Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Mo‘min-musulmon inson kundalik hayotida dunyo va oxirat saodatiga musharraf qiluvchi eng muhim rejalarni tuzib, shu asosda ish yuritishi lozim. Quyida kundalik hayotimiz uchun muhim bo‘lgan qonun-qoidalarni sanab o‘tamiz:
– Namozlarni sunnat va nafllari bilan birga vaqtida ado etish.
– Zikrlarni vaqti va muayyan sababiga ko‘ra vazifa qilib ado etish.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salavot, tasbeh, tahmid, tahlil va takbir kabi mutlaq zikrlarni va boshqalarni ado etib borish.
– Qur’ondan kundalik virdlarni o‘qib borish va kamroq bo‘lsa-da, yod olish.
– Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan o‘qish yoki eshitishni vird, vazifa qilib olish.
– Dushanba va payshanba kunlari hamda qamariy hisobning ma’lum kunlarida qodir bo‘lgancha nafl ro‘za tutish.
– Ilmiy majlis, va’z eshitish yoki ruhiy tarbiya kitoblaridan o‘qish.
– Qodir bo‘lguningcha kunlik sadaqa, ehson chiqarish.
– Oila, do‘st-birodarlar bilan yaqin munosabatda bo‘lish, qo‘ng‘iroqlashib bo‘lsa-da, aloqada bo‘lib turish.
– O‘n oyat o‘qib ham ikki rakat tahajjudni hamda vitr namozini ado etish.
– Ko‘zni tiyish, kam so‘zlash, gina, kek saqlashni tark etish, foydali narsa bilan mashg‘ul bo‘lish.
– O‘limni eslash qalbni isloh bo‘lishida muhim turtki bo‘luvchi sababdir.
– Oila a’zolar, farzandlar bilan birga o‘tirish, ularga chiroyli muomalada bo‘lish, kenglik qilib berish va ular ko‘ngliga surur va xursandlik kiritish.
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV