O‘zbekiston musulmonlari idorasida Islom sivilizatsiyasi markazi Qur’oni karim zali ekspozitsiyasini tashkil etishga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda, shuningdek, Qur’on qo‘lyozmalarning faksimile nusxalarini yaratish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun, Markazning eng asosiy qismida Qur’oni karim zali o‘rin oladi. Bu yerda musulmon dunyosining ma’naviy durdonasi – qadimiy Usmon Mus'hafi joylashtiriladi. Shuningdek, somoniylar, qoraxoniylar, xorazmshohlar, O‘zbekxon, temuriylar va boshqa tarixiy sulolalar davrida bitilgan muqaddas kitobimiz nusxalari va ularning eski o‘zbek tilidagi tarjimalari qo‘yiladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati
Toshkent islom institutida diniy ta’limning samarali usullaridan biri bo‘lgan «xatmul kutub» (kitoblarni to‘liq o‘qib tugatish) an’anasi izchil davom etmoqda.
Ana shunday ilmiy-ma’rifiy tadbirlardan biri – alloma Nuriddin Abdurahmon Jomiyning «Asrlarni zabt etgan asar» («Sharhi Mullo») kitobi xatmiga bag‘ishlandi.
Institut tashabbusi bilan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi kutubxonasida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan ulamolar, soha mutaxassislari ustoz va talabalarning ilm yo‘lidagi g‘ayrati hamda sabr-matonatini yuqori baholadilar.
Arab tili grammatikasiga oid ushbu mashhur asar «Tillar» kafedrasi mudiri Ulug‘bek domla Hasanov, o‘qituvchilar Yoqubjon domla Buxorbayev va Abdulbosit domla Nurillayev rahbarligida 2-kurs talabalari ikki yil davomida dars va to‘garaklarda o‘qib, to‘liq xatm qilishdi.
Tadbir davomida talabalar tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. Shundan so‘ng ustoz va shogirdlar ishtirokida kitobning yakuniy qismi o‘qib tugatildi.
Marosim so‘ngida kitobni muvaffaqiyatli xatm qilgan 55 nafar talabaga «Sharhi Mullo» kitobi bo‘yicha ijozat shahodatnomalari, tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati