Sayt test holatida ishlamoqda!
13 May, 2025   |   15 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:06
Peshin
12:24
Asr
17:23
Shom
19:36
Xufton
21:04
Bismillah
13 May, 2025, 15 Zulqa`da, 1446
Maqolalar

Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

03.03.2025   6462   4 min.
Rasululloh ﷺning Ramazonda Alloh bilan birga bo‘lgan holatlari

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Hidoyat elchisi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga mavjudotlar ichida Allohni eng ko‘p biluvchi va Uning buyruqlarini bajo keltirishda eng peshqadami bo‘lganlar. U zot Allohga bandalik qilish pog‘onasidan shu darajada yuqori ko‘tarilganki, bu maqomning eng cho‘qqisigacha yetib, hech qaysi mavjudot yetib bora olmagan martaba va manzillarni zabt etganlar. Ya’ni, Alloh taolo u zotning oldingiyu keyingi gunohlarini mag‘firat qilgan.

Lekin Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu darajada bo‘lishlariga qaramasdan tunlarini ibodat bilan o‘tkazar, hatto namozda ko‘p tik turganlaridan oyoqlari shishib ketar edi. Oisha roziyallohu anho bu holatdan ajablanar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa muloyimlik bilan: «Shukr qiluvchi banda bo‘lishni yoqtiraman-da!» der edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘ilarida qo‘rqinch, duolarida esa musibatli insonlarning o‘tinchlari kabi edi.

Abdulloh ibn ash Shaxir roziyallohu anhu bu haqda bunday degan: «Men Rasulullohning namoz o‘qiyotganlarini ko‘rdim. U zotning ko‘kragidan tegirmon toshining shovqiniga o‘xshash yig‘i shovqini eshitilib turar edi» (Imom Abu Dovud rivoyati, 904-hadis. Bu sahih hadis).

Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning eng hayratlanarli holatlari haqida bunday hikoya qiladi: «Tunlarning birida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, menga ruxsat bering, Robbimga ibodat qilaman», dedilar. Men: «Allohga qasamki, men sizga yaqin (siz bilan birga) bo‘lishni yoqtiraman va sizni xursand qilgan narsani yaxshi ko‘raman», dedim. So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, tahorat oldilar, so‘ng namoz o‘qishga kirishdilar. U zot to‘xtamay yig‘ladilar, hatto etaklari ho‘l bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto soqollari nam bo‘ldi. So‘ng yana to‘xtovsiz yig‘ladilar, hatto yer ham nam bo‘lib ketdi. Shunda Bilol namozga chaqirish uchun keldi. Bilol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yig‘lab turganlarini ko‘rib: «Yo Rasululloh! Nima uchun yig‘layapsiz? Axir, Alloh Sizning oldingiyu keyingi gunohlaringizni mag‘firat qilgan-ku!», dedi. Shunda Rasululloh: «Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?! Zero, bu kecha menga bir oyat nozil bo‘ldi. Bu oyatni o‘qib, uni tafakkur qilmaganga vayl bo‘lsin!», dedilar va oyatni o‘qidilar: Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida hamda kecha va kunduzning almashib turishida aql egalari uchun oyat(belgi)lar bor» (Oli Imron surasi, 190-oyat).

Ibn Hibbon rivoyati, isnodi Imom Muslim shartiga ko‘ra.

Ey tavfiqli do‘stim! Bu Allohning amrini bajo keltirishning eng komil ko‘rinishidir. Odam farzandining sayyidi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Illiyyinda ekanliklarini aniq bilsalar-da, bor kuchlari va tokati bilan Allohning roziligi uchun harakat qilar, shunchalar umidsiz bo‘lar, muhabbat, xavf va rajoni shu qadar go‘zal tarzda jamlar edilar!

Biz-chi?! Biz ibodatlarga beparvo bo‘lib, ko‘plab gunohlarni sodir etamiz yoki shu gunohlar atrofida aylanib yuramiz, Allohga bo‘lgan tavozelik va itoatimiz kam va zaif holda hayot kechiramiz. Hatto g‘aflat zulmatiga g‘arq bo‘lib ham, Allohning mag‘firatini umid qilamiz, o‘zimizni Uning makridan omonda deb o‘ylaymiz. Hatto ayrim holatlarda shunchalik xatokorligimizni unutib, Allohning g‘azabidan qo‘rqmaymiz, balki o‘zimizni xuddi jannatiy odamdek tutamiz!

Bizning bu holatimiz bilan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning holatlari orasida tuproq bilan surayyo yulduzicha - yer bilan osmoncha farq bor.

Yo Alloh! Yo Mannon! Yo Karim! Bizlarga lutf qil! Bizlarni afv et!

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Ramazondagi Alloh bilan birga bo‘lish holatlari barcha musulmonlarga abadiy o‘rnak bo‘la oladigan darajada mukammal bo‘lgan.

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda»  kitobi asosida tayyorlandi

Ramazon
Boshqa maqolalar

Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

12.05.2025   3474   2 min.
Onaning duosi sababli olim bo‘ldi

Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.

Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.

Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.

Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.

U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.

Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.

Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi. 

Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.

Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.

Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.

Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.

            

Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.