Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447
Maqolalar

"Chuqur uyquga" ketadigan olim bo‘lmang!

06.03.2025   5236   7 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Doimo ilm yo‘lida ayrim mashaqqatlar, to‘siqlar yoki chalg‘ituvchi omillar bo‘lgan. Ayniqsa, hozirda fan-texnika rivojlangan, ilm olishga imkoniyatlar keng ochilgan zamonda turli vositalar kishilarni ilmdan o‘z nasibalarini olishlaridan to‘siq bo‘lmoqda. Natijada, ko‘pchilikning ilm tahsilida sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgani yoki e’tiborsizligini ko‘rasiz. Hatto ba’zan, ilmda ma’lum darajaga yetgan, lekin o‘zidan qoniqish hosil qilib, yo‘lida to‘xtab qolganlar ham bor. Bu holat dunyoning barcha nuqtalaridagi achinarli muammodir. 

Ilm yo‘lidagilardan ba’zilari xalqaro ilmiy daraja(doktorlik)ni qo‘lga kiritgach “chuqur uyquga” ketadilar. Natijada bu yakuniy xotima, orzuning nihoyasi bo‘lib, ular “doktor falon joyga bordi..., doktor chiqdi..., doktor kirdi..., doktor safar qildi..., doktor qaytdi... va hokazolar bilan xursand bo‘ladilar. Ulardan ba’zilarining himmati faqat nomzodlik dissertatsiyasi uchun harakatlanadi. Kimni umidlarining cho‘qqisi “ustoz”lik  bo‘lsa, va o‘zini insonlarning eng bilimdoni sanasa, bas u qalam va kitob bilan dushman tutinadi. Hamda o‘zini boshqalar ustidan boshliq deb biladi. Bundaylarning soni kam emas. Balki men ularning universitetlar ustozlari orasida ko‘pchilikni tashkil qiladi deyishga botina olaman. Siz bundan o‘zingizni tiying.

Tadqiqotchi farzandlarimdan biri men haqimda o‘qib hayratlangani meni ushbularni yozishga undadi. Hayrat bilan huzurimga kelganida unga: “Sen menga ergashishdan tiyilgin. Chunki, men qancha vaqtlarni zoye qildim, ilmda qancha sustkashliklarga yo‘l qo‘ydim. Ilm xizmatida bo‘lishga salohiyatli emasman. Bu yo‘lda o‘zim xohlagan narsaning ozginasinigina yuzaga chiqara oldim xolos” degan edim o‘g‘lim ham, uning sherigi ham yana taajjublandi. Men unga: “Ey o‘g‘ilcham, noto‘g‘ri taqqoslash mag‘rurlikka olib keladi. Biz boshqa ulamolarning oldida qaydamiz-u... Johiz rahmatullohi alayh o‘z hayoti haqidagi bebaho ibratli holatni aytgan;  Abul Abbos Mubarrad aytadi: “Men Johizning shunday deganini eshitganman: “Mening chap tomonim falaj bo‘lib qoldi. (Falaj-badanning bir qismida uchraydigan kasallik bo‘lib, unda his qilish va harakat bo‘lmaydi) Agar uni qaychi bilan kesilsa ham, sezmayman. O‘ng tomonimda esa yana og‘ir dard (Oyoq barmoqlari va to‘piq bo‘g‘imlarining shishi va og‘rig‘i. Ko‘proq bosh barmoqda shunday bo‘ladi). Agar menga pashsha qo‘nsa ham qattiq og‘riq berardi. Menda tosh bo‘lib u bilan siydik osonlikcha kelmasdi. Mendagi bundanda mashaqqatlirog‘i 96 yoshga yetganimdir(ya’ni, qarilik)” dedi.    U zot turli ilmlarni jamlangan va noyob fikrlarni qaydlangan 4000 sahifadan ziyod bo‘lgan “al-Hayvan” kitobini mana shu holatda bitgan.

Men talabalar va ahli ilmlarni o‘z hollarini to‘g‘ri qiyoslashlariga chaqiraman, o‘zlarini dankasa, chorasiz kishilarga taqqoslamasinlar. Balki o‘zlarini oliy himmatli, rozi bo‘linadigan nafs va anglovchi qalb egalari bilan solishtirsinlar. Darhaqiqat, men o‘z kamchiliklarimni taftish qildim. Aytdimki: “Vaqt eng qimmatbaho ne’mat. Agar ilm uchun har kuni to‘rt soat, yashash va undagi ishlarga esa yigirma soat ajratsam undan uch soatini o‘qishga, bir soatni esa kitob yozishga sarflasam bir yil mobaynida o‘qish va yozishda qanday natija hosil bo‘ladi?! Har kuni yozish uchun belgilangan vaqtda bir betdan kitob yozsam bir yilda 365, ya’ni 400 betga yaqin kitob bo‘ladi. Bu bir yilda eng kamida shuncha. Ey doktor, ey ustoz siz ham o‘zingizni shunday tekshirib ko‘ringchi ozgina bo‘lsada shu kabi ishni qilganmisiz? Shunda o‘zingizni maxluqotlarning ojizrog‘i ekaningizga ishonch hosil qilasiz. Ehtimol o‘zingizdan uyalarsiz va umringizdan qolgan narsani anglab yetarsiz. Men ishonamanki, bu kabi o‘zini taftish qilish tavbani, ilm talabi va uning xizmatida Alloh sizni yuksaltirib qo‘ygan o‘rinda kamchilikka yo‘l qo‘ymayslik va kunlik vazifa rioyasida sobit turishni taqozo qiladi. O‘qish uchun belgilangan vaqtda kamida har soatda 20 sahifadan yaxshi tushunib o‘qisangiz uch soatda 60 sahifa, bir yilda 1095 soat mobaynida 21900 sahifa o‘qiysiz. Ey doktor, ey ustoz siz buni umringiz yillariga va o‘qish va kitob ta’lifidan hosil qilgan ishlaringizga solishtirib ko‘ring albatta, ilm haqqini ado qilishda katta xatoga yo‘l qo‘yganingizni bilasiz. Demak, siz o‘zingizni hisob-kitob qilishingiz lozim. Shoyad, ilm uchun tavoze’lik bilan rizqlansangiz. Zero, olim o‘zini taftish qilishidan ko‘ra yuksakroq va qimmatliroq narsa yo‘qdir”.

Darhaqiqat, ulamolar nafslarini mana shunday holatda, taftish qilib uning o‘z egasini behuda ishlar, ko‘ngilxushlik va o‘yin-kulgilarga doimiy tarzda tortqilab turishini nazorat qilganlar. Shunday ekan, Imom Suyutiyning 500dan ziyod kitob va ularning ichida ilmning turli jabhalarini keng qamrab olgan qomusni bitganligi hayratlanarli emas. U zot oltmish ikki yil yashagan va uni ilmda o‘tkazib hatto uylanish, hayotiy ishlarni ham keyingi o‘ringa qo‘ygan. Bu borada shayx Abdulfattoh Abu G‘udda rahmatullohi alayh “Ilmni uylanishdan afzal ko‘rgan ulamolar” nomli 500 sahifadan ko‘proq hajmda kitob yozgan. Bu kabi buyuk zotlardan Imom Suyutiy va qisqagina qirq yil umr kechirib juda ko‘p kitoblarni ta’lif qilib qoldirgan Imom Navaviyni,  yoshligida vafot etgan “Al-Kitab” kitobining muallifi Sibavayhni, o‘n sakkiz yoshlarida qisqagina umrlarini ilmga bag‘ishlagan ulamolarning siyratlariga oid ajoyib asar “At-tarixu al-kabir” hamda “Sahihul Buxoriy” asarlarini yozgan Imom Buxoriy rahmatullohi alayhlarni keltirish mumkin. Bu zotlarning hayotlari zamonlar osha insonlar orasida zikr qilingan va yana shunday bo‘lib qoladi. Ayni paytda ilmga intilgan har bir kishi ulamolar hayotini o‘qib o‘rganishi va ularning bosib o‘tgan yo‘llaridan o‘ziga namuna qilib olishi lozim. Zero, hukamolar aytganidek: “Yetuklarni tanimagan kas, aslo aslo yetuk bo‘lolmas”.

Doktor Ibrohim Hudhud[1]ning “Iyqozi himami ahlil a’fiya biqroati siyari zavil himamil a’liya” kitobdan Muhammad Zarif Muhammmad Olim o‘g‘li tarjimasi.

 

Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li

 

 


[1] Doktor Ibrohim Saloh Sayyid Sulaymon Hudhud 1964-yilda tavallud topgan. Qohiradagi Al-Azhar universiteti arab tili fakulteti ustozi, Al-Azhar universitetining sobiq Raisi, Islomiy tadqiqotlar uyushmasi a’zosi. Qur’on ilmlari, arab tili va balog‘at fanlariga oid qirqqa yaqin kitob va risolalar muallifi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

25.06.2025   1450   2 min.
Feyk xabar tarqatish yolg‘onga sheriklikdir

Bugungi kunda axborot tarqatish imkoniyati har bir insonda mavjud. Birgina so‘z, aloqa qurilmalaridagi birgina harakat butun jamiyatda shov-shuv, vahima keltirib chiqarishi mumkin. Anglamay yoki o‘yinqaroqlik bilan yoki maqsadli yolg‘on axborot tarqatish hollari ko‘p kuzatilmoqda. Xususan, din va e’tiqod kabi nozik masalalarda tarqatilayotgan feyk xabarlar nafaqat shaxsiy xatolik, balki jamiyatga salbiy ta’sir o‘tkazuvchi umumiy mas’uliyat hamdir.

Yolg‘on gapirish og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Rostgo‘ylikni mahkam tutinglar. Zero, rostgo‘ylik ezgulikka yo‘llaydi, ezgulik esa jannatga boshlaydi. Kishi rost gapirish va rostgo‘ylikka intilishda davom etaveradi, natijada Alloh huzurida rostgo‘y deb yoziladi. Yolg‘onchilikdan saqlaninglar. Zero, yolg‘onchilik gunohkorlikka, fojirlik esa do‘zaxga boshlaydi. Banda yolg‘on gapirish va yolg‘onchilikka intilishda davom etaveradi, nihoyat Alloh huzurida yolg‘onchi deb yozilad”, dedilar. (Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati).

Shunday ekan, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan axborotni tarqatish qat’iy man qilingan.

Feyk xabar tarqatishning ko‘plab salbiy oqibatlari bor:

  1. Jamiyatda fitna keltirib chiqaradi – noto‘g‘ri ma’lumot odamlar o‘rtasida ishonchsizlik, gumon va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi;
  2. Dinning mavqeyini tushiradi – to‘g‘ri tushunchalarni buzib ko‘rsatadi, e’tiqod qiluvchilarni adashtiradi;
  3. Rasmiy diniy muassasalarga nisbatan ig‘vo va ishonchsizlikni keltirib chiqaradi – feyk xabarlar ba’zan taniqli rasmiy diniy mas’ullar nomidan soxta fatvo va bayonotlar sifatida tarqatiladi;
  4. Jinoyatga olib boradi – ba’zi hollarda feyk xabarlar odamlarni tajovuzkor harakatlarga undaydi.

Qur’oni karimning Hujurot surasi 6-oyatda shunday marhamat qilinadi:

“Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmay bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo‘lmanglar”.

Feyk, yolg‘on xabarlardan ehtiyot bo‘lish kerakligini Qur’oni karim ta’kidlamoqda. Demak, har qanday xabarni tekshirish va ehtiyot bilan yondoshish kerak.

Rost xabarni qanday ajratish mumkin:

  • Rasmiy axborot manbalariga tayanish;
  • Sarlavhasi emas, mazmuniga e’tibor berish;
  • Tarqatayotgan shaxs yoki sahtfalarni tekshirib ko‘rish;
  • Mutaxassislarga murojaat qilish.

Har bir xabar – tarqatuvchi uchun ham, undan foydalanuvchi uchun ham mas’uliyat. Aloqa vositalari va ijtimoy tarmoqlarga joylayotgan post bilan yo to‘g‘rilikni targ‘ib qilish, yoki odamlarni chalg‘itish mumkin.

Shunday ekan, feyk axborot tarqatish og‘ir ma’naviy jinoyatdir. Har bir musulmon bunday xatarli holatdan o‘zini va boshqalarni saqlashi lozim.

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

jome masjidi imom-xatibi Shermuhammad Boltayev

MAQOLA