Aziz vatandoshlar! Avvalo, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi, ustoz va ulamolar nomidan barchangizni Ramazon oyi bilan muborak etaman! Iloho, oylarning sultoni bo‘lgan Ramazon har galgidanda fayzli va barakali bo‘lsin!
Ramazon – bu musulmonlarning eng ulug‘ oyi bo‘lib, u Alloh taoloning marhamati va barakasi yog‘iladigan, savoblar ko‘payadigan, duo va tavbalar qabul bo‘ladigan mo‘tabar oydir. Ushbu oyni chin dildan e’zozlab o‘tkazish, ro‘za tutish, Qur’on o‘qish, xayr-ehson qilish va yaxshilikni keng yoyish har bir musulmon uchun sharafdir.
Ramazon oyining ulug‘ligini tasdiqlovchi oyatlar va hadislarda uning fazilatlari alohida ta’kidlangan. Alloh taolo Qur’onda shunday marhamat qiladi:
“Ramazon oyi – unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq-oydin hujjatlar bo‘lib, Qur’on nozil qilingan” (Baqara surasi, 185-oyat).
Bu oy Alloh taolo tomonidan mo‘minlarga rahmat sifatida yuborilgan bo‘lib, unda Qur’on nozil bo‘lgan. Shuningdek, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom Ramazon oyining ulug‘ligi haqida shunday marhamat qilganlar:
“Ramazon ro‘zasini iymon va savob umidida tutgan odamning o‘tgan gunohlari kechiriladi”.
Bu hadisdan ham ko‘rinib turibdiki, Ramazon musulmonlarga gunohlardan poklanish, qalbini tozalash va Allohning rahmatiga erishish imkoniyatini beradi.
Ramazon – bu faqat och va tashna yurish oyi emas, balki mo‘minlarning o‘zini tarbiya qilish, gunohlardan tiyilish va jamiyatga foyda keltirish vaqti hamdir. Ayniqsa, xayr-ehson qilish bu oyda alohida ahamiyat kasb etadi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon oyida barcha odamlarga mehribon bo‘lib, saxovatda barchaga namuna bo‘lganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda shunday deyiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng saxovatli inson edilar. Ramazonda Jabroil alayhissalom u zotning huzurlariga keladigan paytlarda esa yanada saxiy bo‘lib ketardilar. U zot sollallohu alayhi vasallam insonlarga esuvchi shamoldan ham tezroq saxiylik qilishga shoshardilar” (Buxoriy va Muslim rivoyati).
Bu hadisdagi tasvir Payg‘ambarimizning xayr-ehson qilishdagi shijoat va mehribonliklarini ochiq-oydin namoyon etadi.
Tarixda Ramazon oyida xayr-ehson qilib, odamlarga foyda keltirgan buyuk insonlar juda ko‘p bo‘lgan. Bir necha ibratli voqealar:
Muallo ibn Fazl aytadilar: “Solih zotlar Ramazon oyi kirishidan olti oy oldin Alloh taolodan Ramazon oyiga yetkazishini so‘rab duo qilar edilar. Ramazondan keyingi besh oy mobaynida Ramazon oyida qilgan ibodatlari va solih amallarini qabul qilishini iltijo qilib so‘rardilar”.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadi: “Hammod ibn Abu Sulaymon saxiy boy kishi edi. Ramazon oyida har kuni yuz kishiga iftorlik qilib berardi. Iyd namozi o‘qib bo‘lingandan so‘ng ularning har biriga yuz dirhamdan ehson berardi”.
Bu kabi ibratli holatlar bugungi kunda biz uchun ham namunadir. Agar har bir musulmon qo‘lidan kelganicha odamlarga yaxshilik qilsa, jamiyat yanada ahil va barakali bo‘ladi.
Ramazon oyi – bu nafaqat ro‘za tutish, balki insoniylik, saxovat va ezgulik oyidir. Har bir mo‘min bu oyda imkon qadar Qur’on o‘qib, Allohga yaqinlashishi, xayr-ehson qilib, muhtojlarga yordam berishi, oilasi, qo‘shnilari va jamiyat uchun foydali ishlarni qilishga harakat qilishi lozim.
Bu oyda qilingan har bir yaxshilik, ozgina sadaqa va hatto birovga mehr bilan muomala qilish ham katta savoblarga sabab bo‘ladi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: Kimki ro‘zadorni iftor qildirsa, bas, unga uning savobi mislicha berilur (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Shunday ekan, ushbu muborak oyda vaqtimizni behuda o‘tkazmasdan, ibodat va yaxshiliklar bilan band bo‘laylik. Alloh taolo barchamizni Ramazon oyining barakalaridan bahramand qilsin!
Ubaydulloh Abdullayev,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَائِشَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا أَكَلَ أَحَدُكُمْ فَلْيَذْكُرِ اسْمَ اللهِ، وَإِنْ نَسِيَ أَنْ يَذْكُرَ اسْمَ اللهِ فِي أَوَّلِهِ فَلْيَقُلْ بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالتِّرْمِذِيُّ.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon birortangiz taom yesa, Allohning ismini zikr qilsin. Agar avvalida Allohning ismini zikr qilishni unutib qo‘ysa, «Bismillahi avvalahu va axirohu» desin», dedilar» (Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar).
Ba’zan taom tanovul qilish paytida inson shoshilib, «Bismillah»ni aytish esidan chiqib qoladi. Bir oz yeganidan keyin «Bismillah»ni aytmagani esiga tushib qoladi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadisi shariflariga binoan, ana shunday vaqtda «Bismillahi avvalahu va axirohu» demog‘i lozim.
Bu jumlaning ma’nosi «avvalida ham, oxirida ham Bismillah» degani bo‘lib, taomning barakasini qaytaradi va unga shayton sherik bo‘lishini qirqadi.
وَعَنْهَا قَالَتْ: كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَأْكُلُ فِي سِتَّةٍ مِنْ أَصْحَابِهِ فَجَاءَ أَعْرَابِيٌّ فَأَكَلَهُ بِلُقْمَتَيْنِ، فَقَالَ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَمَا إِنَّهُ لَوْ سَمَّى كَفَاكُمْ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.
Yana o‘sha kishidan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘zlarining oltita sahobalari bilan taom yemoqda edilar. Bir a’robiy kelib, ikki luqmada (hammasini) yeb qo‘ydi. Shunda u zot sollallohu alayhi vasallam: «Agar u tasmiya aytganida, hammangizga yetar edi», dedilar» (Termiziy rivoyat qilgan va sahih, degan).
Bu hadisi sharifda har bir odam taomni «Bismillah»ni aytib yesa, u barakali bo‘lishiga dalolat bor.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam va u kishining olti sahobalari albatta «Bismillah»ni aytib, so‘ng taom yeyishni boshlaganlar. Ammo haligi a’robiyning «Bismillah»ni aytmay taom yegani barakani qochirdi.
وَكَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ جَالِسًا وَرَجُلٌ يَأْكُلُ فَلَمْ يُسَمِّ حَتَّى لَمْ يَبْقَ مِنْ طَعَامِهِ إِلَّا لُقْمَةٌ، فَلَمَّا رَفَعَهَا إِلَى فِيهِ قَالَ: بِسْمِ اللهِ أَوَّلَهُ وَآخِرَهُ، فَضَحِكَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ ثُمَّ قَالَ: مَا زَالَ الشَّيْطَانُ يَأْكُلُ مَعَهُ، فَلَمَّا ذَكَرَ اسْمَ اللهِ اسْتَقَاءَ مَا فِي بَطْنِهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ وَالنَّسَائِيُّ.
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan edilar. Bir kishi taom yer edi. U tasmiya aytmadi. Faqat bir luqma taom qolgandagina «Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va:
«Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganida qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar» (Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilganlar).
Bu ham barchamiz uchun dars. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bor joydagi har bir o‘tirish, harakat va sakinat hammaning diqqat e’tiborida bo‘lishi ma’lum.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam o‘tirgan joyda bir odam «Bismillah»ni aytmay, taom tanovul qila boshladi. Hamma damini ichiga yutib, nima bo‘lar ekan, deb kutib turdi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa indamas edilar. Haligi kishi esa taom yeyishda davom etar edi. Endi nima bo‘ladi? Atigi bir luqma taom qolganda birdan esiga tushib qolib:
«Bismillahi avvalahu va axirohu» dedi».
Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam kuldilar va: «Shayton u bilan taom yeb turdi. Allohning ismini zikr qilganda qornidagi narsani qusib yubordi», dedilar».
Demak, taomni «Bismillah»ni aytmay yegan odam bilan birga shayton ham uning taomidan qo‘shilishib yeb turar ekan.
Bu esa ham gunoh, ham taomning barakasini qochirishdir. Shuning uchun bu masalaga juda ehtiyot bo‘lmoq kerak. Mabodo avvalida aytish esdan chiqib qolgan bo‘lsa ham, eslagan zahoti aytish lozim.
Allohning ismini zikr qilib, so‘ng taom yeyishni boshlash islomiy ovqatlanish madaniyatining boshida turadi.
Albatta, taom Alloh taolo tomonidan bandaga beriladigan ulkan ne’mat ekanligi hech kimga sir emas. Doimo Allohni eslab turishi lozim bo‘lgan banda uchun ne’matga erishgan paytda ne’mat beruvchi Zotni eslash zarurati yana ham ortadi. Ana shunday paytda Allohni – ne’mat beruvchi Zotni esidan chiqargan odam xato qilgan bo‘ladi. Agar o‘zi eslab, xatosini to‘g‘rilasa, yaxshi. Agar uning esiga tushmasa, atrofdagilar unga eslatib qo‘yishlari lozim. Chunki Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar.
«Hadis va hayot» kitobi 16-juzidan