Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Aprel, 2026   |   25 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:28
Asr
17:05
Shom
19:06
Xufton
20:22
Bismillah
14 Aprel, 2026, 25 Shavvol, 1447
Maqolalar

Hayitlik

25.03.2025   14536   2 min.
Hayitlik

Hayitda ota o‘g‘liga oyoq kiyim olib berish uchun bozorga olib bordi. Do‘konda o‘g‘li bir oyoq kiyim yoqqanday bo‘ldi. Shu payt do‘kon yonidan bir bola narsa sotib o‘tib qoldi. U do‘konga mo‘ralab, sotayotgan yeguligidan olishga chorlarkan, otasi oyoq kiyim olib berayotgan bolaga havaslanib qarab qoldi. Ota o‘g‘lining e’tibori tengdoshiga tushganini ko‘rdi. O‘g‘li uning eskirib ketgan kiyim-boshiga qarab, achinganini sezdi. Boyagina o‘ziga yoqqan oyoq kiyimni kiyib, shodlangan chehrasi mayuslashdi.

Ota o‘g‘lidan: “U bolani ham xursand qilmoqchimisan?”, deb so‘radi. O‘g‘lining yuz-ko‘zlari quvonchdan porladi: “Otajon! Unga ham shu oyoq kiyimdan olib berasizmi?” deya otasini quchoqlab minnatdorlik bildirdi. Ota narsa sotib yurgan bolani chaqirdi. O‘g‘liga olib bergan oyoq kiyimdan unga ham olib, kiydirdi. Bola oldiniga ishonqiramadi.

So‘ng xursand bo‘lganidan yig‘lab yubordi. Bu saxovatli amakiga rahmat aytib, qo‘lini o‘pmoqchi bo‘ldi. Amaki esa uning boshini silab: “Hayit muborak bo‘lsin, bolam!” dedi. “Sizga ham bayram muborak bo‘lsin, pullaringiz bundan ham ko‘paysin!” deya tezda javob qaytardi bola. Ota zimdan o‘g‘liga qaradi. Uning xursandligini ko‘rib, Alloh taologa shunday salim qalbli farzand bergani uchun shukronalar aytdi. O‘ylab qarasa, u o‘g‘liga hayitlik uchun bir oyoq kiyim olib beribdi. O‘g‘li esa unga bebaho narsalar – yaxshilik qilishning huzuri va shukronalik tuyg‘usini hadya qilibdi.

Haqiqiy hayitlikni Alloh taolo uchovlariga ham ato etibdi.
 

Yaxshilik qilish bandani jannatga olib borishi Qur’oni karim va hadisi shariflarda juda ko‘p aytilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Sizlardan birortangiz o‘zi yaxshi ko‘rgan narsasini birodariga ravo ko‘rmaguncha mo‘min bo‘la olmaydi”, deganlar. 

Akbarshoh Rasulov

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xushxabar: Toshkent islom instituti ustozlari qiroat ilmi bo‘yicha ijoza oldi

13.04.2026   6001   1 min.
Xushxabar: Toshkent islom instituti ustozlari qiroat ilmi bo‘yicha ijoza oldi

Islom olamida Qur’oni karimni muayyan qiroat yo‘nalishi va sanad (ustozlar zanjiri) bilan o‘rganish hamda bu borada ijoza olish qadimiy an’ana bo‘lib, u ilohiy kalomni asl holicha saqlashga xizmat qiladi.


Toshkent islom instituti huzuridagi “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursida ushbu xayrli an’ana izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, quyidagi ustozlar qiroat ilmini muvaffaqiyatli yakunlab, ijoza sohibiga aylandi: 
 

  • Nurulloh qori Saydullayev – “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursi ustozi. U kishi Imom Osim qiroatining Hafs rivoyatini “Shotibiy” yo‘li asosida to‘liq topshirdi.

  • Fayzulloh qori Izzatullayev – O‘quv kursining Yangiyo‘l tumani filiali ustozi, Zangiota tumanidagi “Sadr ota” jome masjidi imom-xatibi. Fayzulloh qori Imom Osim qiroati, Hafs va Sho‘ba rivoyatlarini “Shotibiya” yo‘li orqali yakunladi. 
     

Qur’oni karimni mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha to‘liq xatm qilgan ustozlarimizga ijoza shahodatnomalarini 10 ta qiroat sohibi, Al-Azhar shayxi Ibrohim Muhammad tantanali ravishda topshirdi. Mazkur hujjat sohibiga Qur’oni karimni nafaqat qiroat qilish, balki o‘zlashtirilgan yo‘nalishlar bo‘yicha boshqalarga ham dars berish huquqini beradi. 
 

Ma’lumki, ijoza – Qur’oni karimni rivoyat qilish uchun ustoz tomonidan beriladigan ilmiy izndir. Bu shahodatnomaning ahamiyati shundaki, uning silsilasi ustozdan ustozga o‘tib, bevosita Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamga borib taqaladi. 
 

Alloh taolo ustozlarimizning ilmiy faoliyatlarini xayrli va barakotli qilsin. Qur’on nuri bilan xalqimiz ma’rifatini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlarida zafarlar yor bo‘lsin! 

Oliymahad.uz


 

Xushxabar: Toshkent islom instituti ustozlari qiroat ilmi bo‘yicha ijoza oldi Xushxabar: Toshkent islom instituti ustozlari qiroat ilmi bo‘yicha ijoza oldi
O'zbekiston yangiliklari