Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda. “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” tashabbusi doirasida bo‘lib o‘tayotgan xayrli ishlarda o‘tgan yilning iyul oyidan joriy yilning 24 martiga qadar 473 972 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi. Ularning oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi.
Diniy soha vakillari bilan bir qatorda 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida nizoli oilalar yarashtirilmoqda, yot unsurlar ta’siriga tushib qolganlar to‘g‘ri yo‘lga qaytmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ مُسْلِمِ بْنِ عَبْدِ اللهِ الْحَنَفِيِّ قَالَ: بِرَّ وَلَدَكَ فَإِنَّهُ أَجْدَرُ أَنَّ يَبَرَّكَ فَإِنَّ مَنْ شَنَأَ عَقَّهُ وَلَدُهُ
Muslim ibn Abdulloh Hanafiydan rivoyat qilinadi: “Bolangga yaxshilik qil. Shunda u senga yaxshilik qiladi. Kim yomonlik qilsa, bolasi unga oq bo‘ladi”.
Bolang kichikligida sen unga yaxshilik qilib, tarbiyasini va muomalasini yaxshi qilgin, qariganingda u senga yaxshilik qaytaradi. Ammo kim yoshligida farzandiga yomonlik qilib yurgan bo‘lsa, qariganida farzandidan ko‘radi.
Ota-ona o‘zining farzandi oldidagi majburiyat va mas’uliyatini sharaf bilan ado etib qo‘ysa, qariganida albatta qilgan yaxshiliklari bolasidan qaytadi.
Xuddi shu ma’noga o‘xshash yana bir gap bor. Kim yoshligida ota-onasiga yaxshilik qilsa, qariganida unga ham bolasi yaxshilik qiladi. Bu holat aksincha bo‘lishi ham mumkin.
Otamiz rahmatli shu ma’nodagi hikoyani bir necha marta takrorlaganlarining guvohi bo‘lganmiz.
Shunday ekan, har bir kishi ota-onasiga ham, farzandiga ham doimo yaxshilik qilish payidan bo‘lishi kerak. Qisqasi, har kimga shariat tomonidan berilgan haqning rioyasini qilish lozim.
«Yaxshilik va silai rahm» kitobi 1-juz.