Shu yil 20-26 mart kunlari Iordaniya Hoshimiylar podshohligida 20-xalqaro Qur’on tilovati va yodlash musobaqasi bo‘lib o‘tadi.
Mazkur musobaqada O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Imom Faxriddin ar-Roziy o‘rta maxsus islom bilim yurtining 2-kurs talabasi Muhammadamin qori Ahmadho‘jayev Vatanimiz sha’nini himoya qiladi.
Ma’lumot o‘rnida ushbu musobaqa Iordaniyaning Islomiy ishlar va ziyoratgohlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad yosh avlodni Qur’oni karim ko‘rsatmalariga amal qilishga o‘rgatish sanaladi. Musobaqa podshoh Abdulloh II ning bevosita homiyligi ostida o‘tkazilmoqda.
Alloh taolo hamyurtimiz Muhammadamin qoriga muvaffaqiyat va zafar ato etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
#xabar #haj2025
Shu kunlarda Makkai mukarramada haj amallarini ado etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan ziyoratchilar uchun taniqli ulamolar, imom-domlalar bilan bir qatorda mutaxassis va otinoyilar tomonidan ham ma’rifiy suhbatlar uzviy davom ettirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha bo‘lim xodimi Munira Abubakirova va Toshkent shahar Yangihayot tumani bosh imom-xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi Sijoat Sharipova yurtimizning har bir hududidan kelgan ayol ziyoratchilar ishtirokida suhbatlar o‘tkazmoqda.
Shuningdek, oliy toifali shifokor Muhabbat Saatova ham tibbiy maslahatlar bermoqda.
Ma’rifiy uchrashuvlarda muborak zaminda toat-ibodat, duoyu zikr va ziyorat bilan mashg‘ul bo‘lib turgan diyorimiz ayollariga haj ibodati ruknlari, fazilatlari va safarda ayollarga oid tibbiy masalalar ham atroflicha tushuntirilmoqda. Ularni qiziqtirgan savollarga javoblar berilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati