Bu qish otamga juda og‘ir keldi. Oddiygina shamollashni ham ko‘tara olmay, ikki oy to‘shakda yotdi, dori-darmonlarning keti uzilmadi. Aslida kasallik tufayli emas, ikki do‘sti, yaqin jo‘ralaridan ayrilgani og‘ir keldi. Tengdoshlarining birin-ketin qishloqni ham, bu olamni ham tark etayotgani ularni cho‘chityapti. Axir har bir inson hayotida farzandlari qatori do‘stu-og‘aynilarining ham o‘rni bor.
Qish bo‘yi Qo‘qonga tez-tez otamni ko‘rgani borib turdim. Boramanu tezda ortimga qaytaman. Biror kun yotib qol, deyishiga ko‘nmayman. Bolalarim, ro‘zg‘orimni ko‘zim qiymaydi. Ammo ichimda vijdon azobi bor. Otam, men olib borgan narsalarga muhtojmi? Ichsa, bir qoshiq ovqat ichadi, qorni to‘yadi. Nega, otamdan vaqtimni bunchalar qizg‘anyapman? Nega ishimni bahona qilyapman? Ukam parvarish qilayotgan bo‘lsa, uning o‘rni bo‘lak. Men bolalarimga ona bo‘lsamda, dadam uchun farzandmanku. Bolalarimga vaqt ham, muammolarini yechish uchun imkon ham topyapmanku. Bir paytlar otam ham xuddi mendek oilasiga fidoyilik qilganku. Axir, ota-onaga qarash, g‘amxo‘rlik qilish, faqat o‘g‘ilning vazifasi emasku. Qizlar ham birdek mas’ulku!
Xullas, shu kabi savollar meni o‘ylantirib qo‘ydi. Ramazon oyining kirib kelishi esa meni yana qishlog‘im sari yetakladi. Ota-onamni bu yilgi Ramazon oyini biz bilan o‘tkazishga ko‘ndirdim. Ular kelgach, xonadonimga yanada fayz kirdi, xuddiki, barakam ko‘paygandek. Ertalab saharligu, iftorlikda uyimda duogo‘ylarim borligi sabab, ruhim anchayin tetik. Ramazon oyi o‘zaro birdamlik, mehribonlik ko‘rsatiladigan, insonlar bir-birlari haqida qayg‘urib, xato-kamchiliklarini kechiradigan oy ekaniga iymon keltirdim.
O‘tgan kuni ishga kelayotib, imkoniyati cheklangan bir tanishim bilan biroz suhbatlashib qoldim. Onaxonning quvonchini ko‘rib, ko‘nglim ko‘tarildi. Mahalladoshlaridan biri ikkinchi kursda o‘qiyotgan o‘g‘lining ikki yillik shartnoma pulini to‘lab beribdi. Yana bir tanishim esa to‘ng‘ich o‘g‘li beva qolgan opasiga uch xonali uy sovg‘a qilgani, qizi va nevaralari yangi uyga ko‘chib o‘tganini aytib, xursandchiligiga sherik qildi.
Bu voqealarni eshitib, Ramazon oyi xayrli ishlarda hamkorlik qilinadigan, musulmonlar bir-birini qo‘llaydigan oy ekaniga yana bir karra amin bo‘ldim. Bu oyda qariyalar ziyorat qilinib, bemorlardan xabar olinib, muhtojlarga yordam beriladi.
Boshiga musibat tushgan insonlardan ko‘ngil so‘raladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam Ramazonni vasf etib, shunday marhamat qiladilar: «Bu sabr oyi, uning mukofoti esa – jannatdir». Bu muborak oyda musulmonlarga Alloh roziligi uchun mislsiz imkoniyatlar va barakotlar beriladi. Shunday ekan, Ramazon oyi mukofotidan bebahra qolmaylik.
Nigora Rahmonova, O‘zA
Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.
Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.
“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.
Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.
Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.
Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.
Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.
“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.
Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati