Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
وَصَلَّى اللهُ عَلَى سَيِّدِنَا مُحَمَّدٍ وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَسَلَّمَ
(اللَّهُمَّ) يَا ذَا الْمَنِ وَلَا يُمَنَّ عَلَيْكَ يَا ذَا الْجَلالِ وَالإِكْرَامِ يَا ذَا الطَّولِ وَالإِنْعَامِ لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ ظَهْرَ اللَّاجِئِينَ وَجَارَ الْمُسْتَجِيرِينَ وَمَأْمَنَ الخَائِفِينَ.
(اللَّهُمَّ) إِنْ كُنْتَ كَتَبْتَنِي عِنْدَكَ فِي أُمِّ الْكِتَابِ شَقِيّاً أَوْ مَحْرُوماً أَوْ مُقَتَّراً عَلَيَّ فِي الرِّزْقِ فَامْحُ مِنْ أُمِّ الْكِتَابِ شَقَاوَتِي وَحِرْمَانِي وَتَقْتِيرِ رِزْقِي وَأَثْبِتْنِي عِنْدَكَ سَعِيداً مَرْزُوقًا مُوَفِّقاً لِلْخَيْرَاتِ فَإِنَّكَ قُلْتَ وَقَوْلُكَ الحَقُّ فِي كِتَابِكَ الْمُنَزَّلِ عَلَى نَبِيِّكَ الْمُرْسَلِ: {يَمْحُو اللَّهُ مَا يَشَاءُ وَيُثْبِتُ وَعِنْدَهُ أُمُّ الْكِتَابِ}
Ulug‘lik va Ikrom sohibi Alloh! Ey qo‘li ochiq va in’om egasi! Sendan O‘zga iloh yo‘q! Sen qochqinlarga boshpana va panoh izlovchilarning himoyachisi, qo‘rquvchilarning najotkorisan.
Allohim! Agar ummul kitobda menga rizq va baxt yozgan bo‘lsang, o‘sha ummul kitobdan baxtsizligim, mahrumligim, tor rizqimni o‘chirib, mening qismatimni baxt, keng rizq va yaxshiliklarga tavfiq bo‘lishiga o‘zgartir! Chunki Sen aytgansan, rasul va nabiyingga nozil qilgan kitobingdagi quyidagi so‘z haqdir: “Alloh O‘zi xohlagan narsani mahv qilur va sobit qoldirur. Ona kitob Uning huzuridadir” (Ra’d surasi, 39-oyat).
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov