O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani "Batosh" jome masjidi imom-xatibi Shavkat domla Qurbonovning vafoti munosabati bilan marhumning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, iymonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Din rivoji, xalq ma’rifati va Vatan ravnaqi yo‘lida qilgan barcha xizmatlarini Alloh qabul aylasin!
Haq taolo marhum domlaning ahli oilasi, farzandu arjumandlari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Shavkat domla Qurbonovning oila a’zolari, yor-birodarlari, safdoshlari va yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Muslim.uz
Joriy yilning 12–15 oktyabr kunlari Toshkent shahrida Yevropa Ittifoqi, BAAning “HEDAYAH” xalqaro markazi, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va X-Media jamoasi hamkorligida mamlakatimizning din va jamoat yetakchilari uchun maxsus seminar-trening o‘tkazildi.
Boshqa jamoat tashkilotlari qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidan 25 nafar ishtirokchi qatnashgan mazkur trening zamonaviy media texnologiyalari, sun’iy intellektdan mas’uliyat bilan foydalanishga bag‘ishlandi.
Seminar davomida nazariyadan amaliyotga o‘tgan ishtirokchilar video kontent yaratish, ssenariy yozish, faktlarni tekshirish, raqamli platformalarda auditoriyani jalb etish bo‘yicha o‘z bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlab olishdi.
Bu kabi seminar-treninglar zamonaviy media imkoniyatlaridan oqilona foydalanib, jamiyat bilan muloqotni yanada samarali, mazmunli va ishonchli yo‘lga qo‘yishda juda foydali ekani bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati