Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.
Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.
So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.
Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar.
Akbarshoh Rasulov
Shu yil 9 iyun kuni Bekobod tumanidagi «Dalvarzin» jome masjidida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Musoxon domla Boboyev, viloyatning tumanlar/shaharlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, Bekobod tumanidagi masjidlar imom-xatiblari, noiblar, hojilar va mahalla faollari ishtirok etdi.
Yig‘ilish qatnashchilari Bekobod tumanining 19 ta masjidi hamda 22 ta mahallasiga biriktirildi.
Tadbir doirasida har bir mahallaning kamida 5 tagacha muammoli xonadoniga kirilib, u yerda yashayotgan kishilardan hol-ahvol so‘raldi.
Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 110 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlari olib bordi.
Jazoni ijro etish muassasasidan ozod qilingan 2 nafar fuqaroa bilan suhbatlashildi, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi.
Notinch oilalar o‘rganilib, ular yarashtirildi.
Shuningdek, 20 ta xonadonda ichkilikka ruju qo‘ygan kishilar bilan suhbatlar o‘tkazildi.
Ma’naviy ko‘makka muhtoj 7 ta oila ila muloqot qilindi.
Muxtasar aytganda, birgina shu tadbir doirasida barcha jihat qamrab olindi.
Ishchi guruh a’zolari – imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozidan so‘ng qavmga «Tinchlik-xotirjamlik ne’mati», «O‘zaro hamjihatlik», «Oila – muqaddas dargoh», «Yangi O‘zbekistonda inson qadri», «Shukronalik – buyuk fazilat», «Farzand tarbiyasi», «Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir», «Qo‘ni-qo‘shnichilik huquqlari», «Islohotlar – xalq manfaati uchun», «Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish» kabi dolzarb mavzularda mav’izalar qilishdi.
Bu jarayonda 1370 nafardan ortiq tinglovchi (namozxon) qamrab olindi.
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati