Boy odam derazadan qarab, faqirga ko‘zi tushdi. U chiqindi titib yurardi. Shunda boy odam “Allohga shukrki, meni nochor hayotda yashatmadi”, dedi.
Nochor odam chiqindilardan ul-bul narsa topib, endi ketayotganida oldidan bir nogiron o‘tib qoldi. “Faqir bo‘lsam-da, sog‘lomman, alhamdulillah!” dedi uni ko‘rganida.
Nogiron odamning oldidan esa bir-birini yetaklagan ko‘zi ojizlar chiqdi. “Vujudimda nogironlik bo‘lsa-da, bu olamni ko‘rib yashayapman, O‘zingga shukrlar bo‘lsin!” dedi u ham.
Ko‘zi ojizlar shifoxonaga borishdi. Navbat kutib turganlarida bir kishining vafot etganini eshitishdi. “Allohga shukr, bizni shu holimizda bo‘lsa ham yashatmoqda, fursat bermoqda”, deyishdi o‘zaro.
Faqat o‘lgan odam Allohga bir og‘iz hamd aytish imkonini ham boy berib bo‘lgandi...
Shunday ekan, nima uchun bugun ko‘pchiligimiz Allohga shukr aytishni unutib, shikoyatimiz ko‘payib ketmoqda. Axir, Alloh bizga hayot, rizq, inson uchun nima kerak bo‘lsa, hamma ne’matlarini berib qo‘ygan-ku! Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, bizning tashvishimiz, erishishni istab, tunu kun g‘am chekkan narsalarimiz asl zaruratdan tashqari bo‘lib chiqadi.
Qarang, bugun yana bir yangi tongni ko‘rdik. Dasturxonda osh-nonimiz, boshimizda boshpanamiz bor, tanda jonimiz salomat. Holbuki, bu kunga, bu yilgi Ramazonga yetmaganlar qancha?..
Shunday ekan, Ramazon oyida, avvalo, ota-onamiz, o‘zimiz, oilamiz, qolaversa, barcha ummat uchun duolar qilaylik. Zero, Alloh bizga berayotgan ne’matlari uchun shukr qilsak, ziyoda qilishini aytgan: «“Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Demak, berilgan ne’matlarga shukr aytish insonning to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildiradi. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, joning omon, davlatingni kam, dema.
Berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiraylik, azizlar!
Akbarshoh Rasulov
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV