Cavol: Vafot etib ketgan ota-onalarning zimmasida tutilmagan ro‘zalari qolgan bo‘lsa, uni qanday ado etish mumkin?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Mazhabimiz ulamolari nazdida vafot etgan kishilarning nomidan ro‘za tutib bo‘lmaydi, balki, valiylari tomonidan ularning ro‘za tutishdan ojiz bo‘lgan har bir kunlari uchun fidya (bir miskinning bir kunlik taomi yoki shu miqdoridagi mablag‘) beriladi.
Bu haqda fiqhiy manbalarimizda bunday deyiladi: “Agar (bemor) tuzalib yoki (musofir) uyiga qaytib bir muddat yashab vafot etsa, merosxo‘rlari mayyitning yashagan kunlari uchun fidya beradilar” (“Muxtasarul viqoya”).
Agar Ramazon ro‘zasini kasallik yoki safarni uzoq davom etgani sababli tuta olmasa va vafot etsa unga qazosi vojib bo‘lmaydi, lekin merosxo‘rlariga vasiyat qilgan bo‘lsa vasiyati durust bo‘ladi va merosxo‘rlari (agarchi ro‘za tutish mayyitga vojib bo‘lmasada) molining uchdan biridan fidya beradilar.
Ammo, musofir muqim bo‘lsa va bemor sog‘aysa va bir muddat yashasa, ularga kasallik yoki safarda qazo qilgan kunlarini ro‘zani tutishi vojib bo‘ladi. Agar tuta olmasdan vafot etsa, vafotidan oldin merosxo‘rlariga fidyani vasiyat qilishi lozimdir (“Badoye’us sanoye’”, “Fatovoi Hindiya”). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Hikmatulloh domla Abiyevga padari buzrukvorining vafoti munosabati bilan ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini husni qabul aylasin, jannati Firdavsdan joy ato qilsin, rahmatiga olsin.
Marhumning ahli bayti va yaqinlariga go‘zal sabr, sabrlariga ajrlar ato etsin. Musibatlari o‘rnini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun!
«Barchamiz Allohnikimiz va barchamiz U Zotga qaytamiz».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi