Ramazon – iymon va ixlos oyi, ilm va ma’rifat oyi. Shu muborak kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Samarqand shahridagi "Xo‘ja Is'hoqi Valiy" jome masjidida bo‘ldilar. Ularga viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla hamrohlik qildilar.
Taroveh namozi oldi ustoz Zayniddin domla jamoatga "Mazhab – ummat birligining asosi" mavzusida mav’iza qilib, ulamolar yo‘lidan og‘ishmaslik, mazhabga ergashish Islom ummatining birligi va barqarorligi uchun naqadar muhim ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, mazhabsizlik kishini bid’at va gumrohlikka boshlashi haqida ogohlantirib, haq yo‘ldan yurishning ahamiyatini tushuntirdilar.
Manfaatli suhbatdan so‘ng jamoat bilan birgalikda taroveh namozi ado etilib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
"Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasi orqali xalqimizga ma’rifat ulashilmoqda. Ushbu nashrlarga eng ko‘p obuna tashkil qilgan xodimlar esa har yili taqdirlanadilar.
Bugun 12 may kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir "Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga faol obuna tashkil etgan imom-xatiblar taqdirlandilar va ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi", deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, yaqinlarga, do‘stlarga yaxshilik ulashish, ma’rifat tarqatishga dalolat qilish tahsinga sazovor ishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati