Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Iyun, 2025   |   4 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:07
Quyosh
04:53
Peshin
12:27
Asr
17:42
Shom
20:03
Xufton
21:46
Bismillah
29 Iyun, 2025, 4 Muharram, 1447
Yangiliklar

"AMMON" VЕB-NASHRI: MUFTIY SHAYX NURIDDIN XOLIQNAZAR HAZRATLARI KATTA LANGAR QUR’ONI HAQIDA!

11.03.2025   7319   8 min.

Iordaniyaning nufuzli “Ammon” veb-nashrida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining "O‘zbekistondagi muqaddas meros: Katta Langar Qur’oni haqida” nomli maqolasi chop etildi

Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlardan hisoblanadi. 2025 yilning 25 yanvaridan 25 mayiga qadar Saudiya Arabistonining Jidda shahrida o‘tkazilayotgan “II Xalqaro Islom san’ati biyennalesi”da ushbu noyob durdonaning ikki sahifasi namoyish etilmoqda.

Maqolada keltirilganidek, O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Sharq qo‘lyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada Baqara surasining 26-61-oyatlari ko‘chirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unda sahifaning Uchinchi xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu zamonasida ko‘chirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy  xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. 

Maqolada ta’kidlanganidek, Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, Mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Katta Langar Qur’oni Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida 2019-2021 yillarda restavratsiya qilingan.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
 

➖➖➖
"O‘zbekistondagi muqaddas meros: Katta Langar Qur’oni haqida” nomli maqolaning o‘zbek tilidagisini quyida o‘qishingiz mumkin.
➖➖➖

“KATTA LANGAR QUR’ONI” TARIXI VA BUGUNGI HOLATI

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasining kutubxonasida saqlanayotgan “Katta Langar Qur’oni” nomi bilan ataladigan Qur’oni karimning nusxasi dunyodagi eng qadimiy va nodir qo‘lyozma asarlaridan hisoblanadi. Bu nusxaning Katta Langar Qur’oni deb nomlanishi uning Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Langar ota masjidida saqlanganiga borib taqaladi. Sahifalar uzoq vaqt davomida “Katta Langar shayxlari” deb nom olgan Ishqiya tariqati vakillari tomonidan asrab kelingan.

Ushbu qo‘lyozma ustida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan olimlarning ta’kidlashlaricha, qo‘lyozmaning bitilishi VIII asrning oxirgi choragi – arab grammatikasi qoidalari shakllangan davrga to‘g‘ri keladi.

Hozirgi kunda ushbu qo‘lyozmaning 81 sahifasi Rossiya Fanlar akademiyasining Sankt-Peterburgdagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi. Mashhur sharqshunos, akademik I.Yu. Krachkovskiy o‘zining “Arab qo‘lyozmalari ustida” kitobida yozishicha, bu qo‘lyozma 1936 yilda institut tomonidan notanish keksa ayoldan sotib olingan.

1998 yilda professor Ye.A. Rezvan Sharq qo‘lyozmalari institutida Ye 20 inventar raqami ostida saqlanayotgan mazkur qo‘lyozma haqida xorij matbuotida ingliz tilida “The Qur’an and its World” maqolasini e’lon qildi. Oradan bir necha oy o‘tib, fransuz sharqshunosi Fransua Derosh Sankt-Peterburgga xat yo‘llab, O‘zbekistondagi Katta Langar qishlog‘idan topilgan Qur’on sahifalari fotonusxalarini ham yuboradi. Bu nusxalardagi yozuv turi va uslubi institutda Ye 20 raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmaniki bilan aynan bir xil edi.

Keyinchalik Ye. Rezvan ushbu qo‘lyozmaning ayrim sahifalari Katta Langar qishlog‘ida, shuningdek, Toshkent va Buxoroda ham saqlanishi haqida xabar topadi. 1999 yilda Katta Langar Qur’oni bilan yaqindan tanishish maqsadida O‘zbekistonga ilmiy ekspeditsiyani amalga oshirib, bir guruh sharqshunos olimlar bilan Toshkentda O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanayotgan Usmon mus'hafi va Langar Qur’onining bir sahifasi, Sharqshunoslik Qo‘lyozmalar institutida saqlanayotgan 1ta sahifasini, Langar ota masjidida saqlanayotgan 12 sahifani borib ko‘radi. Keyinchalik bu haqda “Usmon Qur’oni izidan” degan hujjatli film ham tayyorlaydi.

2000 yilning may oyida rossiyalik va gollandiyalik olimlarning izlanishlari natijasida, Groningen (Gollandiya) universiteti Izotop tadqiqotlari markazida mazkur qo‘lyozma pergamentining namunalari zamonaviy texnikalar yordamida radiokarbon tahlilidan o‘tkaziladi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu qo‘lyozma milodiy 775–995 yillar oralig‘ida ko‘chirilgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa berildi. Olimlar ushbu xulosaga tayanib, qo‘lyozma VIII asrning so‘nggi choragiga tegishli, degan to‘xtamga kelishgan. Bu xulosani fransuz sharqshunosi F. Derosh ham tasdiqlaydi.

O‘zbekistonda mazkur qo‘lyozmaning jami 16 sahifasi mavjud bo‘lib, bittasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanadi.

Sharq qo‘lyozmalari institutida 11604 raqami ostida saqlanayotgan sahifada “Baqara” surasining 26-61-oyatlari ko‘chirilgan. Mazkur institutda 2460 raqami ostida saqlanayotgan Sadir Ziyo kutubxonasining katalogida mazkur sahifa haqida ma’lumot berilgan bo‘lib, unda sahifaning Uchinchi Xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhu zamonasida ko‘chirilgan kitobga tegishli ekani aytiladi.

Ikkita sahifasi Buxoroda: bittasi Ibn Sino nomidagi Buxoro viloyat kutubxonasida, ikkinchisi Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi Ark qo‘lyozmalar muzeyida saqlanmoqda. Unda Mujodala surasining 11-oyatidan Hashr surasining 3-oyatigacha yozilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida Katta Langar Qur’onining avvaldan bir sahifasi saqlangan. 2003 yilda 12 sahifasi Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi “Langar ota” masjididan keltirilgan. Hozirda 13 ta sahifasi saqlanmoqda.

Mazkur qo‘lyozma matni sayqallangan hayvon terisi – pergamentga bitilgan. Sahifalarning o‘rtacha hajmi 53x35 sm.ni tashkil etadi. Matnlar arabiy yozuv usullarining eng qadimiy turlaridan bo‘lgan ko‘fiy-hijoziy  xatida bitilgan. Qo‘lyozmaning charm muqovasi XIV asrga tegishli. XVII asr o‘rtalarida u qayta ta’mirlangan. Muqova hamda sahifalarni bir-biriga mustahkam biriktirish maqsadida arab tilidagi matnlar bitilgan qog‘ozlar yopishtirilgan.

Katta Langar Qur’oni yillar davomida ta’mirlanib, uni bezak va nuqtalar bilan to‘ldirib kelinganini ko‘rishimiz mumkin. Masalan, ba’zi sahifalarning yirtilgan burchaklariga yamoq solingan va yamalgan joyidagi oyatlar nasx xati turida yozilgan. Suralar orasiga naqsh chizilib, unga suraning nomi va oyatlarining soni nasx xatida bitilgan. Ba’zi sahifalardagi ba’zi kalimalarga harakatlar qo‘yilganini ham ko‘rishimiz mumkin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’onining avvalgi bitta sahifasida “Baqara” surasining 126–150-oyatlari, 12 sahifasida Niso surasining 136-oyatining yarmidan boshlanib, Moida surasi to‘liq va An’om surasining 82-oyatining boshlanishigacha bo‘lgan qismi bor.

Mavjud sahifalar Qur’oni karimning ikki juzini o‘z ichiga olgan. Demak, tahmin qilish mumkinki, Katta Langar Qur’oni 190–200 sahifa atrofida bo‘lgan. Bugungi kungacha ularning 97 sahifasi yoxud 47 foizigina yetib kelgan.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasida saqlanayotgan Katta Langar Qur’oni restavratsiya qilindi, ya’ni ko‘p asrlik chang, g‘ubor, zambrug‘u zararli bakteriyalardan tozalandi.

Mus'haf sahifalari ta’miri Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi shafeligida Fransiyaning Luvr muzeyi restavratorlari va mahalliy mutaxassislar ishtirokida uch bosqichda, ya’ni 2019, 2020 va 2021 yillarda amalga oshirildi.

2022 yil Islom olamining noyob qo‘lyozmalaridan biri bo‘lgan Katta Langar Qur’onining 2 sahifasi O‘zbekistonning boy merosiga bag‘ishlangan Parij ko‘rgazmasida namoyish etildi.

Katta Langar Qur’onining tarixiy ahamiyati, musulmon dunyosidagi qadr-qimmati juda yuqori bo‘lib, mus'haf ko‘p asrlar nafaqat yurtimiz, balki dunyo ahli, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lib xizmat qiladi.

 

Shayx Nuriddin Xoliqnazar,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.

 

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

27.06.2025   4684   3 min.
Hijriy yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

2025 yilning 26 iyun kuni – yangi 1447 hijriy yil – Muharram oyi boshlanishining 1 kunidir. Ashuro kuni 2025 yilning 5 iyul, shanba kuniga to‘g‘ri keladi.


Muharram oyi qanday oy?

Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.


 Ashuro qanday kun?

Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).


Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).


 Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).


Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”, deganlar.


 Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).


Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).


 Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.


 Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari