Mana, muborak Ramazon oyi ham o‘z poyoniga yetdi. Ramazon kechalarini ibodat bilan o‘tkazganlarimiz, kunduzlari ro‘zador yurganlarimiz, tunu kun Qur’on o‘qiganlarimiz esingizdami?!
Namozlarimizni masjidlarda jamoat bilan o‘qishga qattiq harakat qilar edik. Masjidlar ham namozxonlarning ko‘pligidan to‘lib-toshib ketardi. Shu damlarni esingizdan chiqarmadingizmi?!
Xo‘sh, endi ayting-chi! Hozir ham Ramazondagi kabi hayot tarzidamizmi?! O‘sha kunlarda bo‘lgani kabi bir kecha Qur’on o‘qimay qolsak xijolat bo‘lamizmi?! Kunduzgi va tungi amallarimizni puxta bajarishga kirishganmizmi?! Tafakkur, xushu’, taammul va bo‘yinsunish ila Rabbimizdan qo‘rqyapmizmi?!
Odamlarning Ramazondagi va undan boshqa paytlardagi holatlarini solishtirgan kishi dangasalik, ibodatlarga loqaydlikni ko‘rib, hayratdan yoqa ushlaydi. Ularning holatlaridan “Tavba, ibodat faqatgina Ramazon oyiga tegishlimi?! Alloh taolo barcha oylarning ham Robbi-ku?!
Ramazon oyi boshqa oylarda ibodatlarga ixlos ila yondashish uchun zaxira to‘plab olinadigan oydir.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Kim bo‘shashish, dangasalik va rohat tomon og‘sa, hech ikkilanmay aytish mumkinki, u odam haqiqiy rohatdan quruq qolibdi”.
Bir hikmat bor: “Charchamaslikni xohlasangiz, charchab (bo‘shashib) qolmaslik uchun (ibodat bilan) charchang!”.
Bu kabi tavsiyani Alloh taolo O‘z Nabiyyiga bergan: «Forig‘ bo‘lsang, (ibodatga) uringin»[1]. Chunki dangasalik orqali haqni yetkazib bo‘lmaydi, vojiblarni ado etish qiyin masala.
Ibodatga sho‘ng‘ish, tinmay mashg‘ul bo‘lish, yaqinlarining haqlaridan ularni mahrum qilish Payg‘ambar alayhissalomning sunnatlari emas. Aksincha, har ishda mo‘tadillik lozim. Yaxshi ishni oz-ozdan bo‘lsa ham doimiy qilib yurgan afzal.
Tavbadan keyin qilingan bir gunoh undan avvalgi gunohdan anchayin yomonroqdir. Kasallikning qaytalanishi birinchisiga qaraganda anchayin qiyin kechadi. To dunyodan o‘tguningizga qadar toatlarda mahkam turish, astoydil bo‘lishni Alloh taolodan so‘rang. Qalblarning almashinuvidan esa panoh tilang. To‘qigan narsasini tayyor bo‘lganidan keyin qirqim qilib kesib, chuvalab tashlagan ayolga o‘xshamang.
Allohning toati yo‘lida sizga yordamchi bo‘ladigan kishini do‘st deb biling. Ramazon oyida duo qilishga haris bo‘lganingizdek, boshqa oylar ham duoda mahkam bo‘ling. Haftada bir marotaba bo‘lsa ham tahajjudga turing. Qur’on tilovatini unutmang. Ramazondan keyin ham Ramazondagi holatingizda davomli bo‘ling.
[1] Sharh surasi, 7-oyat.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ramazon ketmaydi… agar uning asari qalbimizda qolsa.
“Xayr, ey Ramazon”, demanglar. Balki: “Ramazonda boshlagan hayotimiz xush kelibsan”, denglar.
Chunki mo‘min bir ibodatni tark etmaydi — balki boshqasiga o‘tadi, bir yaxshilik eshigi yopilmaydi — balki qalbida yana boshqa eshiklar ochiladi.
Doimo esda tutinglar: Ramazonning Parvardigori — butun yilning ham Parvardigoridir. Shuning uchun U bilan bo‘lgan ahdni oy tugashi bilan buzmanglar.
Ro‘za — bu maktabdir. Kim halol narsalardan bir oy o‘zini tiysa, u haromdan butun umr o‘zini tiyishga qodir bo‘ladi.
Qur’on — do‘stdir. Uni Ramazonda ko‘z yoshlaringiz va qalb nuringiz bilan bezagan bo‘lsangiz, endi uni chang bosib ketishiga yo‘l qo‘ymanglar.
Iydni Ramazonning tugash nuqtasi emas, balki yangi sahifaning boshlanishi deb bilinglar.
Qalbingizga tushgan o‘sha sokinlikni, ruhingizni poklagan o‘sha musaffolikni asranglar.
Ramazondan kechirimlilikni olinglar, ro‘zadan sabrni, tungi ibodatdan Allohga yaqinlik lazzatini olinglar va shu bilan hayot yo‘llaringizda davom etinglar.
“Ibrat faqat ro‘za tutib, tunni qoim qilganda emas, balki tavbasi qabul bo‘lib, istiqomatda sobit qolgan kishidadir”.
Homidjon qori ISHMATBЕKOV