frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Dam shu damdir: shukrni kechiktirmang!

17.03.2025   21296   2 min.
Dam shu damdir: shukrni kechiktirmang!

Boy odam derazadan qarab, faqirga ko‘zi tushdi. U chiqindi titib yurardi. Shunda boy odam “Allohga shukrki, meni nochor hayotda yashatmadi”, dedi.
 

Nochor odam chiqindilardan ul-bul narsa topib, endi ketayotganida oldidan bir nogiron o‘tib qoldi. “Faqir bo‘lsam-da, sog‘lomman, alhamdulillah!” dedi uni ko‘rganida.
 

Nogiron odamning oldidan esa bir-birini yetaklagan ko‘zi ojizlar chiqdi. “Vujudimda nogironlik bo‘lsa-da, bu olamni ko‘rib yashayapman, O‘zingga shukrlar bo‘lsin!” dedi u ham.
 

Ko‘zi ojizlar shifoxonaga borishdi. Navbat kutib turganlarida bir kishining vafot etganini eshitishdi. “Allohga shukr, bizni shu holimizda bo‘lsa ham yashatmoqda, fursat bermoqda”, deyishdi o‘zaro.
 

Faqat o‘lgan odam Allohga bir og‘iz hamd aytish imkonini ham boy berib bo‘lgandi...
 

Shunday ekan, nima uchun bugun ko‘pchiligimiz Allohga shukr aytishni unutib, shikoyatimiz ko‘payib ketmoqda. Axir, Alloh bizga hayot, rizq, inson uchun nima kerak bo‘lsa, hamma ne’matlarini berib qo‘ygan-ku! Yaxshilab o‘ylab ko‘rsak, bizning tashvishimiz, erishishni istab, tunu kun g‘am chekkan narsalarimiz asl zaruratdan tashqari bo‘lib chiqadi.
 

Qarang, bugun yana bir yangi tongni ko‘rdik. Dasturxonda osh-nonimiz, boshimizda boshpanamiz bor, tanda jonimiz salomat. Holbuki, bu kunga, bu yilgi Ramazonga yetmaganlar qancha?..
 

Shunday ekan, Ramazon oyida, avvalo, ota-onamiz, o‘zimiz, oilamiz, qolaversa, barcha ummat uchun duolar qilaylik. Zero, Alloh bizga berayotgan ne’matlari uchun shukr qilsak, ziyoda qilishini aytgan: «Va Robbingizning «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb e’lon qilganini ham eslang» (Ibrohim surasi, 7-oyat). 
 

Demak, berilgan ne’matlarga shukr aytish insonning to‘g‘ri yo‘lda ekanini bildiradi. Dam shu damdir, o‘zga damni dam dema, joning omon, davlatingni kam, dema.
 

Berilgan ne’matlardan foydalanib, yaxshi amallarni ko‘paytiraylik, azizlar!
 

Akbarshoh Rasulov

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi

07.08.2026   13765   1 min.
Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi

“Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030” strategiyasi ijrosini ta’minlash maqsadida Farg‘ona viloyatida faoliyat yuritayotgan yosh imom-xatib va imom-noiblar ishtirokida “Yoshlar bilan bir kun” loyihasi doirasida uchrashuv tashkil etildi.


Tadbirda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etib, yosh diniy soha xodimlari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi.


Suhbat davomida mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar va ulardan samarali foydalanish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi. Shuningdek, yosh imomlarga quyidagi yo‘nalishlarda muhim tavsiyalar berildi:

  • Aholi va jamoatchilik bilan muloqot madaniyatini yuksaltirish;

  • Ta’sirchan va mazmunli ma’ruzalar tayyorlash hamda voizlik odobiga rioya qilish;

  • Masjidlar faoliyatini zamon talablari darajasida to‘g‘ri tashkil etish.


Muloqotda yosh diniy soha vakillarining jamiyatda tutgan o‘rni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, sof ma’rifat va ezgulik ruhida tarbiyalashdagi mas’uliyati yuqori ekani ta’kidlandi.


Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

 

Tadbir yakunida yosh mutaxassislar viloyat vakilligi va soha mutasaddilarining ish jarayoni bilan yaqindan tanishdilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Farg‘ona viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi Farg‘onada yosh imom-xatiblar bilan ma’rifiy muloqot o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari