O‘tgan asrning saksoninchi yillarida bir kishi Ar-Riyoddan Jiddaga chipta oldi. Kutish zalida ozgina dam olaman, deb uxlab qoldi. Samolyotga chiqish e’lonini eshitmadi. Uyg‘onganida esa yo‘lovchilar allaqachon chiqib bo‘lgan, samolyot eshiklari yopilgan, uchishga hozirlik boshlangan edi.
U odam o‘zidan xafa bo‘lib, juda muhim yo‘ldan qolgani uchun o‘zini koyib turib qoldi. Bir necha daqiqadan keyin uchishga shay bo‘lgan samolyotda yong‘in chiqdi. Yong‘in samolyotni qurshab oldi. Ekipaj aeroportga qaytishga urindi. Lekin yo‘lovchilarni qutqarish uchun tez yordam ulgurmadi. Afsuski, deyarli uch yuz nafar yo‘lovchining bari halok bo‘lgan edi.
Bu mungli voqeadan qilinadigan xulosa shuki, ba’zan shunaqa kechikish va mahrum bo‘lishlar bizni mahzun qiladi. Bir narsani Allohdan so‘rab duo qilasiz-u, u narsa siz xohlaganday bo‘lmaydi! Yoki kutilmaganda sizga yoqmaydigan hodisalar sodir bo‘lib qoladi. O‘shanday paytlarda unutmang – Alloh bizga nima yaxshi ekanini yaxshi biladi. Buni Qur’oni karimda biz bandalariga aytib qo‘ygan:
“…Balkim, sizlar yoqtirmagan narsa (aslida) o‘zlaringiz uchun yaxshi, yoqtirgan narsangiz esa (aslida) sizlar uchun yomon bo‘lib chiqar. Alloh bilur, sizlar esa bilmaysizlar” (Baqara surasi, 216-oyat).
Akbarshoh Rasulov
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV