Ramazon – iymon va ixlos oyi, ilm va ma’rifat oyi. Shu muborak kunlarda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari, ustoz Zayniddin domla Samarqand shahridagi "Xo‘ja Is'hoqi Valiy" jome masjidida bo‘ldilar. Ularga viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla hamrohlik qildilar.
Taroveh namozi oldi ustoz Zayniddin domla jamoatga "Mazhab – ummat birligining asosi" mavzusida mav’iza qilib, ulamolar yo‘lidan og‘ishmaslik, mazhabga ergashish Islom ummatining birligi va barqarorligi uchun naqadar muhim ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, mazhabsizlik kishini bid’at va gumrohlikka boshlashi haqida ogohlantirib, haq yo‘ldan yurishning ahamiyatini tushuntirdilar.
Manfaatli suhbatdan so‘ng jamoat bilan birgalikda taroveh namozi ado etilib, xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Hadisda “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, deyilganini o‘qidim. Hadisdagi ushbu kenglikdan murod nima?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Haqiqatda, hadisi shariflarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Kimki Ashuro kunida ahli ayoliga kenglik qilsa, Alloh unga yil davomida kenglik qiladi", deb marhamat qilganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Ulamolar mazkur hadislardagi kenglikni yeb ichish, kiyim-kechak va boshqa narsalarda kenglik qilishni iroda qilingan deganlar. Ya’ni odamlar shu kuni oila a’zolariga xuddi bayramlardagi kabi, balki undan ham yaxshiroq mo‘l-ko‘lchilik qilib bersalar, Alloh taolo ularga yil davomida kengchilik qiladi, deb tushunish mumkin. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi