Xalqimizda: “Hamal keldi – amal keldi” degan hikmatli so‘z bor. Hamal kirishi bilan dalalarda ish qaynaydi. Ekin-tikinlar ekiladi, ko‘chatlar o‘tqaziladi. Ayni kunlarda yurtimizning barcha hududlarida ko‘chatlar o‘tqazish avjiga chiqqan.
Kecha O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov, Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, O‘zMI mas’ul xodimlari, imom-xatiblar Ohangaron tumani hududiga ko‘chatlar ekishdi.
Yerga qadalgan 40 tup mevali va manzarali ko‘chatlar ildiz otib, ko‘kka bo‘y cho‘zib, barchaga foydali ulkan daraxtlar bo‘ladi, inshoalloh.
Zotan, dinimizning ta’limoti ham atrof-muhitni musaffo holida saqlashga targ‘ib etadi.
Abu Dardo roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Bir kishi Damashq ko‘chalarining biridan o‘tayotsa, ko‘cha ekayotgan odamga ko‘zi tushibdi va unga: “Nega bu ishni qilayapsiz, axir siz Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sahobalaridansiz-ku?” debdi. Shunda u kishi: “Sen shoshma, men Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir ko‘chat eksa, undan odam yoki Alloh yaratgan maxluqotlardan birontasi yesa, buning evaziga o‘sha (ko‘chat ekkan banda)ga sadaqa bo‘ladi”, deganlarini eshitganman”, debdi” (Imom Ahmad rivoyati).
Haqiqatan, bizlardan oldin o‘tganlar ko‘chat ekishdi, biz ular ekkan daraxtlarning mevalarini yeyapmiz. Endi navbat bizga: biz ekamiz, keyingi avlodlar yeydilar, inshoalloh.
Alloh taolo yurtimizni bog‘u bo‘stonga, chamanzorga aylantirsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Bugun, 22 iyun kuni Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti ustozlari tomonidan buxorolik alloma Nuriddin Sobuniyning “Al-Bidoya fil-hidoya” kitobi bo‘yicha ijoza berish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda soha vakillari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi yetakchi ilmiy xodimi, doktor Ahmad Sa’d Damanhuriy boshchiligida Toshkent islom institutining 17 nafar professor-o‘qituvchisi ikki yil davomida ushbu asarni o‘qib tugatib, ijoza olishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, Buxoro kalom maktabining ulug‘ namoyandasi Nuriddin Sobuniyning ushbu asari ahli sunna val jamoa, xususan, hanafiy-moturidiylik aqidasini tizimli va mantiqiy asosda yoritib bergan eng mo‘tabar manbalardan sanaladi. Muallifning shoh asari bo‘lmish “Al-Kifoya fil-hidoya”ning muxtasari (ixcham shakli) bo‘lgan bu kitob asrlar davomida Movarounnahr va xorijiy o‘lkalar madrasalarida asosiy darslik bo‘lib kelgan.
Bu kabi xayrli ilmiy tadbirlar ustozlarning mahoratini oshirish bilan bir qatorda, sof islom aqidasini yot g‘oyalardan himoya qilish va moturidiya ta’limotini xalqimizga to‘g‘ri yetkazishda ulkan ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati