Qadim va ko‘hna Buxoro – avliyolar, Islom olamiga munosib hissa qo‘shgan ulamolar maskani, butun dunyodan sayyohlar ziyorat uchun keladigan sharif shahar. Uni sharaflantirib turgan ajdodlarimiz orasida Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari alohida o‘rin tutadi.
Abdulxoliq G‘ijduvoniy nomini tilga olar ekanmiz, har safar: “Ust-boshingizni mehnatingiz bilan bezang”, “Ko‘ngil firog‘ini muhabbat olovi bilan yoqing” kabi go‘zal vasiyatlari qulog‘imiz ostida jaranglaydi.
1103 yili asli rumlik Shayx Abduljamil va Malatiya podshohining qizi Xonzodabegimning nikohidan “Abdulxoliq” ismli pok o‘g‘il dunyoga keldi. Baqo eshigidan kirguniga qadar faqat Alloh zikrida bo‘lgan valiy zot Abdulxoliq G‘ijduvoniy hazratlari “Xojai Jahon” nomiga musharraf bo‘lgan.
Barcha ulug‘ zotlarning ortida mushtipar ayol – taqvodor va fidoyi onalar turadi. Abdulxoliq G‘ijduvoniyning onasi Xonzodabegim ham Shayx Abduljamil bilan besh yilcha birga hayot kechirgan. Xonzodabegim yigirma bir yoshida beva qolib, umrini shu birgina farzandining ilm olishi va tarbiyasiga bag‘ishladi. Podshohning qiziman, demasdan hayotning past-balandliklarini shukr va sabr bilan yengib o‘tdi. Mehnatkashligi, qat’iyatliligi yosh Abdulxoliqning kelgusi hayotida butun umriga tatigulik darajada o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Har doim Allohga iltijo qildi. Boshqalarga borib arz qilmadi, otasining yurtiga qaytib ketmadi, yaxshi gumonda bo‘lib, buni bir xayrli taqdirga yo‘yib, chiroyli sabr qildi...
Ona farzandini o‘zidan uzib biror yerga yuborish u yoqda tursin, bir necha soatga bo‘lsa-da, boshqaga berib ketolmaydi. Balki shundan bo‘lsa kerak, Payg‘ambar alayhissalom: “Jannat onalar oyog‘i ostidadir”, deganlar (Imom Quzo’iy rivoyati). Xonzodabegim ham yo‘qotsa-da, ayollik iffatiyu or-nomusini va ma’naviyatini yo‘qotmadi. Butun umrini, ilmini, kuch-quvvatini farzandining kamoloti yo‘lida sarfladi. Olis yurti, ota-ona sog‘inchi qalbini qancha o‘rtamasin, farzandining yonida qoldi.
Ona nomini pok saqlay olgan ayollarimiz bor ekan, hayot munavvar. Buning uchun har bir muslima o‘zining asosiy burchi ilm va tarbiyani mahkam tutmog‘i lozim. Zero, qo‘liga kitob tutgan xalqni, millatni avvalo ayol tarbiyalaydi. Sizu bizning zimmamizdagi vazifalar yuki og‘ir bo‘lsa ham, sharafi yuksakdir. Shunday ekan, olimu ulamolarning merosxo‘rlari sifatida ularga munosib farzand bo‘laylik!
Norbibi MARDONOVA,
G‘ijduvon tumani bosh otinoyisi
"Mo‘minalar" jurnali 2-sonidan
O‘zbekistonda Uchinchi Renessans g‘oyasini hayotga tatbiq etish, milliy va diniy merosni chuqur o‘rganish hamda ma’naviy-ma’rifiy bilimlarni kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar doirasida Farg‘ona, Qashqadaryo va boshqa hududlardan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldilar. Ular Markazdagi muzey ekspozitsiyalari, noyob qo‘lyozmalar, Renessans davrlariga bag‘ishlangan bo‘limlar va zamonaviy interaktiv yechimlar bilan tanishib, ushbu maskanni ilm, ta’lim va ma’naviyatni uyg‘unlashtirgan muhim milliy platforma sifatida baholadilar, xabar bermoqda iccu.uz.
Farg‘ona viloyati Buvayda tumani «Katta mahalla» masjidi imom-xatibi Rahmatulloh G‘oyibnazarov Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur Markazni yosh avlod uchun muhim ma’rifat maskani sifatida baholadi.
«Bu yerda Birinchi va Ikkinchi Renessans davrlari, buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy meros va mamlakatimiz taraqqiyoti haqidagi ekspozitsiyalarni ko‘rib katta taassurot oldik. Bu yerga kelgan har bir inson o‘z tarixini chuqurroq anglaydi, yoshlar esa ilmga va vatanparvarlikka yanada ko‘proq intiladi. Bu yerda olgan bilim va taassurotlarimizni xalqimizga yetkazishni o‘zimizga vazifa deb bilamiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani bosh imom-xatibi, «Muborak» jome masjidi imom-xatibi Otabek Xolmurodov Markaz kutubxonasida ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoitlarga e’tibor qaratdi.
Uning ta’kidlashicha, elektron kitoblar fondi, Brayl alifbosidagi adabiyotlar, maxsus tadqiqot xonalari va noyob manbalarning bir joyda jamlangani Markazni nafaqat muzey, balki keng qamrovli ilmiy resurs markaziga aylantirgan.
«Bu kutubxona ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchilar uchun haqiqiy bilim maskani ekan. Bu yerda yaratilgan sharoitlar ilm ahlini yanada ko‘proq izlanishga undaydi. Biz bu imkoniyatlar haqida yoshlarimizga albatta targ‘ibot olib boramiz», — dedi u.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani bosh imom-xatibi Ahmadxon Nizomov esa Markazning ilmiy konsepsiyasiga alohida to‘xtaldi.
Uning fikricha, har bir ekspozitsiya ortida keng ko‘lamli tadqiqotlar va ilmiy izlanishlar mujassam bo‘lib, bu yerdagi interaktiv muhit tashrif buyuruvchilarni faqat tomoshabin emas, balki izlanuvchiga aylantiradi.
«Bu yerga bir marta kelib barchasini to‘liq anglash qiyin. Har bir ekspozitsiya ortida katta ilmiy mehnat mujassam. Ayniqsa, allomalarimiz merosi, tadqiqot markazlari va interaktiv imkoniyatlar insonni yanada chuqur izlanishga chorlaydi. Bu maskan kelajak avlod uchun ulkan ma’naviy boylik va Yangi O‘zbekistonning ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiladigan muhim poydevordir», — dedi u.
Tashrif yakunida ishtirokchilar Markazda jamlangan boy ilmiy va madaniy meros, raqamli ekspozitsiyalar hamda ta’lim imkoniyatlarini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish Uchinchi Renessans g‘oyalarini hayotga tatbiq etish, milliy o‘zlikni anglash va ilmiy merosga qiziqishni yanada kuchaytirishga xizmat qilishini qayd etdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati