Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.
Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.
Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).
Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).
Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.
Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!
Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!
Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.
Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda» kitobi asosida tayyorlandi
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD