Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ زَيْدِ بْنِ خَالِدٍ الْجُهَنِيِّ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صلى الله عليه وسلم قَالَ: مَنْ فَطَّرَ صَائِمًا كَانَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِهِ، غَيْرَ أَنَّهُ لَا يَنْقُصُ مِنْ أَجْرِ الصَّائِمِ شَيْئًا. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ وَأَحْمَدُ.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Kim ro‘zadorni iftor qildirsa, unga uning ajricha ajr bo‘lur. Shu bilan birga, ro‘zadorning ajridan hech bir narsa kam bo‘lmas», dedilar».
Termiziy va Ahmad rivoyat qilganlar.
Sharh: Bu hadisi sharifda ro‘zador kishi uchun iftorlik berish ulkan savobli ish ekanligi ta’kidlanmoqda. Ro‘za tutgan odamga qancha savob berilsa, uning uchun iftorlik hozirlagan odamga ham shuncha savob berilishi bayon qilinmoqda. Unga ro‘zadorning savobidan olib berilmaydi, balki o‘zi uchun alohida savob beriladi.
Lekin bu o‘zi ro‘za tutmay, ro‘zadorga iftorlik tayyorlab bersa, ro‘za tutgan o‘rniga o‘tadi, degani emas. Ro‘za tutish har bir inson uchun farzdir. Har kim o‘z ro‘zasini o‘zi tutishi kerak. Boshqa hech narsa buning o‘rnini bosa olmaydi. Ro‘zadorga iftorlik berish esa xayr-ehson hisoblanadi, xolos. Buni qilgan odam mana shu amaliga yarasha savob oladi.
عَنْ أُمِّ عِمَارَةَ الْأَنْصَارِيَّةِ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا: أَنَّ النَّبِيَّ صلى الله عليه وسلم دَخَلَ عَلَيْهَا فَقَدَّمَتْ إِلَيْهِ طَعَامًا فَقَالَ: كُلِي، فَقَالَتْ: إِنِّي صَائِمَةٌ، فَقَالَ: رَسُولُ اللهِ صلى الله عليه وسلم: إِنَّ الصَّائِمَ تُصَلِّي عَلَيْهِ الْمَلَائِكَةُ إِذَا أُكِلَ عِنْدَهُ حَتَّى يَفْرُغُوا، وَرُبَّمَا قَالَ حَتَّى يَشْبَعُوا. وَفِي رِوَايَةٍ: الصَّائِمُ إِذَا أَكَلَ عِنْدَهُ الْمَفَاطِيرُ صَلَّتْ عَلَيْهِ الْمَلَائِكَةُ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ بِسَنَدٍ صِحِيحٍ.
Ummu Imora al-Ansoriyya roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirdilar. U ul zotga taom taqdim qildi. U zot sollallohu alayhi vasallam:
«(Sen ham) yegin», dedilar.
«Men ro‘zadorman», dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
«Qachon ro‘zadorning oldida taom yeyilsa, to yeb bo‘lgunlaricha (yoki to‘ygunlaricha) farishtalar ro‘zadorga salovot aytib turadi», dedilar».
Boshqa bir rivoyatda:
«Qachon ro‘zadorning oldida og‘zi ochiqlar taom yesa, farishtalar unga salavot ayturlar», deyilgan.
Termiziy sahih sanad ila rivoyat qilgan.
Sharh: Ushbu hadisda nafl ro‘za haqida so‘z ketayotganligi shubhasiz. Musulmon inson nafl ro‘za tutgan bo‘lsa-yu, uning huzurida og‘zi ochiq kishilar taom yesa, u esa sabr qilib, ro‘zasini davom ettirsa, farishtalarning salovotiga erishar ekan. Bu nafl ro‘za tutib, uni ochib yubormay, oxirigacha yetkazadigan kishilar uchun ulkan bashoratdir.
«Hadis va hayot» kitobi asosida tayyorlandi
Safar oyi qanday oy?
Safar oyi hijriy-qamariy taqvim bo‘yicha (muharramdan keyingi) yilning ikkinchi oyidir.
Safar qanday ma’noni anglatadi?
Bu oy mevalar g‘arq pishib, barglar sarg‘aygan vaqtga to‘g‘ri kelgani uchun safar صفر – “sariq oy” deb nomlangan. Agar safar so‘zidagi “sod (ص)” harfi “sin (س)” bilan yozilsa “safarga chiqmoq”degan ma’noni anglatadi.
Safar oyi Islomdan oldingi johiliyat davrida.
Johiliyat davrida “Safar oyida yangi ish boshlab bo‘lmaydi, safarga chiqib bo‘lmaydi, oila qurib bo‘lmaydi” kabi shumlanishlar urf bo‘lgan. Hatto biror ishga kirishishdan oldin qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, yaxshilikka yo‘yib, ishga kirishishar, chap tomonga uchsa, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, bordi-yu to‘g‘riga uchsa, qaytadan uchirib ko‘rishar edi.
Islom dini kelgandan keyin safar oyi – “Yaxshilik oyi” deb nomlandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam: “Kasallik yuqishi yo‘q, boyqush yo‘q, nav’u yo‘q va safar yo‘q”, dedilar.
Safar oyi to‘g‘risidagi turli bid’at-xurofotlar rad etildi. Oylarning hammasi Alloh taoloning oylari ekani e’lon qilindi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safar oyini qanday o‘tkazganlar?
1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madina shahridagi “Masjidun Nabaviy”masjidlarini safar oyida qurganlar.
2. Qizlari Fotimai Zahro roziyallohu anhoni Hazrat Ali roziyallohu anhuga safar oyida nikohlaganlar.
3. Aynan shu oyda safarga chiqib, Xaybar qal’asini fath qilganlar.
Demak, bu oyda yangi ish boshlash, oila qurish va safarga qilish joiz ekan.
Ammo, hozirgi kunda…
Afsuski, bugungi kunda ham “safar oyida ish boshlash, to‘y qilish, safarga chiqish xosiyatsiz” degan gaplar tez-tez uchrab turadi. Ularning hech qanday asosi yo‘q ekani Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadislari va sunnatlaridan ma’lum bo‘ldi.
Eng muhimi – bandaga yetadigan musibat biror oyga bog‘liq bo‘lmaydi. Balki har bir yaxshilik ham, yomonlik ham faqatgina Alloh taoloning izni bilan sodir bo‘ladi. Taqdirga iymon keltirish dinimizning asoslaridan biridir. Inson boshiga tushadigan barcha yaxshilik va yomonliklarni taqdirdan deb bilmog‘i lozim. Alloh taolo: “(Insonga) biror musibat yetgan bo‘lsa, albatta, Allohning izni (irodasi) bilangina (yetur). Kimki Allohga iymon keltirsa, (U) uning qalbini to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur. Alloh har narsani biluvchidir” (Tag‘obun surasi, 11-oyat), deb marhamat qilgan.
Alloh taolo aqidamizni mustahkam, hidoyatida bardavom qilsin. Safar oyini barchamiz uchun xayrli va barakali bo‘lishini nasib etsin.
Davron NURMUHAMMAD