Shu yil 6 fevral kuni viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov “Ochiq eshiklar” kuni munosabati bilan fuqarolarni qabul qildi. Turli masalalar yuzasidan murojaat qilgan kishilarning savollari diqqat bilan tinglanib, ularga atroflicha javoblar berildi.
Shuningdek, viloyatimizdagi masjidlarda ham imom-xatiblar tomonidan fuqarolarni qabul qilish jarayonlari davom etmoqda. Bu esa jamoatchilik bilan yaqin muloqotni mustahkamlash, insonlarning savol va muammolariga o‘z vaqtida yechim topishga xizmat qiladi.
Fuqarolar murojaatiga e’tibor – jamiyat taraqqiyoti va birdamligining muhim omillaridan biridir!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Savol: Farzandim davolanish uchun xorijga ketgan edi. Men agar bolam tuzalib kelsa, tilla taqinchoqlarimni sadaqa qilaman, deb nazr qilgan edim. Alhamdulillah, tuzalib keldi. Sadaqa qilaman, deb tursam, qaynonam, taqinchoqlaringiz toza tilladan, uni menga soting va pulini sadaqa qilaverasiz, deb talab qilmoqda. Nima qilsam, to‘g‘ri ish qilgan bo‘laman?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Mazhabimizda zakot, fitr sadaqasi, ushr va nazr kabi vojib sadaqalarda, ularning qiymatini berish mumkin. Shu bois siz ham tillangizning o‘zini yoki sotib, pulini sadaqa qilsangiz ham bo‘ladi. Faqat sotishda, bozordagi narxi e’tiborga olinadi. Undan kam narxga sotish mumkin emas.
Kam narxga sotsangiz, tafovutini o‘zingizdan qo‘shib sadaqa qilishingiz lozim bo‘ladi. Masalan, tilla taqinchoqlaringiz narxi nazrni ado qilish kunlarida bozorda 10 million so‘m bo‘lsa, lekin tanishim yoki yaqin insonim deb, 8 millionga sotsangiz, yoniga 2 million qo‘shib, sadaqa qilasiz va shu bilan nazringizdan qutilasiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi