Samarqand shahrida yashovchi muhtoj va keksa insonlarning holidan xabar olish bo‘yicha xayrli tashabbus amalga oshirildi. Viloyat bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov, “Vaqf” xayriya jamoat fondining Samarqand viloyat filiali rahbari A.Sultonov va “Shohi Zinda” masjidi imom-xatibi S.Mirzayev hamrohligida millati rus bo‘lgan Galashev Dmitriy (1955-y.) va Voronina Marina onaxon (1931-y.) hol-ahvol so‘ralib, Ramazon hadyalari ulashildi.
Tashrif chog‘ida ehtiyojmandlarga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi. Millatidan qat’i nazar, har bir insonga mehr-oqibat va g‘amxo‘rlik qilish xalqimizga xos fazilatdir.
Alloh taolo barcha ezgu ishlarga baraka ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Buxoroda yangi Islomiy ilmiy-tadqiqot markazi – Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi!
2025 yil 21 apreldagi Muhtaram Prezidentimizning Farmoniga asosan tashkil etilgan mazkur Markaz Adliya vazirligi tomonidan rasman ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yangi Markaz islom dinining buyuk arbobi, Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband hazratlari ziyoratgohi hududida joylashgani bilan alohida ahamiyatga ega.
Bugungi kunda Naqshbandiya tariqati dunyoda eng ko‘p yoyilgan tariqatlardan biri bo‘lib, millionlab mo‘min-musulmonlar tomonidan amal qilinadi. Shu bois, Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga har yili minglab ziyoratchilar tashrif buyuradi.
Markaz direktori etib "Chor Bakr" masjidi imom-xatibi, Islomshunoslik fanlari bo‘yicha PhD, dots.nt Azizxo‘ja Xayrulloyevich Inoyatov tayinlandi.
Alloh taolo bu Markazni yangi O‘zbekistonimiz uchun muborak qilsin! Ulug‘ ajdodlarimizning ma’naviy merosini o‘rganish va tarqatishda bu Markazga barakotlar ato etsin!