Hakimul ummat, Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy quddisa sirruh bunday deydilar: “Qalbga, biron yaxshi amalni qilib olayin, degan uy kelishi so‘fiylar istilohida “vorid” deyiladi. Ya’ni, men shu savob ishni qilayin, namoz o‘qib olayin, tahajjudga turayin, sadaqa berayin, birodarimga yordam qilayin, do‘stimning g‘amini ketkazayin, degan kabi o‘ylar kelishini “vorid” deydilar.
“Vorid” Alloh taolo tarafidan kelgan mehmondir. Agar sen bu mehmonni biroz bo‘lsa ham izzat qilsang, mehmonnavozlik ko‘rsatsang, u holda u yana keladi. Qaysi yaxshi amalni qilish fikri qalbingga kelsa, o‘sha zahoti uni bajarish mehmonnavozlikdir. Agar sen bir martta mehmonnavozlik qilmasang, u mehmon juda hurmatga sazovor bo‘lgani sababli huzuringa boshqa kelmay qo‘yadi. Uning qaytib kelmay qolishidan panoh so‘ragin. U mehmon qaytib kelmay qolishi, degani, endi qalbga yaxshi amal qilish fikri kelmaydi deganidir. Alloh taolo saqlasin. Qalbga muhr bosilsa, zang qoplasa, ana o‘shanda yaxshi amal qilish fikri kelmay qoladi".
“Nasihatlar guldastasi”dan.
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV