Shu yil 20-26 mart kunlari Iordaniya Hoshimiylar podshohligida 20-xalqaro Qur’on tilovati va yodlash musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2-kurs talabasi Muhammadamin qori Ahmadho‘jayev Vatanimiz sha’nini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu musobaqa Iordaniyaning Islomiy ishlar va ziyoratgohlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilishga o‘rgatish sanaladi. Musobaqa podshoh Abdulloh II ning bevosita homiyligi ostida o‘tkazilmoqda.
Alloh taolo hamyurtimiz Muhammadamin qoriga muvaffaqiyat va zafar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bugun, 28 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov Jahon banki xususiy sektor diagnostikasi bo‘yicha delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida Muhammadolim domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salom va tilaklarini yetkazdi. So‘ngra yurtimizda ko‘plab sohalar qatori diniy-ma’rifiy sohada bo‘layotgan yangilanishlar haqida so‘zlash barobarida O‘zbekiston musulmonlari idorasi faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi.
O‘z navbatida delegatsiya a’zosi bo‘lgan katta iqtisodchi Levent Karaday samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, o‘zi faoliyat yuritayotgan xalqaro moliya tashkiloti xususiy sektorga sarmoya kiritishi, ayni maqsadda joriy yil boshida ham kelganlari, o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, shu bois ushbu yo‘nalishga qiziqish bildirayotganlarini aytib o‘tdi.
Muloqot davomida Diniy idora tasarrufidagi ziyoratgohlar, ularning faoliyati to‘g‘risida ham so‘zlab berildi. Shuningdek, xorijiy delegatsiya vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati