Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyun, 2025   |   29 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
25 Iyun, 2025, 29 Zulhijja, 1446
Yangiliklar

Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

14.03.2025   18488   4 min.
Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur  Moturidiyning (keyingi o‘rinlarda – Imom Moturidiy) ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganishni rag‘batlantirish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida qaror qilaman:

1. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Samarqand viloyati hokimligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2025 yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

3. Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) ikki hafta muddatda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini allomaning islom olamidagi obro‘-e’tibori va nufuziga munosib tarzda yuqori saviyada nishonlash bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutadigan chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin:

(a) 2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazish;

(b) xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkazish, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etish;

(v) Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish;

(g) Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish hamda pochta markalari, taqvimlar, buyuk mutafakkirning hayoti va ilmiy merosini yoritib beradigan boshqa ko‘rgazmali axborot vositalari turkumini yaratish;

(d) Imom Moturidiyning serqirra hayot yo‘li va ilmiy merosining bugungi kundagi ahamiyatini ochib beradigan badiiy-publitsistik film yaratish;

(ye) Samarqand viloyatida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti yo‘nalishida faoliyat olib borgan allomalarning hayoti, ilmiy va ijodiy merosiga bag‘ishlangan asarlarning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari hamda kitoblari ko‘rgazmasini tashkil etish;

(j) Samarqand shahridagi Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish.

4. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi:

(a) Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda 2025 yil may va oktyabr oylarida Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasini hamda ilmiy maqolalar tanlovini o‘tkazsin;

(b) moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning ilmiy merosi va noyob qo‘lyozma asarlarni o‘rganish bo‘yicha Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot ishlariga davlat buyurtmasini belgilangan tartibda shakllantirib borsin.

5. O‘zbekiston musulmonlari idorasiga imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish va g‘oliblarni munosib taqdirlash tavsiya etilsin.

6.Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda 2025 yil davomida joylarda Imom Moturidiyning ilmiy merosiga bag‘ishlangan davra suhbatlarini tashkil etsin.

7. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Madaniy meros agentligi bilan birgalikda:

(a) xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va  moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti va ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etsin;

(b) Imom Moturidiyning hayoti va ilmiy faoliyatiga bag‘ishlangan yuqori sifatli mediamahsulotlar hamda audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish choralarini ko‘rsin.

8. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Dunyo” axborot agentligi va O‘zbekiston milliy media assotsiatsiyasiga Imom Moturidiy tavalludining 1155  yilligini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritib borish tavsiya etilsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh. Mirziyoyev

manba: https://president.uz/uz/lists/view/7946

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

25.06.2025   659   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.

Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.

  • - Aholi vakillari tomonidan turli masalalar bo‘yicha shar’iy hukmlar, ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan savollar berildi;
  • - Nikoh, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi kabi mavzulardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi;
  • - Ayrim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan tushgan moddiy ko‘mak so‘rovlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi;
  • - Sohani yanada rivojlantirish, masjidlarni obod qilish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kuchaytirish kabi bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.

Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Yangiliklar