zgarayotgan bir paytda biror mamlakat yoki shahar haqida tasavvur uyg‘otishning eng ta’sirchan vositalaridan biri — sifatli vizual kontent. Shu ma’noda, tashrif davomida tayyorlangan foto va videomateriallar “storytelling” — voqeani ta’sirchan hikoya qilish uslubida yaratilgani bilan ahamiyatlidir. Zero, bir suratda Buxoroning ko‘hna gumbazi, yana bir kadrda hunarmandning mohir qo‘llari, boshqa bir lavhada esa qadimiy ko‘chalardagi hayot aks etishi mumkin. Bu tasvirlar orqali Buxoro haqidagi ma’lumot oddiy matndan ko‘ra, ta’sirchanroq tarzda millionlab insonlarga yetib borishi mumkin.
Ijodkorlar tomonidan yaratilgan kontentlar ijtimoiy tarmoqlari hamda YouTube platformasi orqali namoyish etilishi rejalashtirilgan. Bu esa Buxoroning turistik salohiyatini, avvalo, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlari auditoriyasiga keng targ‘ib qilish uchun muhim imkoniyatdir.
Bunday xalqaro ijodiy tashriflar Buxoroning turistik brendini yanada kuchaytirish, xorijiy auditoriyada shahar haqida yangi va jozibador tasavvur uyg‘otishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, bu jarayonda Buxoro tarixi muzeylarda qolib ketmayapti. U zamonaviy texnologiyalar, ijtimoiy tarmoqlar va ijodkorlar nigohida yangi avlodga yetkazilmoqda.
Buxoroning qadimiy ko‘chalarida olingan har bir kadr, hunarmand qo‘lidan chiqqan har bir buyum, obidalar bag‘rida aks etgan har bir lavha dunyoning turli burchaklaridagi insonlarni “Bu qanday shahar?”, “Uning tarixi qanday?”, “Men ham bu joyni ko‘rishni istayman” degan qiziqishga chorlashi mumkin. Bu esa turizm targ‘ibotining eng ta’sirchan ko‘rinishlaridan biridir.
Malayziyalik talaba va ustozlarning Buxoroga tashrifi yana bir muhim jihati bilan ahamiyatli. Turli madaniyat va ta’lim maktablariga mansub yosh ijodkorlar Buxoro misolida Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyo madaniyatlari o‘rtasida yangi ijodiy ko‘prik yaratdi. Bu nafaqat turizm, balki madaniy diplomatiya, ta’lim va ijodiy hamkorlik uchun ham yangi imkoniyatlarni ochadi.
Bugun Buxoroning ko‘hna obidalariga qarayotgan malayziyalik yosh fotografning kamerasida nafaqat tarix, balki O‘zbekistonning zamonaviy qiyofasi ham aks etmoqda. Ertaga ushbu tasvirlarni ko‘rgan minglab yoshlar Buxoroni o‘zlari uchun yangi, qiziqarli va albatta borib ko‘rishga arziydigan manzil sifatida kashf etishlari mumkin. Shu bois, bu tashrifni bir necha kunlik ijodiy safar emas, balki Buxorodan dunyoga yo‘l olgan ulkan vizual hikoyaning boshlanishi, deyish mumkin. Zero, tarixni asrash — uni kelajak avlodga yetkazishdir. Turizmni rivojlantirish esa ana shu tarixni dunyoga tanitish bilan chambarchas bog‘liq.
O‘tmishda Buxoro karvonlar yo‘li orqali dunyo bilan bog‘langan edi. Bugun esa uning tarixi kameralar, ijtimoiy tarmoqlar va raqamli platformalar orqali butun dunyoga tarqalmoqda. Eng muhimi, bu jarayon davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida yurtimizning turistik salohiyatini jahonga keng targ‘ib etish, O‘zbekistonni yanada jozibador va raqobatbardosh turistik maskan sifatida namoyon etish yo‘lidagi ezgu ishlarga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati