Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Avgust, 2026   |   22 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:50
Quyosh
05:18
Peshin
12:34
Asr
17:29
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
05 Avgust, 2026, 22 Safar, 1448

Buyuklarning onalari: Xonzodabegimning matonati

18.03.2025   13987   2 min.
Buyuklarning onalari: Xonzodabegimning matonati

Qadim va ko‘hna Buxoro – avliyolar, Islom olamiga munosib hissa qo‘shgan ulamolar maskani, butun dunyodan sayyohlar ziyorat uchun keladigan sharif shahar. Uni sharaflantirib turgan ajdodlarimiz orasida Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari alohida o‘rin tutadi. 

Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomini tilga olar ekanmiz, har safar: “Ust-boshingizni mehnatingiz bilan bezang”, “Ko‘ngil firog‘ini muhabbat olovi bilan yoqing” kabi go‘zal vasiyatlari qulog‘imiz ostida jaranglaydi. 
1103 yili asli rumlik Shayx Abduljamil va Malatiya podshohining qizi Xonzodabegimning nikohidan “Abdulxoliq” ismli pok o‘g‘il dunyoga keldi. Baqo eshigidan kirguniga qadar faqat Alloh zikrida bo‘lgan valiy zot Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari “Xojai Jahon” nomiga musharraf bo‘lgan. 

Barcha ulug‘ zotlarning ortida mushtipar ayol – taqvodor va fidoyi onalar turadi. Abdulxoliq G‘ijduvoniyning onasi Xonzodabegim ham Shayx Abduljamil bilan besh yilcha birga hayot kechirgan.  Xonzodabegim yigirma bir yoshida beva qolib, umrini shu birgina farzandining ilm olishi va  tarbiyasiga bag‘ishladi. Podshohning qiziman, demasdan hayotning past-balandliklarini shukr va sabr bilan yengib o‘tdi. Mehnatkashligi, qat’iyatliligi yosh Abdulxoliqning kelgusi hayotida butun umriga tatigulik darajada o‘z ta’sirini o‘tkazdi. 

Har doim Allohga iltijo qildi. Boshqalarga borib arz qilmadi, otasining yurtiga qaytib ketmadi, yaxshi gumonda bo‘lib, buni bir xayrli taqdirga yo‘yib,  chiroyli sabr qildi...

Ona farzandini o‘zidan uzib biror yerga yuborish u yoqda tursin, bir necha soatga bo‘lsa-da, boshqaga berib ketolmaydi. Balki shundan bo‘lsa kerak, Payg‘ambar alayhissalom: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deganlar (Imom Quzo’iy rivoyati). Xonzodabegim ham  yo‘qotsa-da, ayollik iffatiyu or-nomusini va ma’naviyatini yo‘qotmadi. Butun umrini, ilmini, kuch-quvvatini farzandining kamoloti yo‘lida sarfladi. Olis yurti, ota-ona sog‘inchi qalbini qancha o‘rtamasin, farzandining yonida qoldi. 

Ona nomini pok saqlay olgan ayollarimiz bor ekan, hayot munavvar. Buning uchun har bir muslima o‘zining asosiy burchi ilm va tarbiya­ni mahkam tutmog‘i lozim. Zero, qo‘liga kitob tutgan xalqni, millatni avvalo ayol tarbiyalaydi. Sizu bizning zimmamizdagi vazifalar yuki og‘ir bo‘lsa ham, sharafi yuksakdir. Shunday ekan, olimu ulamolarning meros­xo‘rlari sifatida ularga munosib farzand bo‘laylik! 
 

Norbibi MARDONOVA, 
G‘ijduvon tumani bosh otinoyisi

"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

03.08.2026   7382   1 min.
Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi

#xabar #Sirdaryo #sport

O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati vakilligi hamda Sirdaryo viloyati hokimligi hamkorligida imom-xatib va imom-noiblar o‘rtasida stol tennisi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.


Turnirda viloyatning barcha tuman va shaharlarida faoliyat yuritayotgan imom-xatib va imom-noiblar ishtirok etib, sport mahorati va o‘zaro hamjihatlik ruhini namoyon etdilar.


Bellashuvlar do‘stona muhit, sog‘lom raqobat va yuqori kayfiyatda o‘tdi. Tadbir ishtirokchilarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda hamkasblar o‘rtasidagi o‘zaro ahillikni mustahkamlashga xizmat qildi.


Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar O‘zbekiston musulmonlari idorasi Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi Xabibulloh domla Zokirov tomonidan faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Sirdaryo viloyati vakilligi

Matbuot xizmati

Sirdaryoda imom-xatiblar o‘rtasida stol tennisi turniri o‘tkazildi
O'zbekiston yangiliklari