Sayt test holatida ishlamoqda!
30 Sentabr, 2025   |   8 Rabi`us soni, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:00
Quyosh
06:19
Peshin
12:18
Asr
16:21
Shom
18:11
Xufton
19:22
Bismillah
30 Sentabr, 2025, 8 Rabi`us soni, 1447
Maqolalar

Ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi

15.03.2025   11851   2 min.
Ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasi

Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori yurtimizda ilmiy-ma’rifiy merosga, xususan, islomiy ilmlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir. Bu qaror nafaqat Imom Moturidiy ibratli hayot yo‘li va moturidiylik ta’limotini keng yoyish, balki diniy bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifatga asoslangan jamiyatni shakllantirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Qaror chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan amaliy ishlar doirasida allomaning tug‘ilib, ijod qilgan va mangu qo‘nim topgan Samarqandda o‘tkaziladigan “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro hamda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, ilmiy maqolalar tanlovi, allomaning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari, kitoblari ko‘rgazmasi, Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish Davlatimiz rahbarining buyuk allomalarga munosib e’tibor qaratayotgani, Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fanidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga intilayotganini yaqqol namoyon etadi.

Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha, imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish, madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etish, yubileyga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, badiiy-publitsistik film, mediamahsulotlar, audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uning ta’limotini keng ommaga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi, albatta.

Ayniqsa, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish, olimning merosiga oid ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kelajak avlod uchun katta manba bo‘lib xizmat qiladi, insha Alloh.

Moturidiylik ta’limotining asosiy tamoyillaridan hisoblangan mo‘tadillik va bag‘rikenglik bugungi dunyo tinchligi, birdamligini ta’minlashda juda muhim. Shu nuqtayi nazardan, mazkur qaror xalqaro maydonda ham O‘zbekistonning ma’rifat va ilmga bo‘lgan e’tiborini, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi.

Xulosa qilib aytganda, Qaror Imom Moturidiy merosini asrab-avaylash va uning ta’limotini keng targ‘ib qilish, shu bilan birga, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shadi.

Muhammadolim Muhammadsiddiqov,

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,

professor

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar Farg‘ona masjidlarida faoliyat boshladi

30.09.2025   62   1 min.
Diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar Farg‘ona masjidlarida faoliyat boshladi

Farg‘ona viloyati vakilligida 2024–2025 o‘quv yilida diniy ta’lim muassasalarini muvaffaqiyatli yakunlab, soha faoliyatini boshlagan yosh kadrlar bilan uchrashuv va muloqot tashkil etildi.

Mazkur ma’naviy ahamiyatga ega tadbirda viloyat bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev, bosh imom-xatib o‘rinbosari Alisher domla Naimov hamda Buvayda tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Nizomovlar ishtirok etib, yosh kadrlar bilan suhbat qurdilar.

Uchrashuv davomida yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, imom-xatiblar uchun yaratilayotgan imkoniyat va shart-sharoitlar haqida atroflicha ma’lumot berildi. Ma’ruzachi ustozlar imomlikning ulug‘ sharafi va yuksak mas’uliyati haqida so‘z yuritib, yoshlarni o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshishga da’vat etdilar. Shuningdek, ular o‘z hayotiy tajribalari va amaliy mashg‘ulotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, joriy yilda diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan 26 nafar bitiruvchi viloyatdagi turli masjidlarga imom-xatib va imom-noibi vazifalariga tayinlandi. Bu esa sohaga yosh kadrlarni jalb etishdagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.

Muloqot so‘ngida yoshlarga ularning mas’uliyatli xizmat yo‘lida muvaffaqiyat va fathlarni Allohdan so‘rab duo qilindi.

Diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar Farg‘ona masjidlarida faoliyat boshladi Diniy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlar Farg‘ona masjidlarida faoliyat boshladi
Yangiliklar