Sayt test holatida ishlamoqda!
04 Yanvar, 2026   |   15 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:26
Shom
17:11
Xufton
18:29
Bismillah
04 Yanvar, 2026, 15 Rajab, 1447
Maqolalar

Qora mushuk emas, jaholat yomon

17.03.2025   4241   2 min.
Qora mushuk emas, jaholat yomon

Ancha yillar oldin bayram arafasida kechqurun bir sinfdoshimiznikiga yig‘ildik. Nimadir olib kelish kerak bo‘lib, ikki qurdosh mototsiklga minib jo‘nab ketdi. O‘n daqiqalik yo‘lga ketgan yigitlar yarim soat o‘tsa ham, qaytib kelmadi. Fe’li torroq ayrim sinf­doshlarim tajang bo‘la bosh­ladi. Nihoyat, chamasi bir soatlar o‘tib, ikkisi kirib keldi. Chang-tuproqqa belangan, qo‘l-oyoqlari shilingan edi. 

– Nima bo‘ldi? – deb so‘rasak, ulardan biri javob berdi: 

– Yaxshigina kelayotuvdik, yo‘lda oldimizdan qora mushuk o‘tib qolsa bo‘ladimi, manovi dovdir, – deya boshi bilan sherigiga ishora qilib gapida davom etdi, – “Voy, qora pishak”, deb mototsiklni burib yubordi-da, to‘g‘ri o‘qariqqa borib qadalib qoldik.  
Keyin muhokama avj oldi. Biri qora mushuk yo‘lni kesib o‘tsa, falokat bo‘lishini aytsa, ikkinchisi inkor qilib: “U bir mushuk bo‘lsa, o‘tadi-ketadi-da, shunga ota go‘ri qozixonami?!” derdi. 

Yana ko‘p davralarda, hatto g‘ayridinlar orasida ham yo‘lni qora mushuk kesib o‘tishi falokat belgisi, degan irimni eshitib hayron bo‘laman.

Eng qizig‘i, ba’zi odamlar bu ishni mushukning o‘zi qiladi, deb tushunsa-da, uni Alloh baxt­sizlik belgisi qilib yo‘lga chiqarib qo‘yadi, deb hisoblaydi. Ular shu xato tushunchasi bois yo‘lini qora mushuk kesib o‘tib qolgudek bo‘lsa, hovliqib, dovdirab qolganidan ulovini o‘zi bir joyga burib yuborib, bir narsaga urib oladi. Keyin o‘sha hodisani qora mushukning yo‘lini kesib o‘tganiga bog‘laydi.    

O‘zining taqdirini allaqanday maxluqning harakatiga bog‘liq, deb tushunish iymonining zaifligidan. Bunday odamlar barcha voqea-hodisalar faqat Alloh taoloning iznu irodasi ila yuz berishini oxirigacha tushunib yetmaydi. 

Shunday ekan, qora mushukdan qo‘rqib, uni qiyinchiliklarning xabarchisi ekaniga ishonish – jaholat belgisi. Biz aslida bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtsizlikka sabab bo‘ladigan gunoh ishlarni qilib qo‘­yishdan qo‘rqmog‘imiz kerak. 
 

Damin JUMAQUL,

"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi

30.12.2025   39949   2 min.
Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi

Inson qadri ulug‘lanayotgan Yangi O‘zbekistonda odamlarni hayotdan rozi qilish, har bir odamning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda turli soha vakillariga ehtirom ko‘rsatish muhim vazifa etib belgilangan. 

Ayniqsa, yon-atrofimizni obod va ozoda qiladigan kasb egalarini qadrlash — insonparvar jamiyatning asosiy belgisidir.

Shu maqsadda, 30 dekabr kuni  O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan "Hazrati Imom" majmuasida poytaxtimiz obodligi va ko‘rkamligiga hissa qo‘shib kelayotgan obodonlashtirish xodimlari uchun ehson dasturxoni yozilib, iliq so‘zlar ila hadyalar ulashildi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi mas’ullari va 200 nafardan ziyod xodimlar ishtirok etdi.

Muftiy hazratlari o‘z so‘zlarida so‘nggi yillarda  yurtimizda Davlatimiz Rahbari tomonidan inson qadrini yuksaltirish yo‘lida ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilayotgani va bu har bir hamyurtimiz hayotida o‘z aksini topayotganini alohida ta’kidlash barobarida mazkur kasb egalarining jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos ekani, ular tufayli yurtimiz obod, ko‘chalarimiz orasta, atrof-muhitimiz pokiza va qalblarimiz ravshan bo‘lishini alohida qayd etdilar.

Shuningdek, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari so‘zlarida ana shunday fidoyi insonlar dinimizda yuksak qadrlanishini ta’kidlab, yo‘ldan ozorni ketkazish ham iymondan sanalishini, Islomda poklikka alohida e’tibor qaratilishi uning iymon bilan bog‘langanidan ham yaqqol ko‘rinishini aytib o‘tdilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning: “Poklik iymonning yarmidir”, degan hadislarini yodga oldilar.

Muxtasar qilib aytganda, tadbirda jamiyat farovonligi, avvalo, insonga bo‘lgan e’tibor, uning mehnatini qadrlash va munosib rag‘batlantirishdan boshlanishi ta’kidlandi. Poytaxtimiz obodligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan obodonlashtirish xodimlariga ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik davlatimizda har bir insonning mehnati va qadri e’zozlanishining yaqqol namunasi ekani qayd etildi.

Tadbir yakunida Muftiy hazratlari tomonidan sohada faollik ko‘rsatayotgan jonkuyar xodimlarga qimmatbaho sovg‘alar, barcha ishtirokchilarga esa oziq-ovqat jamlanmalari hadya etildi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi 
Matbuot xizmati

Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi Ozodalik va ko‘rkamlik fidoyilariga ehtirom ko‘rsatildi
O'zbekiston yangiliklari