Muhtaram Prezidentimizning «Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi» g‘oyasi asosida Toshkent viloyatida saxovat tadbirlari davom etyapti.
Bu jarayonda mahallalarda istiqomat qilayotgan ko‘ngli o‘ksik insonlarga quvonchlar ulashilyapti.
Ramazonning to‘rtinchi kuni (4 mart) Angren shahar «Obliq» jome masjidi imom noibi shahar hokimligi mutasaddilari bilan birgalikda «Do‘stlik» hamda «Nishbosh» mahallalarida yashovchi ehtiyojmand kishilarga oziq-ovqat mahsulotlari berildi.
* * *
Toshkent tumani «Hazrati Bilol» jome masjidi imom-xatibi Jahongir Choriyev hududdagi «Zargar» mahallasidagi yetim parvarishlanayotgan, nogironi bor 15 ta xonadonga oziq-ovqatlar yetkazib berishdi.
Tumandagi «Ko‘kterak», «Rahim ota», «Eshonxo‘ja ota» masjidlari imomlari ham homiylarni jalb qilgan holda haqdor oilalarga ehsonlar tarqatdilar.
Tuman imomlari homiylar ko‘magida 80 ta kam ta’minlangan oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdi.
* * *
Yangiyo‘l tumani «Qirsadaq» masjidi imomi Odiljon Narzullayev ham homiylar yordamida muhtoj oilalarga 12 million so‘mlik ehson uyushtirdi.
* * *
Xuddi shunday saxovat ishlari Chirchiq shahri, Chinoz tumani va barcha tumanlar/shaharlarda davom etmoqda.
* * *
Hadisi sharifda: «Saxovat shunday daraxtki, uning ildizlari jannatda, shoxlari dunyoga tushib turadi. Kim uning shoxidan ushlasa, ildizlari (jannat) sari tortadi» (Abu Nuaym, "Hilyatul avliyo"), deya ta’kidlangan.
Alloh taolo ehsonlarni qabul qilsin, savoblarini ko‘paytirib bersin.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Madinai munavvara shahridagi «Zamzam Pullman» mehmonxonasida bo‘lib turgan ziyoratchilar bilan suhbatlashdilar. Yurtdoshlarimizdan sog‘liklari, kayfiyatlari, ibodatlarini qanday ado etayotganlari, mehmonxonadagi sharoitlar haqida fikr-mulohazalarini so‘radilar.
Bo‘lajak hojilar ziyorat va ibodatlarni bekamu ko‘st ado etishlari uchun ko‘rsatilayotgan xizmatlardan nihoyatda mamnunligini bildirishdi. Ayniqsa, mehmonxona Harami sharifga juda yaqinligi yoshi ulug‘ kishilar uchun ham qulay bo‘layotgani, besh mahal namozni Masjidi Nabaviyda ado etishning shukuhi haqida so‘zladilar. Malakali imom-xatiblardan tashkil topgan ellikboshilar, ishchi guruhi, shifokorlar tunu-kun shay turishganini alohida e’tirof etishdi.
Muqaddas zaminda toat-ibodatlarini xotirjam bajarayotgan ziyoratchilar yaqinlari, oila a’zolari qatorida tez-tez el-yurtimiz, davlatimiz rahbari va boshqa mutasaddilar haqlariga duolar qilib, ofiyat va farovonligimiz bardavomligini Allohdan so‘rashmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati