Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2026   |   25 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2026, 25 Rajab, 1447

05.03.2025   8252   1 min.
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Yangi ruhiy kasallik: nomofobiya

14.01.2026   154   8 min.
Yangi ruhiy kasallik: nomofobiya

Bismillahir Rohmanir Rohiym

KIRISH

Siz har tongda uyqudan uyg‘oniboq telefoningizni qidirasizmi?

Agar shunday bo‘lsa, siz keng tarqalayotgan xavfli kasallik qarshisida turibsiz. Bu kasallik – nomofobiya deb ataladi.

Nomofobiya – inglizcha “no mobile-phone-phobia” – telefonsizlikdan qo‘rqish. Mobil telefonsiz yoki undan uzoqda qolishdan qo‘rqish (fobiya) hisoblanadi.

 

MAVZUNING DOLZARBLIGI

Psixologlar nomofobiyani giyohvandlik yoki spirtli ichimliklarga qaramlik bilan teng deb baholashmoqda.

Bugun dunyo bo‘yicha 7,2 milliarddan ortiq odam o‘z mobil telefoniga ega. Bu dunyo aholisining 91 foizini tashkil qilishini hisobga olsak, bu kasallikka chalinish soni yuqori ekanini anglash mumkin.

XXI asr epidemiyasi deya ta’riflanuvchi nomofobiya ya’ni telefonga qaramlik kasalligi hozirda ko‘proq yosh bolalar va o‘smirlarda uchramoqda. Ularda asabiylik, o‘jarlik, xotiraning pasayishi, umurtqa pog‘onasi, bo‘yin bilan bog‘liq turli xastaliklarning rivojlanishi ko‘paymoqda.

Aslida gadjetlar bolalarning sevimli “o‘yinchog‘i”ga aylanishiga ayrim ota-onalarning o‘zi sababchi bo‘lmoqda. Zero, bu – xarxasha, injiqliklardan xalos bo‘lishning oson yo‘li. Onalar o‘z telefonlarini bolaga tutqazadilar va bemalol boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘lish mumkin.

Mutaxassislar bolalarning yutub orqali multfilmlar tomosha qilishi ularning aqliy rivojlanishiga xizmat qilmasligini, balki bolaning asab tizimi, uyqusizlik, xotiraning pasayishi kabi holatlarga sabab bo‘lishini aytishadi.

Psixologlardan biri aytadi: “Qabulimga juda ko‘p ota-onalar bolalarini olib kelishadi: ularda darslarni o‘zlashtirishda orqada qolish, o‘rtoqlari bilan chiqisha olmaslik, butun dunyodan, voqelikdan uzilish kuzatiladi.

Eng achinarlisi, ota-ona telefondan foydalanishni taqiqlasa, ularga qo‘l ko‘tarishgacha borayotgan bolalar bor. Shuning uchun 15 yoshgacha bolalarga telefon, gadjetlar olib bermaslik lozim”.

Telefonga mukkasidan ketishning inson salomatligiga boshqa yana ko‘plab salbiy ta’sirlari haqida qator ilmiy tadqiqotlar, aniq fakt va dalillar mavjud. Quyida sizga ularning ayrimlaridan misollarni taqdim etaman:

 

KO‘ZGA TA’SIRI

Telefon ekranlaridan uzoq muddat foydalanish – ko‘rish muammolarini keltirib chiqaradi. Chunki aksariyat hollarda bolalar telefon ekraniga yaqin masofadan tikilib o‘yin o‘ynaydi, video ko‘radi. Bunda ular mijja qoqishni unutadi va natijada ko‘z zo‘riqishni boshlaydi. Bu esa ko‘z olmasining o‘sib ketishi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik (miopiya), g‘ilaylik, ko‘zning surunkali yoshlanishi yoki qizarishi, ko‘z qurib qolish sindromi kabi muammolarga olib keladi.

 

Ko‘z kasalliklari bo‘yicha mutaxassis doktor Malik Xolid aytadi: “Har kuni qorong‘i xonada yarim soat telefon ishlatgan odamning ko‘zlarida rak kasalligi kelib chiqishi kuzatilyapti. Ko‘z qizarib pardani o‘rab oladi, u pardani olib tashlash imkonsizligi uchun bu dard davosiz qolmoqda”.

 

RADIATSIYA TA’SIRI

Telefonlardan chiquvchi radio signallarning salbiy ta’siri kichik yoshdagi bolalar uchun yanada kuchliroq bo‘lib, bu ularda keyinchalik immunitetning pasayishi, asab tizimida muammolar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi.

Ayniqsa, bosh miya to‘qimalari zararlanadi. Ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, uning zarari birdaniga emas, balki oradan 15-20 yil o‘tgachgina namoyon bo‘ladi. Shu sababli ular yaqin kelajakda bosh miya o‘smasi bilan xastalangan yoshlar soni keskin oshib ketadi, deb hisoblashmoqda. Negaki, har kuni atigi 15 daqiqa mobil telefonda gaplashishning o‘zi miyada saraton o‘smasi hosil bo‘lishi uchun yetarlidir.

Xalqaro saraton tadqiqotlari agentligi (IARC) telefonlardan chiquvchi radiatsiyani “tahdidli” deb e’lon qilgan hamda telefondan ortiqcha foydalanish miya rakini va boshqa xastaliklarning xavfini oshirishi mumkinligini aniqlashgan.

 

DIQQATNI JAMLAY OLISHGA, E’TIBORNING PASAYISHIGA SABAB BO‘LADI

AQSH Pediatriya Akademiyasi (AAP) tadqiqotchilari, telefon yosh bolalarning psixik rivojlanish bosqichini keskin o‘zgartirib yuborishi, diqqatni jamlay olish qobiliyati buzilishi, turli psixologik og‘ishlar yuz berishi, hatto pornografik qaramlik keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantiradilar.

 

UYQUSIZLIK, UYQU TIZIMINING BUZILISHI

Telefon ekranidagi yorug‘lik miyaga turli signallar yuboradi, natijada miyaning uyquga kirishi qiyinlashadi.

Harvard Medical Schoolda olib borilgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, kech bo‘lganda telefondan foydalanish uyquni buzadi va insonlarning kun davomidagi faolligini pasaytiradi.


STRЕSS VA DЕPRЕSSIYA

Telefondan ortiqcha foydalanish, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflash, stress va depressiyani oshiradi.

Buyuk Britaniya UnHerd saytining “Ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish insonning ruhiy salomatligini yaxshilaydi” nomli e’lon qilgan maqolada bunday deyiladi:

“Bugun ijtimoiy tarmoqlarda qanday ma’lumotlarni ko‘rganingizni eslashga harakat qiling. Ehtimol, siz hech narsani eslay olmaysiz. Buni ijtimoiy tarmoqlar qisqa va uzoq muddatli xotirani yomonlashtirishi haqidagi ilmiy tadqiqotlar ham tasdiqlaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, ijtimoiy tarmoqlardan voz kechish tufayli insonning ruhiy salomatligi yaxshilanadi” (https://unherd.com/2025/08/were-trapped-in-big-techs-mind-maze/).

 

YECHIM:

Ehtimol yoshlarni bu kasallikdan saqlash uchun maktablarni telefondan foydalanishni qat’iy taqiqlash lozimdir. Zero, bir qancha davlatlarda maktablarda mobil telefonlardan foydalanish taqiqlangan. Masalan, Fransiya, Finlandiya, Xitoy, Italiya va Portugaliya kabi davlatlarda telefondan foydalanish taqiqlanadi.

Xitoyda o‘quvchilar maktabga telefon olib borishsa ham, dars boshlanishidan oldin uni o‘qituvchiga topshirishadi.

Fransiya esa bog‘cha, boshlang‘ich va o‘rta maktablarda smartfonlardan foydalanishni qonunan taqiqlangan. Yana bir ma’lumot: Yaqinda Fransiyaning bir hududida tajriba tariqasida nafaqat maktablarda, balki jamoat joylarida telefondan foydalanish taqiqlandi.

 

DAVO:

Alloh taolo nimaiki dard bergan bo‘lsa, uning davosini ham berib qo‘ygan. Jumladan, ijtimoiy tarmoqqa qaramlikning davosi ham bor. Har qanday dardning asosiy muolajasi parhez bo‘lganidek, internet qaramlik dardining muolajasi ham “parhez”dir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bekorchi narsalarni tark qilish, kishi Islomining go‘zalligidandir”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharif kishi nafsini tarbiyalash va unga odob berish hamda nafsni turli kamchilik va nuqsonlardan saqlashda ulkan asos bo‘lib xizmat qiladi.

Bir maslahat, dam olish kunlari oilaviy telefonni bir necha soatga o‘chirib qo‘yish odatini shakllantiring. Axir bolalar kattalardan o‘rnak olishadi. Asta-sekin bu vaqtni oshirib borish mumkin.

 

XULOSA

Demak, nomofobiya:

Jismoniy zarar – semizlik, uyqusizlik, ko‘zlar zararlanishi, yurak kasalliklari, oshqozon-ichak kasalliklari ko‘payishiga olib keladi.

Ijtimoiy zarar – bunday odamlar yuzma-yuz munosabatlardan qochishadi, virtual hayotda yashashadi va voqelikni qabul qilish qiyinlashadi. Turli qimor o‘yinlariga berilib ketish, oilaviy munosabatlarga putur yetkazish, hayotdan bahra olishdan mahrumlik kelib chiqadi.

Psixologik zarar – depressiyaga tushishi, o‘z joniga qasd qilish, doimiy qo‘rquv va bezovtalik bilan yashashga sabab bo‘ladi.

 

SO‘NGGI SO‘Z

So‘zimizni Hasan Basriy rahmatullohi alayhning ushbu hikmatli so‘zlari bilan yakunlaymiz: “Allohning bandadan yuz o‘girganining alomati – uni manfaatsiz ishga mashg‘ul qilib qo‘yganidir”.

Shunday ekan, g‘animat umringizni bekorchi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bilan o‘tkazib yubormang!

 

Davron NURMUHAMMAD 

Maqolalar