Imom Moturidiy o‘zining ilmiy merosi bilan islom ilm-fani taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlardan biridir. U asos solgan moturidiylik ta’limoti aqidaviy yechimlari, bag‘rikenglik va mo‘tadillik qarashlari bilan musulmon dunyosining ma’naviy asoslaridan biriga aylangan. Shu ma’noda ulug‘ ayyom kunlarida e’lon qilingan Prezidentimizning "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori Imom Moturidiyning ulkan merosini jahonga tanitishda katta ahamiyat kasb etadi.
Ta’kidlash joizki, buyuk bobakalonimizning 1155 yillik tavallud sanasini keng nishonlash nafaqat ilmiy-ma’rifiy ahamiyatga, balki O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Prezident qarorida Imom Moturidiyning ilm-fanga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish va uni targ‘ib etish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilab berilgan. Xususan, O‘zbekiston musulmonlari idorasiga mazkur merosni o‘rganish va uni jamoatchilikka yetkazish borasida bir qator muhim vazifalar yuklatilgan. Jumladan, imom-xatiblar va diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish orqali yosh avlodga allomaning ta’limotlari va ilmiy merosini yetkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mamlakatimiz bo‘ylab Imom Moturidiyning ta’limotiga bag‘ishlangan davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlarni tashkil etishda faol ishtirok etadi. Bu tashabbus nafaqat yurtdoshlarimizning diniy-ma’rifiy bilimlarini boyitishga, balki moturidiylik ta’limotining jahon ilmiy doiralarida keng tarqalishiga hissa qo‘shadi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
raisining birinchi o‘rinbosari
Joriy yilning 26-27 may kunlari Samarqand shahrida "Islom dunyosining ma’naviy merosi va madaniy ifodalari: xattotlik, musiqa, she’riyat va hamjihatlik" xalqaro forumi hamda "Boqiy shahar" majmuasi markazida "Samarqand shahri – 2025 yil Islom dunyosi madaniyat poytaxti" tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
Unda dunyoning 20 dan ortiq ICESCO tashkilotiga a’zo davlatlaridan vakillar ishtirok etdi.
Ushbu nufuzli tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov hamda diniy-ma’rifiy soha vakillari qatnashdi.
Forum doirasida ICESCO bosh direktori Salom Bin Muhammad Al Malik tomonidan "Islom dunyosi madaniy poytaxti"ning ramziy bayrog‘i hamda statuetkasi tantanali topshirildi.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita
Axborot xizmati