Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
اللَّهُمَّ إِنَّ لَكَ نَسَمَاتَ لُطْفٍ إِذَا هَبَّتْ شَفَتْ مَرِيْضَ غَفْلَةٍ، وَإِنَّ لَكَ نَفَحَاتٍ
إِذَا تَوَجَّهَتْ إِلَى أَسِيْرِ هَوًى أَطْلَقَتْهُ، وَإِنَّ لَكَ عِنَايَاتٍ إِذَا لَاحَظْتَ غَرِيْقًا فِي بَحْرِ الضَّلَالَةِ أَنْقَذْتَهُ، وَإِنَّ لَكَ لَطَائِفَ كَرَمٍ إِذَا ضَاقَتِ الحَيْلَةُ بِمُذْنِبٍ وَسِعَتْهُ، وَإِنَّ لَكَ
فَضَائِلَ وَنِعَمًا إِذَا تَحَوَّلَتْ إِلَى فَاسِدٍ أَصْلَحْتَهُ، وَإِنَّ لَكَ نَظَرَاتَ رَحْمَةٍ إِذَا نَظَرْتَ بِهَا إِلَى غَافِلٍ أَيْقَظْتَهُ.
Allohim, Sening lutfingni yengil shamoli bor. Agar u esadigan bo‘lsa, g‘aflat kasalidagi odamga shifo beradi.
Albatta, Sening tortiq qiladigan narsalaring bor, agar uni havoyi nafsiga asir bo‘lganga tavajjuh qilsang, uni bu asirlikdan ozod qilasan.
Albatta, Sening inoyatlaring bor, agar u bilan zalolat dengiziga g‘arq bo‘lganga qarasang, uni qutqarasan.
Albatta, Sening karamingni lutflari bor, agar bir gunohkor banda torchilikka tushsa, uni kengchilikka olib chiqadi.
Albatta, Sening fazilat va ne’matlaring bor, agar ular fosidga aylansa, uni to‘g‘rilaysan.
Albatta, Sening rahmat nazarlaring bor, agar u bilan bir g‘ofilga nazar solsang, uni g‘aflatidan uyg‘otasan.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi