Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligini nishonlashga oid O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori yurtimizda ilmiy-ma’rifiy merosga, xususan, islomiy ilmlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalarga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir. Bu qaror nafaqat Imom Moturidiy ibratli hayot yo‘li va moturidiylik ta’limotini keng yoyish, balki diniy bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifatga asoslangan jamiyatni shakllantirishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
Qaror chora-tadbirlar dasturida nazarda tutilgan amaliy ishlar doirasida allomaning tug‘ilib, ijod qilgan va mangu qo‘nim topgan Samarqandda o‘tkaziladigan “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusidagi xalqaro hamda “Moturidiylik ta’limoti va hozirgi zamon” mavzusidagi respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi, ilmiy maqolalar tanlovi, allomaning nodir qo‘lyozma va nashr nusxalari, kitoblari ko‘rgazmasi, Abu Mansur Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish Davlatimiz rahbarining buyuk allomalarga munosib e’tibor qaratayotgani, Islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fanidagi o‘rnini yanada mustahkamlashga intilayotganini yaqqol namoyon etadi.
Shuningdek, xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha, imom-xatiblar hamda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Moturidiylik ta’limoti bilimdoni” tanlovini o‘tkazish, madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar, davra suhbatlari tashkil etish, yubileyga bag‘ishlangan esdalik suvenirlarini muomalaga chiqarish, xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish, badiiy-publitsistik film, mediamahsulotlar, audiovizual asarlar yaratish, ularni mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilish Imom Moturidiyning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va uning ta’limotini keng ommaga yetkazishda muhim qadam bo‘ladi, albatta.
Ayniqsa, Imom Moturidiyning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlari va moturidiylik ta’limotiga oid manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalarini nashr etish, olimning merosiga oid ilmiy-tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash kelajak avlod uchun katta manba bo‘lib xizmat qiladi, insha Alloh.
Moturidiylik ta’limotining asosiy tamoyillaridan hisoblangan mo‘tadillik va bag‘rikenglik bugungi dunyo tinchligi, birdamligini ta’minlashda juda muhim. Shu nuqtayi nazardan, mazkur qaror xalqaro maydonda ham O‘zbekistonning ma’rifat va ilmga bo‘lgan e’tiborini, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni targ‘ib etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini yanada kuchaytiradi.
Xulosa qilib aytganda, Qaror Imom Moturidiy merosini asrab-avaylash va uning ta’limotini keng targ‘ib qilish, shu bilan birga, yoshlarni Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash hamda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlashga ulkan hissa qo‘shadi.
Muhammadolim Muhammadsiddiqov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari,
professor
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi