Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Doimo ilm yo‘lida ayrim mashaqqatlar, to‘siqlar yoki chalg‘ituvchi omillar bo‘lgan. Ayniqsa, hozirda fan-texnika rivojlangan, ilm olishga imkoniyatlar keng ochilgan zamonda turli vositalar kishilarni ilmdan o‘z nasibalarini olishlaridan to‘siq bo‘lmoqda. Natijada, ko‘pchilikning ilm tahsilida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani yoki e’tiborsizligini ko‘rasiz. Hatto ba’zan, ilmda ma’lum darajaga yetgan, lekin o‘zidan qoniqish hosil qilib, yo‘lida to‘xtab qolganlar ham bor. Bu holat dunyoning barcha nuqtalaridagi achinarli muammodir.
Ilm yo‘lidagilardan ba’zilari xalqaro ilmiy daraja(doktorlik)ni qo‘lga kiritgach “chuqur uyquga” ketadilar. Natijada bu yakuniy xotima, orzuning nihoyasi bo‘lib, ular “doktor falon joyga bordi..., doktor chiqdi..., doktor kirdi..., doktor safar qildi..., doktor qaytdi... va hokazolar bilan xursand bo‘ladilar. Ulardan ba’zilarining himmati faqat nomzodlik dissertatsiyasi uchun harakatlanadi. Kimni umidlarining cho‘qqisi “ustoz”lik bo‘lsa, va o‘zini insonlarning eng bilimdoni sanasa, bas u qalam va kitob bilan dushman tutinadi. Hamda o‘zini boshqalar ustidan boshliq deb biladi. Bundaylarning soni kam emas. Balki men ularning universitetlar ustozlari orasida ko‘pchilikni tashkil qiladi deyishga botina olaman. Siz bundan o‘zingizni tiying.
Tadqiqotchi farzandlarimdan biri men haqimda o‘qib hayratlangani meni ushbularni yozishga undadi. Hayrat bilan huzurimga kelganida unga: “Sen menga ergashishdan tiyilgin. Chunki, men qancha vaqtlarni zoye qildim, ilmda qancha sustkashliklarga yo‘l qo‘ydim. Ilm xizmatida bo‘lishga salohiyatli emasman. Bu yo‘lda o‘zim xohlagan narsaning ozginasinigina yuzaga chiqara oldim xolos” degan edim o‘g‘lim ham, uning sherigi ham yana taajjublandi. Men unga: “Ey o‘g‘ilcham, noto‘g‘ri taqqoslash mag‘rurlikka olib keladi. Biz boshqa ulamolarning oldida qaydamiz-u... Johiz rahmatullohi alayh o‘z hayoti haqidagi bebaho ibratli holatni aytgan; Abul Abbos Mubarrad aytadi: “Men Johizning shunday deganini eshitganman: “Mening chap tomonim falaj bo‘lib qoldi. (Falaj-badanning bir qismida uchraydigan kasallik bo‘lib, unda his qilish va harakat bo‘lmaydi) Agar uni qaychi bilan kesilsa ham, sezmayman. O‘ng tomonimda esa yana og‘ir dard (Oyoq barmoqlari va to‘piq bo‘g‘imlarining shishi va og‘rig‘i. Ko‘proq bosh barmoqda shunday bo‘ladi). Agar menga pashsha qo‘nsa ham qattiq og‘riq berardi. Menda tosh bo‘lib u bilan siydik osonlikcha kelmasdi. Mendagi bundanda mashaqqatlirog‘i 96 yoshga yetganimdir(ya’ni, qarilik)” dedi. U zot turli ilmlarni jamlangan va noyob fikrlarni qaydlangan 4000 sahifadan ziyod bo‘lgan “al-Hayvan” kitobini mana shu holatda bitgan.
Men talabalar va ahli ilmlarni o‘z hollarini to‘g‘ri qiyoslashlariga chaqiraman, o‘zlarini dankasa, chorasiz kishilarga taqqoslamasinlar. Balki o‘zlarini oliy himmatli, rozi bo‘linadigan nafs va anglovchi qalb egalari bilan solishtirsinlar. Darhaqiqat, men o‘z kamchiliklarimni taftish qildim. Aytdimki: “Vaqt eng qimmatbaho ne’mat. Agar ilm uchun har kuni to‘rt soat, yashash va undagi ishlarga esa yigirma soat ajratsam undan uch soatini o‘qishga, bir soatni esa kitob yozishga sarflasam bir yil mobaynida o‘qish va yozishda qanday natija hosil bo‘ladi?! Har kuni yozish uchun belgilangan vaqtda bir betdan kitob yozsam bir yilda 365, ya’ni 400 betga yaqin kitob bo‘ladi. Bu bir yilda eng kamida shuncha. Ey doktor, ey ustoz siz ham o‘zingizni shunday tekshirib ko‘ringchi ozgina bo‘lsada shu kabi ishni qilganmisiz? Shunda o‘zingizni maxluqotlarning ojizrog‘i ekaningizga ishonch hosil qilasiz. Ehtimol o‘zingizdan uyalarsiz va umringizdan qolgan narsani anglab yetarsiz. Men ishonamanki, bu kabi o‘zini taftish qilish tavbani, ilm talabi va uning xizmatida Alloh sizni yuksaltirib qo‘ygan o‘rinda kamchilikka yo‘l qo‘ymayslik va kunlik vazifa rioyasida sobit turishni taqozo qiladi. O‘qish uchun belgilangan vaqtda kamida har soatda 20 sahifadan yaxshi tushunib o‘qisangiz uch soatda 60 sahifa, bir yilda 1095 soat mobaynida 21900 sahifa o‘qiysiz. Ey doktor, ey ustoz siz buni umringiz yillariga va o‘qish va kitob ta’lifidan hosil qilgan ishlaringizga solishtirib ko‘ring albatta, ilm haqqini ado qilishda katta xatoga yo‘l qo‘yganingizni bilasiz. Demak, siz o‘zingizni hisob-kitob qilishingiz lozim. Shoyad, ilm uchun tavoze’lik bilan rizqlansangiz. Zero, olim o‘zini taftish qilishidan ko‘ra yuksakroq va qimmatliroq narsa yo‘qdir”.
Darhaqiqat, ulamolar nafslarini mana shunday holatda, taftish qilib uning o‘z egasini behuda ishlar, ko‘ngilxushlik va o‘yin-kulgilarga doimiy tarzda tortqilab turishini nazorat qilganlar. Shunday ekan, Imom Suyutiyning 500dan ziyod kitob va ularning ichida ilmning turli jabhalarini keng qamrab olgan qomusni bitganligi hayratlanarli emas. U zot oltmish ikki yil yashagan va uni ilmda o‘tkazib hatto uylanish, hayotiy ishlarni ham keyingi o‘ringa qo‘ygan. Bu borada shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayh “Ilmni uylanishdan afzal ko‘rgan ulamolar” nomli 500 sahifadan ko‘proq hajmda kitob yozgan. Bu kabi buyuk zotlardan Imom Suyutiy va qisqagina qirq yil umr kechirib juda ko‘p kitoblarni ta’lif qilib qoldirgan Imom Navaviyni, yoshligida vafot etgan “Al-Kitab” kitobining muallifi Sibavayhni, o‘n sakkiz yoshlarida qisqagina umrlarini ilmga bag‘ishlagan ulamolarning siyratlariga oid ajoyib asar “At-tarixu al-kabir” hamda “Sahihul Buxoriy” asarlarini yozgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhlarni keltirish mumkin. Bu zotlarning hayotlari zamonlar osha insonlar orasida zikr qilingan va yana shunday bo‘lib qoladi. Ayni paytda ilmga intilgan har bir kishi ulamolar hayotini o‘qib o‘rganishi va ularning bosib o‘tgan yo‘llaridan o‘ziga namuna qilib olishi lozim. Zero, hukamolar aytganidek: “Yetuklarni tanimagan kas, aslo aslo yetuk bo‘lolmas”.
Doktor Ibrohim Hudhud[1]ning “Iyqozi himami ahlil a’fiya biqroati siyari zavil himamil a’liya” kitobdan Muhammad Zarif Muhammmad Olim o‘g‘li tarjimasi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li
[1] Doktor Ibrohim Saloh Sayyid Sulaymon Hudhud 1964-yilda tavallud topgan. Qohiradagi Al-Azhar universiteti arab tili fakulteti ustozi, Al-Azhar universitetining sobiq Raisi, Islomiy tadqiqotlar uyushmasi a’zosi. Qur’on ilmlari, arab tili va balog‘at fanlariga oid qirqqa yaqin kitob va risolalar muallifi.
Makkada bo‘lib o‘tayotgan 46-Saudiya xalqaro qorilar musobaqasining ikkinchi kunida 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol musobaqa qatnashchilari o‘zaro bellashdi.
IQNA "Saudiya axborot agentligi"ga tayanib xabar berishicha, Makkada Saudiya Arabistoni Islom ishlari, da’vat va hidoyat vazirligi shafeligida o‘tkazilgan tanlovning final bosqichi turli mamlakatlardan kelgan erkaklar va ayollar ishtirokida davom etdi.
Tadbirning ikkinchi kunida erkaklar va ayollardan iborat hakamlar hay’ati 28 mamlakatdan 33 nafar erkak va ayol ishtirokchining Qur’on tilovatiga baho berdi.
Ikki bosqichda, ertalab va kechqurun o‘tkazilgan hakamlar hay’ati Katta masjid hovlisida 17 nafar erkak va tanlov o‘tkaziladigan joydagi ayollar bo‘limida 16 nafar ayolni o‘z ichiga oldi. Shunday qilib, birinchi va ikkinchi kunlarda erkaklar va ayollar hay’ati oldida yangragan chiqishlarning umumiy soni 40 dan ortiq mamlakatdan 66 taga yetdi.
Tadbir kelasi payshanbagacha (2026 yil 20 avgust) davom etadi, bu ishtirokchilarning Saudiya Arabistonidan jo‘nab ketish kuni bo‘ladi. Qur’on ilmlari, qiroat va qiroat qoidalari bo‘yicha erkak va ayol mutaxassislardan iborat hakamlar guruhi elektron hakamlik tizimidan foydalangan holda chiqishlar, qorilar va matnni yod olgan ijrochilarni baholaydi, bu esa baholashning aniqligini oshiradi va turli yo‘nalishlarda adolatni ta’minlaydi.
Ayni paytda 133 mamlakatdan 334 nafar erkak va ayol besh yo‘nalishda, jumladan, yetti xil qiroat asosida Qur’oni Karimni to‘liq yodlash (qiroat va nazariy bilimlarni, shuningdek, tajvid qoidalarini a’lo darajada bajarish va rioya qilishni o‘z ichiga oladi); a’lo darajada ijro etish, tajvidga rioya qilish va so‘zlarni sharhlash bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan Qur’oni Karimni to‘liq yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket o‘n beshta juzni yodlash; a’lo darajada ijro etish va tajvidga rioya qilish bilan ketma-ket beshta juzni yodlash bo‘yicha bellashmoqda.
Tadbir 6 avgust kuni boshlangan bo‘lib, uning maqsadi yosh musulmonlarni Qur’onni yodlash va tushunishga, oyati karimalar ustida mulohaza yuritishga va halol raqobatni yaratishga undashdir.
Ushbu musobaqada u boshlanganidan beri rekord darajadagi ishtirokchilar - 133 mamlakatdan 334 kishi ishtirok etdi va umumiy sovrin jamg‘armasi 10 260 000 saudiya rialini tashkil etdi, bu musobaqa boshlanganidan beri eng yuqori miqdordir.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini "Mir Arab" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, "Sayyid Muhiddin maxdum" o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti hamda "Xadichai Kubro" qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabalari himoya qilishi haqida avval xabar berilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati