frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null
Maqolalar

Qora mushuk emas, jaholat yomon

17.03.2025   3291   2 min.
Qora mushuk emas, jaholat yomon

Ancha yillar oldin bayram arafasida kechqurun bir sinfdoshimiznikiga yig‘ildik. Nimadir olib kelish kerak bo‘lib, ikki qurdosh mototsiklga minib jo‘nab ketdi. O‘n daqiqalik yo‘lga ketgan yigitlar yarim soat o‘tsa ham, qaytib kelmadi. Fe’li torroq ayrim sinf­doshlarim tajang bo‘la bosh­ladi. Nihoyat, chamasi bir soatlar o‘tib, ikkisi kirib keldi. Chang-tuproqqa belangan, qo‘l-oyoqlari shilingan edi. 

– Nima bo‘ldi? – deb so‘rasak, ulardan biri javob berdi: 

– Yaxshigina kelayotuvdik, yo‘lda oldimizdan qora mushuk o‘tib qolsa bo‘ladimi, manovi dovdir, – deya boshi bilan sherigiga ishora qilib gapida davom etdi, – “Voy, qora pishak”, deb mototsiklni burib yubordi-da, to‘g‘ri o‘qariqqa borib qadalib qoldik.  
Keyin muhokama avj oldi. Biri qora mushuk yo‘lni kesib o‘tsa, falokat bo‘lishini aytsa, ikkinchisi inkor qilib: “U bir mushuk bo‘lsa, o‘tadi-ketadi-da, shunga ota go‘ri qozixonami?!” derdi. 

Yana ko‘p davralarda, hatto g‘ayridinlar orasida ham yo‘lni qora mushuk kesib o‘tishi falokat belgisi, degan irimni eshitib hayron bo‘laman.

Eng qizig‘i, ba’zi odamlar bu ishni mushukning o‘zi qiladi, deb tushunsa-da, uni Alloh baxt­sizlik belgisi qilib yo‘lga chiqarib qo‘yadi, deb hisoblaydi. Ular shu xato tushunchasi bois yo‘lini qora mushuk kesib o‘tib qolgudek bo‘lsa, hovliqib, dovdirab qolganidan ulovini o‘zi bir joyga burib yuborib, bir narsaga urib oladi. Keyin o‘sha hodisani qora mushukning yo‘lini kesib o‘tganiga bog‘laydi.    

O‘zining taqdirini allaqanday maxluqning harakatiga bog‘liq, deb tushunish iymonining zaifligidan. Bunday odamlar barcha voqea-hodisalar faqat Alloh taoloning iznu irodasi ila yuz berishini oxirigacha tushunib yetmaydi. 

Shunday ekan, qora mushukdan qo‘rqib, uni qiyinchiliklarning xabarchisi ekaniga ishonish – jaholat belgisi. Biz aslida bu dunyoda ham, u dunyoda ham baxtsizlikka sabab bo‘ladigan gunoh ishlarni qilib qo‘­yishdan qo‘rqmog‘imiz kerak. 
 

Damin JUMAQUL,

"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

25.06.2025   5986   1 min.
O‘zbekiston musulmonlari idorasida navbatdagi “Fuqarolar qabuli” bo‘lib o‘tdi

Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.

Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.

  • - Aholi vakillari tomonidan turli masalalar bo‘yicha shar’iy hukmlar, ularning amaliy tatbiqlari yuzasidan savollar berildi;
  • - Nikoh, oilaviy munosabatlar, farzand tarbiyasi kabi mavzulardagi murojaatlar ko‘rib chiqildi;
  • - Ayrim ehtiyojmand fuqarolar tomonidan tushgan moddiy ko‘mak so‘rovlari tegishli tartibda ko‘rib chiqilishi belgilandi;
  • - Sohani yanada rivojlantirish, masjidlarni obod qilish, yoshlar o‘rtasida ilmiy-ma’rifiy targ‘ibotlarni kuchaytirish kabi bir qator konstruktiv takliflar bildirildi.

Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari