Anqara universiteti professori, moturidiyshunos olim So‘nmez Kutl (Turkiya) "Dunyo" AA uchun intervyusida O‘zbekiston Prezidentining 2025 yil 14 martdagi "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida"gi qarori haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Bugun juda ham quvonchli xabar eshitdim. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida" qaror qabul qilgani, shu munosabat bilan ko‘plab ilmiy-madaniy tadbirlar, jumladan, "Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti" mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazilishi meni bag‘oyat mamnun qildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xanafiy-moturidiy ta’limoti atrofida birlashgan turkiy davlatlar yetakchilari orasida Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga eng katta e’tibor qaratib kelayotgan davlat rahbari sifatida alohida ajralib turibdi. Buning uchun men mamlakatingiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Imom Moturidiy Alloh taolo tomonidan insoniyatga berilgan eng ulug‘ in’om, bebaho tuhfadir. Zotan, u bag‘rikenglik va mo‘tadillikka asoslangan qarashlari, ma’rifiy g‘oyalari bilan nafaqat islom sivilizatsiyasiga, balki umumbashariy tamaddunga bebaho hissa qo‘shgan buyuk allomadir. Uning tafakkuri markazida inson erki, aql va ilm turadi.
Alloh taolo insonni eng go‘zal suratda yaratgan. Inson hurmat va ehtiromga loyiq mavjudotdir. Barcha insonlar Odam Atoning farzandlari bo‘lgani sababli, insoniylik jihatidan o‘zaro birodar hisoblanadilar. Ular orasidagi musulmonlar dinda ham birodardirlar. Insonlarning o‘zaro ustunligi axloqiy fazilatlar, ta’lim-tarbiya bilangina o‘lchanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Imom Moturidiy tavalludini keng nishonlash haqidagi qarori allomalarga yuksak ehtirom ifodasi o‘laroq yosh avlodni mutaassib oqimlar ta’siriga tushib qolishining oldini olishga ham xizmat qiladi. Zero, X asrda mo‘tadil ta’limotni insoniyatga targ‘ib qilgan Imom Moturidiyni xotirlash orqali bugun jamiyatda har qachongidan ham ko‘proq ehtiyoj sezilayotgan tinchlik, bag‘rikenglik, mo‘tadillik madaniyatini ta’minlash sari muhim qadam qo‘yiladi.
Umrining katta qismini Imom Moturidiy hayoti va ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlagan bir inson sifatida men bu borada har qanday vazifaga hissa qo‘shishni sharaf, deb bilaman.
"Dunyo" AA
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati