Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Oktabr, 2026   |   5 Jumadul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:17
Quyosh
06:36
Peshin
12:09
Asr
15:58
Shom
17:45
Xufton
19:00
Bismillah
16 Oktabr, 2026, 5 Jumadul avval, 1448

Alloh adolatga, ehsonga amr etadi

24.03.2025   11320   11 min.
Alloh adolatga, ehsonga amr etadi

Qur’oni karim mo‘min bandalar uchun dunyo va oxirat saodatiga erishish manbaidir. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo‘lib, Qur’on tushirilgandir” (Baqara surasi 185-oyat).

Bu ma’nodagi oyatlar Qur’oni karimda juda ko‘p: “Bu kitobda shak-shubha yo‘q, u taqvodorlarga hidoyatdir” (Baqara surasi, 2-oyat).

“Ey odamlar! Sizga o‘z Robbingizdan mav’iza, ko‘ksingizdagi narsaga shifo, mo‘minlarga hidoyat va rahmat keldi” (Yunus surasi, 57-oyat).

Shu bois Qur’oni Karimni o‘qib, unga amal qilgan banda baxt-saodatli hayot kechirib, Yaratganning roziligiga erishadi, inshaalloh.

Qur’ondagi ogohlantirish va eslatmalar ba’zan juda qisqa tuyulsa-da, mulohaza qilgan sari ma’nosi kengayib boraveradi. Bir jumlada bir-biriga aloqasi bo‘lmagan holatlar keltirilgandek ko‘rinsa ham aslida ularning o‘zaro bog‘liqligi borligini anglay olmaymiz.

Jumladan, ushbu oyatdagi adolatli bo‘lish, yaxshilik qilish, yaqinlarga yordamlashishning bir o‘rinda kelishi ularning bir-biri bilan bog‘liq ekanini anglatadi: “Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar hamda zulmkorlikdan qaytaradir. U sizlarga va’z qilur. Shoyadki, eslasangiz” (Nahl surasi, 90-oyat).

Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu: “Qur’ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo‘lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan”, deganlar.

Alloh buyurgan adolat – islomiy mutloq adolatdir. Bu adolatga ko‘ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga odilona muomalada bo‘linadi. Hamma uchun o‘lchov bir.

«Bir qavmni qattiq yomon ko‘rishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin».

Bu – dushmanga nisbatan ham adolatli bo‘lish, demakdir. Bu o‘zi yomon ko‘rgan qavmlarga ham hech qanday shart-so‘zsiz, to‘g‘ridan to‘g‘ri, faqat adolat ila muomalada bo‘lishni taqozo etadi.

Bu esa uncha-muncha insonning qo‘lidan kelmaydi. Ammo iymon – Islom ne’matidan bahramand bo‘lganlarga, Allohning roziligini ko‘zlab hayot kechirayotganlarga bu ish ham ayni muddao, ko‘zlangan maqsad. Musulmonlar dinlarini mahkam tutgan paytlarida ushbu sifatlarini butun dunyoga amalda ko‘rsatganlar. Insoniyat tarixi avval ham, keyin ham bunday namunalarni ko‘ra olgani yo‘q. Faqat musulmonlardan, ular Islomni mahkam tutgan paytlarida ko‘rgan, xolos. Buning misollari son-sanoqsiz o‘lib, bu yerda ulardan birginasini keltiramiz:

Nabiy sollallohu alayhi vasallam sahobalardan Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuni Xaybar nomli joyga yuborib, ularning mevalari va ziroatlari mahsulini o‘lchab kelishni topshirdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u yerni fath qilgan chog‘larida Xaybar ahli bilan mahsulning yarmini berishga kelishgan edilar. U yerda yashovchi yahudiylar Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhuga pora berib, bu ishda o‘z foydalariga o‘zgarish qilmoqchi bo‘ldilar.

Shunda Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu ularga qarab: Allohga qasamki, huzuringizga men uchun xaloyiqning eng mahbubi bo‘lgan zotning oldidan keldim. Sizlar esa, Allohga qasamki, men uchun maymun va to‘ng‘izdan ham battarsizlar. Ammo u kishini yaxshi ko‘rishim va sizlarni yomon ko‘rishim sizlarga adolatsizlik qilishimga sabab bo‘la olmaydi, – dedilar. Shunda yahudiylar ajablanib: O‘zi osmonlaru yerni tutib turgan narsa ham shu, – deyishgan.

Alloh uchun bunday sof adolat o‘rnatish boshqa hech bir millatda, tuzum yoki dinda bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Hozirgi kunda adolat da’vosini qilayotganlarning adolatsizliklari ham iymonu Islomsiz sof adolat bo‘lishi mumkin emasligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Chunki haqiqiy adolat faqat haqiqiy taqvodor qalb egasidangina sodir bo‘lishi mumkin. Oyati karima bizga shuni o‘rgatadi: «Adolat qilingki, u taqvoga yaqinroqdir».

Qalbida taqvosi bor insonning Allohdan xabardorligi, Yaratganning roziligini topishga urinish hissi uning sof adolat uchun harakat qilishiga turtki bo‘la oladi.

Inson har bir holatida adolatli bo‘lmasa, qiyomatda yaxshiliklardan mahrum qoladi. Natijada zulm qilib, boshqalar haqini nohaq yegani sabab azoblanishi mumkin. Bu to‘g‘rida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bir qancha hadislar rivoyat qilingan.

Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kimda uch xislat bo‘lsa, unga Dovud (alayhissalom)ga berilgan yaxshilik ato etilibdi: g‘azab va rozilik vaqtida adolatli bo‘lish; kambag‘allik vaqtida ham va boylik vaqtida ham o‘rtacha bo‘lish, pinhon va oshkor holda ham birdek Allohdan qo‘rqish”, deganlar (Hakim Termiziy rivoyati).

Dovud alayhissalomga berilgan narsa, Qur’oni karimda xabar berilganidek, shukrdir. Demak, ushbu sifatlarga ega bo‘lgan kishi Dovud alayhissalom kabi shukr qilgan bo‘ladi.

Albatta , Alloh ezgu ishlarga buyuradi...

Butun olamning Parvardigori karami keng, saxovati cheksiz bo‘lgan zotki, U o‘z xazinai g‘aybiyasidan bandalariga qancha in’om qilsa-da, undan hech bir narsa kamaymaydi. Parvardigorimiz biz bandalarini ham O‘zining sifatlaridan o‘rnak olib, doimo xayru saxovatli bo‘lishga va ehson qilishlikka buyuradi.

“Ehson” deganda birovga biror ne’matni berish va fazlu karam ko‘rsatish tushuniladi. Lekin “ehson” so‘zi lug‘atda “yaxshilik qilish, ezgulik ko‘rsatish” ma’nolarini ham anglatadi. Alloh taolo Qur’oni Karimning bir necha oyatlarida ehson va yaxshilik qilishlikka buyurgandir. Ibroxim surasining 31-oyatida shunday marxamat qiladi:

“(Ey Muhammad!) Imon keltirgan bandalarimga ayting, namozni barkamol ado etsinlar hamda savdo-sotiq va oshna-og‘aynigarchilik bo‘lmaydigan kun (qiyomat) kelmay turib, Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan xufyona va oshkora ehson qilsinlar!”

“Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘sha yaxshiligi o‘n barobar qilib qaytariladi” (An’om surasi, 160-oyat).

Alloh taolo ehson qilishga buyurgan ekan bu faqat moddiy narsalarda bo‘ladimi? Unday bo‘lsa jannatga faqatgina boylar kiradiku? degan savollar paydo bo‘ladi.

Yo‘q! xayr-ehson qilish faqatgina biror narsasini boshqa bir kishiga berishdan iborat emas. Ehsonning turlari ko‘p: Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashish ham-ehson, birovni kechirish ham-ehson, boshga kelgan musibat va ozorlarga sabr qilish ham – ehson, xattoki birovga yaxshi muomalada bo‘lish ham ehsondir.

Demak, ehsonni boy yoki kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar xar qanday odam qila olishi mumkin.

Manbalarda kelishicha, Abdulloh ibn Muborak oddiy bir bog‘bonning o‘g‘li bo‘lib, o‘zining sa’y-xarakatlari va mehnatining evaziga juda boy-badavlat bo‘lgan ekan. U zot aqlli, diyonatli zuhdu taqvoga tayangan, sermuloxaza, oxiratni o‘ylab ish ko‘radigan inson bo‘lib, uning maqsadi molu-dunyosini Alloh roziligida xayriya ishlar va ezgu maqsadlarga sarflash bo‘lgan. Ular doimo atrofdagilarga, ko‘shnilarga, yetimlarga, nochorlarga, kambag‘al va miskinlarga yordam berardilar.

Abdulloh ibn Muborak rahimahullohning bir yaxudiy qo‘shnilari bor edi. Abdulloh o‘z bolalarini ovqatlantirishdan avval kambag‘al qo‘shnilarining bolalariga taom berar, farzandlarini kiyintirmasdan oldin yaxudiy qo‘shnilarining bolalarini kiyintirardilar. Odamlar yahudiyning oldiga kelib: “Xovlingni bizga sot”, deyishdi.

Shunda yahudiy: “Xovlimni ikki ming dinorga sotaman. Aslida uning narxi ming dinor, keyingi ming dinor esa Ibn Muborakka qo‘shni bo‘lganim uchun”, dedi. Keyinchalik o‘sha yahudiy qo‘shnilari Abdullohning duolari bilan musulmon bo‘ldi.

Bir kuni Ibn Muborakdan bir gadoy pul so‘ragan edi, u bir dirham ehson qildi. Shunda uning ba’zi do‘stlari: “Bu gadoylar qovurilgan go‘sht va falujaz (shirinlik) kabi taomlar iste’mol qiladi. Unga bu pulning bir qismini bersa ham kifoya qilardi”, deyishdi. Shunda Ibn Muborak: “Xudo haqqi, ular ko‘kat va nondan bo‘lak biror taom iste’mol qilmaydilar, deb o‘ylardim, basharti ular falujaz va go‘sht yer ekanlar, unda ularga bir dirxam yetmas ekan”, deydi va xizmatkorlaridan biriga: “Gadoyni qaytarib kelginda, unga o‘n dirxam ber”, deya amr qiladi.

Dunyodan o‘tgan ajdodlarimiz qilgan bunday yaxshiliklar, sadaqotlar, xayrli amallar bugun barchamiz uchun ibrat va dasturul amal bo‘lishi kerak.

Dunyoda nafas olib turibmiz ekan xayolimiz, fikrimiz va zikrimiz yaxshilik qilish bo‘lish kerak.

Albatta, Alloh qarindoshga yahshilik qilishga buyuradi...

Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi: «Ey odamlar! Sizlarni bir jon (Odam) dan yaratgan va undan jufti (Havvo)ni yaratgan hamda ikkisidan ko‘p erkak va ayollarni taratgan Rabbingizdan qo‘rqing! Shuningdek, o‘rtalaringdagi o‘zaro muomalada nomi keltiriluvchi Allohdan va qarindoshlar (aloqasini uzish) dan qo‘rqing! Albatta, Alloh sizlarni kuzatib turuvchidir» (Niso, 1).

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim rizqining keng bo‘lishini va orqasidan asari qolishini yaxshi ko‘rsa, silai rahm qilsin”, deganlar (Muttafaqun alayh).

Demak, qarindosh-urug‘larga yaxshilik, yordam va xayr-ehson qilgan odamning rizqini Alloh taolo kengaytirib qo‘yadi. Shu bilan birga vafotidan keyin yaxshi nom va xotira qoladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “(Silai) rahm Rahmon (ismi)ning bir bo‘lagidir, Alloh (rahmga) dedi: Kim seni (mahkam ushlab) bog‘lasa, men ham unga (aloqamni) bog‘layman, kim seni uzsa, men ham undan (aloqamni) uzaman”, deb xabar berganlar (Imom Buxoriy rivoyati).


Adolatning foydalaridan:

1. Adolat jamiyatda baqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
2. Adolat jamiyatda xotirjamlikni ta’minlashda xizmat qiladi.
3. Adolat mulkning barlavomligidir.
4. Adolat Alloh taoloning roziligiga erishtiradi.
5. Adolat xaloyiqning roziligiga erishtiradi.
6. Adolat odamlarni o‘z egasining yomonligidan saqlaydi.
7. Adolat sohiblari barcha yaxshilikka erishadilar.
8. Adolat ko‘pgina xayrli ishalar va toatlarning o‘rnini bosadi.
9. Adolat Islomda komil va shomildir.
10. Adolat jannatga eltuvchi yo‘ldir.

Mo‘min-musulmon odam o‘ziga, qo‘l ostidagilarga, oila a’zolariga, barcha insonlarga va maxluqotlarga nisbatan adolatli bo‘lishga harakat qilmog‘i matlubdir. Buning uchun u adolatga undovchi oyat va hadislarni tez – tez o‘qib, o‘rganib turishi lozim. Adolat haqidagi qissalardan bahramand bo‘lib turishi kerak. Adolatning foydalari va adolatsizlikning zararlarini esga olib turishi zarur.

Manbalar asosida “Yetti chinor” jome masjidi imom noibi
Muhammad Quddus Abdulmannon tayyorladi.

 

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

16.10.2026   8007   10 min.
Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda

Axborot manbasini aniqlash, ma’lumot kimdan olinganini tekshirish, turli rivoyatlarni o‘zaro solishtirish va ishonchli dalilni shubhali xabardan ajratish bugungi axborot makonining eng dolzarb masalalaridan biriga aylangan. Bundan qariyb o‘n ikki asr muqaddam Imom Buxoriy hadislarni saralashda manba zanjiri, roviylar ishonchliligi va rivoyatlarni qiyosiy tekshirishga tayangan ilmiy an’ananing eng mukammal namunalaridan birini namoyon etgan edi, xabar bermoqda iccu.uz.

2026 yilda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Islom sivilizatsiyasi markazi tashkilotchiligida Islom dunyosi ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti — ICESCO hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida o‘tkazilgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi – yirik xalqaro ilmiy loyiha ana shu merosga zamonaviy tadqiqot nuqtayi nazaridan qayta murojaat qildi. Ana shu forum doirasida Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada xalqaro olimlar, tadqiqotchilar tomonidan bir qator ma’lumotlar, yangiliklar taqdim etilgan. Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi ana shu materiallar asosida 16 mamlakat olim va tadqiqotchilari ishtirokida Imom Buxoriy shaxsiyati, “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asarining ilmiy metodologiyasi, qo‘lyozmalari, jahon ilmiy maktablaridagi o‘rni hamda asar atrofidagi tanqidiy bahslarni besh asosiy yo‘nalishda qamrab olgan qariyb 800 sahifalik ilmiy nashr ustida ishlamoqda.

Buxorodan boshlangan ilmiy yo‘l

Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 hijriy, 810 milodiy yilda Buxoroda tug‘ilgan. Yoshligidan hadis ilmiga qiziqqan alloma keyinchalik Makka, Madina, Iroq, Shom, Misr va Xuroson kabi o‘sha davrning yirik ilm markazlarida bo‘lib, ko‘plab muhaddislardan ta’lim olgan.

Uning eng mashhur asari — “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih”, keng tarqalgan nomi bilan “Sahih al-Buxoriy”, sunniy islom ilmiy an’anasida eng nufuzli hadis to‘plamlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.

Asarning ahamiyati faqat unda hadislar jamlangani bilan cheklanmaydi. Tadqiqotchilar uchun uning asosiy xususiyatlaridan biri — rivoyatlarni qabul qilish va saralashda qo‘llangan murakkab ilmiy mezonlardir.

Islom ilmlari tarixida sanad — xabar yoki hadisning bir roviydan boshqasiga yetib kelganini ko‘rsatuvchi rivoyat zanjiri — markaziy ahamiyat kasb etgan. Muhaddislar roviylarning tarjimayi holi, ishonchliligi, xotirasi, bir-biri bilan uchrashish imkoniyati va bir xabarning turli yo‘llar orqali qanday rivoyat qilinganini qiyosiy o‘rgangan.

Imom Buxoriy ana shu ilmiy muhitda faoliyat yuritib, hadislarni tekshirish va tasniflashda o‘ta yuqori talablar qo‘ygan olim sifatida tarixda qoldi.

“Sahih al-Buxoriy” — faqat to‘plam emas, ilmiy yondashuv

Imom Buxoriy merosiga bag‘ishlangan zamonaviy tadqiqotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri uning hadislarni tanlash uslubi va asarni tayyorlash yondashuvini o‘rganishga qaratilgan.

Manbalarda alloma “Sahih al-Buxoriy” ustida 16 yil ishlagani qayd etiladi. Asarni yaratishga turtki bergan omillar qatorida uning ustozi, IX asrda yashagan buyuk muhaddis, faqih va Qur’on tafsiri olimi, Xurosonning eng nufuzli ulamolaridan biri Is'hoq ibn Rohavayhning sahih hadislarni alohida kitob shaklida jamlash haqidagi taklifi ham keltiriladi.

Biroq ilmiy nuqtayi nazardan asarning qimmati uni yaratish uchun sarflangan vaqtdan ko‘ra qo‘llangan metodologiyada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.

Imom Buxoriy rivoyatlarning sanadiga, roviylarning maqomiga, ular o‘rtasidagi aloqa imkoniyatiga va hadislarning boshqa rivoyat yo‘llari bilan munosabatiga alohida ahamiyat bergan. Asardagi bob sarlavhalari ham oddiy texnik taqsimot emas: ular ko‘p hollarda muallifning fiqhiy xulosasi, dalilni qanday anglagani va bir rivoyatdan qanday huquqiy yoki axloqiy ma’no chiqarganini ko‘rsatadi.

Shu sababli “Sahih al-Buxoriy” asrlar davomida faqat o‘qilgan emas — sharhlangan, qiyoslangan, ko‘chirilgan, o‘qitilgan va tanqidiy tahlil qilingan.

Ilmiy konferensiya nimani o‘rgandi?

2026 yil 7–11 iyul kunlari Toshkent, Samarqand va Termiz shaharlarida I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi doirasida 9–10 iyul kunlari Samarqandda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ as-Sahih” asari — Ummat kitobi” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiya tashkil etilgan konferensiyaning ilmiy dasturi Imom Buxoriy merosini bir yoqlama tarixiy xotira sifatida emas, balki kompleks tadqiqot obyekti sifatida o‘rganishga qaratildi. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi tomonidan tayyorlanayotgan ilmiy nashr bu jihat alohida ahamiyat kasb etdi. Olimlar va tadqiqotchilar tomonidan quyidagi 5 yo‘nalishda Imom Buxoriy merosi tahlil qilindi.

Birinchi yo‘nalish Imom Buxoriy shakllangan tarixiy, jug‘rofiy, ijtimoiy va ilmiy muhitni qamrab oldi. Bunda Buxoro va Movarounnahrning hadis ilmi taraqqiyotidagi o‘rni, oilaviy tarbiya, ustozlar muhiti va allomaning ilmiy shaxsiyati shakllanishiga ta’sir qilgan omillar tadqiq etildi.

Ikkinchi yo‘nalish “Al-Jomi’ as-Sahih”ning ichki ilmiy mexanizmiga qaratildi. Tadqiqotchilar Imom Buxoriyning isnod tizimi, hadislarni saralash va tasniflash mezonlari, rivoyatlardagi yashirin nuqsonlarni aniqlash usuli, bob sarlavhalarini shakllantirish mahorati hamda dalillash prinsiplarini tahlil qildi.

Bu yo‘nalish asarga oddiy hadislar majmuasi sifatida emas, balki murakkab ilmiy arxitekturaga ega manba sifatida qarash imkonini beradi.

Uchinchi yo‘nalish dunyo kutubxonalari va qo‘lyozma xazinalarida saqlanayotgan “Sahih al-Buxoriy” nusxalariga bag‘ishlandi. Qo‘lyozmalardagi qiroat, samo’, ijoza, muqobala va turli ilmiy qaydlar asarning asrlar davomida qanday o‘qilgani, ko‘chirilgani va avloddan avlodga yetkazilganini o‘rganish uchun muhim material hisoblanadi.

Bunday manbalar bir matnning tarixiy harakatini kuzatish, nusxalar o‘rtasidagi farqlarni aniqlash va asarning ilmiy transmissiyasini tiklash imkonini beradi.

To‘rtinchi yo‘nalish turli mamlakat va ilmiy maktablarning “Sahih al-Buxoriy”ni o‘rganishga qo‘shgan hissasini qamrab oldi. Asar asrlar davomida Shimoliy Afrikadan Markaziy Osiyoga, Yaqin Sharqdan Janubiy Osiyogacha bo‘lgan keng hududlarda o‘qitildi, sharhlandi va tadqiq qilindi.

Bu geografiya Imom Buxoriy merosining faqat bir davlat yoki mintaqa doirasidagi tarixiy qadriyat emasligini ko‘rsatadi.

Beshinchi yo‘nalish “Sahih al-Buxoriy” atrofida turli davrlarda bildirilgan ilmiy e’tirozlar, bahsli masalalar va ularga berilgan javoblarni o‘rganishga bag‘ishlandi.

Bu yo‘nalishning konferensiya dasturiga kiritilishi muhim: ilmiy merosni asrash uni faqat ulug‘lash bilan emas, balki unga qaratilgan savollarni ham ochiq ilmiy muhokama qilish bilan amalga oshirilishini ko‘rsatadi.

16 mamlakat tadqiqotchilari ishtirokidagi nashr

Konferensiya yakunlari keyinchalik alohida ilmiy nashrga aylandi.

ICESCO 2026 yil 16 iyulda “Imom Buxoriyning “Al-Jomi’ al-musnad as-sahih” asari: Ummat kitobi. Isnod va tasdiq sivilizatsiyasining ilmiy timsoli” nomli fundamental nashr tayyorlanmoqda.

Nashrda 16 mamlakat olimlari va tadqiqotchilari ishtirok etdi. Unda konferensiyaning yuqorida sanab o‘tilgan besh asosiy ilmiy yo‘nalishi bo‘yicha taqdim etilgan tadqiqotlar jamlanmoqda.

Nashr hadis ilmi tarixi bilan birga manbashunoslik, qo‘lyozmashunoslik, matn tanqidi, rivoyat metodologiyasi va islom intellektual tarixi uchun ham yangi tadqiqot materiallarini bir maydonga to‘pladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa to‘plamdagi tadqiqotlar annotatsiyalarini o‘zbek tiliga tarjima qilishda ishtirok etdi.

Qadimiy sanad tizimi va zamonaviy axborot muhiti

Imom Buxoriyning ilmiy uslubini zamonaviy jurnalistika yoki bugungi faktcheking tizimi bilan aynan tenglashtirish tarixiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi. Ular turli davrlar, vazifalar va ilmiy muhitlarga tegishli.

Biroq ular o‘rtasida muhim intellektual nuqta bor: axborotning o‘zi yetarli emas — uning manbasi ham tekshirilishi kerak.

Hadisshunoslik an’anasida “Bu xabar kimdan keldi?”, “Uni yetkazgan shaxs qanchalik ishonchli?”, “U mazkur ma’lumotni bevosita olishi mumkin bo‘lganmi?”, “Boshqa rivoyatlarda bu xabar qanday keltirilgan?” kabi savollar ilmiy tekshiruvning bir qismiga aylangan.

Bugun raqamli platformalar orqali ma’lumot bir necha soniya ichida millionlab odamlarga yetib borayotgan sharoitda ham manbani aniqlash, birlamchi ma’lumotni topish, mustaqil tasdiq izlash va xabarni kontekstda baholash ishonchli axborotning asosiy shartlaridan bo‘lib qolmoqda.

Shu nuqtayi nazardan Imom Buxoriy merosi faqat diniy yoki tarixiy ahamiyatga ega emas. U ma’lumot bilan ishlashda mas’uliyat, tekshirish va dalilga tayanish madaniyati qanday shakllanganini o‘rganish uchun ham muhim tarixiy tajribadir.

Imom Buxoriy tadqiqotlari uchun institutsional baza

Imom Buxoriy merosini tizimli o‘rganish O‘zbekistonda so‘nggi yillarda maxsus ilmiy muassasalar faoliyati bilan ham mustahkamlanmoqda.

2016 yil 18 oktyabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida o‘sha paytda Prezident vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy yodgorlik majmui qoshida buyuk allomalar merosini o‘rganishga ixtisoslashgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan.

2017 yil 27 martda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlariga oid Prezident qarori qabul qilindi.

Bugun Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va boshqa ixtisoslashgan ilmiy muassasalar o‘rtasidagi hamkorlik qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy nashrlar tayyorlash va O‘zbekistonda shakllangan intellektual merosni xalqaro akademik muhitga olib chiqish imkoniyatlarini kengaytirmoqda.

Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro konferensiya va 16 mamlakat olimlari ishtirokida tayyorlanayotgan yangi ilmiy nashr esa Imom Buxoriy merosini faqat tarixiy xotira sifatida emas, balki hali ham tadqiq qilinishi, bahs qilinishi va yangi ilmiy savollar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan tirik intellektual meros sifatida namoyon etishi kutilmoqda.

Axborot hajmi ortib, haqiqat bilan talqin, ishonchli manba bilan tasdiqlanmagan xabar o‘rtasidagi chegara tobora murakkablashayotgan bir davrda bu merosdan chiqadigan eng muhim xulosa sodda: ishonchli bilim manbani tekshirishdan boshlanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati

 

Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda Besh yo‘nalish, 16 mamlakat, bir buyuk meros: “Sahih al-Buxoriy” bo‘yicha yangi xalqaro tadqiqot nashri tayyorlanmoqda
O'zbekiston yangiliklari