Shu yil 20-26 mart kunlari Iordaniya Hoshimiylar podshohligida 20-xalqaro Qur’on tilovati va yodlash musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2-kurs talabasi Muhammadamin qori Ahmadho‘jayev Vatanimiz sha’nini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu musobaqa Iordaniyaning Islomiy ishlar va ziyoratgohlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilishga o‘rgatish sanaladi. Musobaqa podshoh Abdulloh II ning bevosita homiyligi ostida o‘tkazilmoqda.
Alloh taolo hamyurtimiz Muhammadamin qoriga muvaffaqiyat va zafar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 16 may kuni Samarqand viloyati bosh imom-xatibi Ahmadxon domla Alimov Tayloq tumanidagi “O‘rta” masjidga bordi. Domla juma namozidan oldin “Kamtarga kamol, manmanga zavol” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy ma’ruza qildi.
Ma’ruzada insonning ichki kamolotga erishishida kamtarlikning naqadar muhim ekani, manmanlik va kibr kabi xulqlarning inson va jamiyat uchun keltirishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, Islom axloq-odobining oliy qoidalari, nafsni tarbiyalash, jamiyatda o‘zaro hurmat va insofni qaror toptirish kabi mavzular keng yoritildi.
Juma namozini o‘qish asnosida yurt tinchligi, el-yurt farovonligini so‘rab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati