Munosabat
Allohga shukrki, bu yilgi Ramazon oyi yurtimizda yanada fayzli, barakali o‘tmoqda. Mahallayu guzarlarda, xonadonlarda xayru saxovat tadbirlari, ehtiyojmand insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi savobi ulug‘ amallar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, ulug‘ ayyom kunlarining bunday shukuhli o‘tishi, oilalardagi quvonchu shodliklar Yaratgan Parvardigorning diyorimizga ato etgan tinchlik ne’matidandir.
25 mart kuni yurtimizning barcha hududlarida ehson dasturxonlari yozilib, iftorlik marosimlari o‘tkazilgani muborak oy shukuhini yanada oshirdi. Ularga oltmish mingdan ziyod hamyurtlarimiz taklif etilib, ro‘zadoru ehtiyojmandlar, nuroniy otaxon-onaxonlar, duogo‘y mo‘ysafidlarning ko‘ngli olindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ezgu duolar ila o‘tgan tadbirda qalblarimiz shodlikka to‘lib, yana bir bor shukronalik hissini tuydik. Albatta, bunday xayrli amallarning ajru savoblari ham ulkan bo‘ladi.
Ramazon oyida yurtimizda yetim-yesir, beva-bechora, bemorlar va ehtiyojmandlar holidan xabar olish, ro‘zadorlarga iftorlik qilib berishdek savobli amallar necha asrlik ezgu an’analarimizdan. Bunday xayrli tashabbuslar kun sayin kengayib borayotgani mamlakatimizga fayz-baraka yog‘ilib turganidan yana bir nishona.
Mohi Ramazon nafaqat shaxs kamoli, nafs tarbiyasida, balki jamiyatga bir qancha ijobiy ta’sir ko‘rsatishi jihatidan ham ahamiyatli. Bu oyda kishilar o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlikda bo‘ladi. Hamma bir vaqtda ro‘za tutib, taomlanishni boshlashi jamiyatda birlik va bir-birini tushunish hissini kuchaytiradi. Kambag‘allarga yordam berish, ehsonlar qilish orqali kam ta’minlangan qatlamning turmush darajasi yaxshilanadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida bugunning dolzarb vazifasi — farzandlarimizni ilm-ma’rifatga targ‘ib etish, yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida imom-xatiblar, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlar, mahalla faollari, hojilarimizning o‘rni beqiyos ekaniga urg‘u qaratdi. Jamiyatimizdagi ezgu ishlarda din peshvolari, nuroniylar, keng jamoatchiligimiz faol ishtirok etayotganini minnatdorlik bilan ta’kidladi.
Bu samimiy e’tirof bizga yanada katta mas’uliyat yuklab, yoshlarni tashqi ta’sirlardan himoyalash borasida bundan-da faol bo‘lishga undaydi.
O‘tkazilgan iftorliklarning fazilatlariga kelsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadislari yodga tushadi:
“Ro‘zadorga iftorlik bergan odam, o‘sha ro‘zadorning ajriga teng savob oladi” (Imom Termiziy rivoyati). Bu hadisdan anglashiladiki, iftorlik ulashish insonga ulkan savob va baraka olib keladi. Uyda oila a’zolari bilan, qo‘ni-qo‘shni, kam ta’minlangan kishilar va muhtojlar bilan birga iftorlik qilish islom axloqining muhim qismidir. Chunki Alloh taolo bizlarni bir-birimizga yordam berish, mehr-oqibat ko‘rsatishga buyuradi. Islom dini mehr-oqibatni insonning eng ulug‘ xislatlaridan biri sifatida ulug‘laydi.
Bunday ajri ulug‘ ishlar Ramazon hayiti kunlarida ham davom etadi. Bu kun xursandchilik qilinadigan, qavm-qarindoshlar, yoru do‘stlar o‘zaro diydorlashib, bir-birlaridan hol-ahvol so‘raydigan, Alloh taoloning fazlu marhamati yog‘iladigan kundir. Shuning uchun ham iyd kunlari butun yurtimizda keng miqyosda nishonlanadi.
Kecha davlatimiz rahbarining “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda bu kunlarni bayramona o‘tkazish, mahallalarda o‘zaro hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi.
Albatta, bunday bayramlar, shodiyonalar tinch-osoyishta elga tatiydi. Zero, tinchlik va totuvlik har bir jamiyatning eng katta boyligi hisoblanadi. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surishi Allohning buyuk ne’matidir. Buni qadrlashimiz va shukrona qilishimiz lozim. Bayram kunlarida, garchi ayb boshqa tomonda bo‘lsa ham, o‘zimiz borib, do‘stlik va og‘a-inilik rishtalarini tiklasak, katta ajr-savobga erishamiz.
Yana bir narsani eslatib o‘tish lozim: bu hayit kunlarini azaga, hafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarni eslash, ruhlarini shod etib, duoyi hayrlar qilish yaxshi amal. Lekin bular bayram shukuhiga ta’sir qilmasligi zarur. Bu kunlarda yaqinlarini yo‘qotgan xonadonlarga borib, yaralarini yangilab yurish musulmonga yarashmaydi. Shunday ekan, bu ayyomni shodiyona bilan o‘tkazaylik.
Hayit chinakam bayram ekan, bu kunda bir-birimizga xursandchilik ulashaylik. Imkon bo‘lsa, ahli oilamiz, farzandlarimizga hadyalar beraylik. Oilalarda nafaqat Ramazon oyi, hayit kunlari, balki boshqa paytlarda ham bayramona kayfiyat hukm sursin.
Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Yaxshilarning ishi — yaxshilik qilishdir”, degan hikmatini bejiz tilga olmadi. Ramazon oyi tufayli nafslarimiz imkon qadar tarbiyalandi, go‘zal xulqqa, o‘zgalarga yordam berish kabi yaxshi xislatlarga odatlandik. O‘zimizni yomon odat va ishlardan tiyishni o‘rgandik. Endi mana shu odatni saqlab qolib, bundan keyin ham davom ettirishga harakat qilaylik. Erishgan ma’naviy darajamizni bir umrga saqlab qolishga intilaylik. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorug‘ va bardavomdir.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berishicha, may oyining 13-sanasida bir kunda 3 mlrd so‘mlik energoresurslarini talon-toroj qilish holatlari aniqlangan. Afsuski, bugun bunday gaz va elektr energiyaga yashirincha ulanib, davlatga milliardlab zarar yetkazgan kimsalar haqidagi xabarlarni tez-tez o‘qib qolamiz.
Birovning, ayniqsa, xalq haqidan qo‘rqmay o‘g‘rilik orqali manfaat topmoqchi bo‘layotgan insonlar oramizda ko‘plab topiladi. Bundaylarning nazdida gaz, suv, elektr energiya tuganmas boylik. Undan har kim o‘z manfaati yo‘lida foydalanishi mumkin. Biroq bu ne’matlar xonadonlarga kirib borishi uchun minglab insonlar mehnat qilishini, davlat esa milliardlab mablag‘ sarflashini, ular ham bir kun tugab qolishini xayoliga ham keltirmaydi.
Aslida ushbu ne’matlardan oqilona foydalanish, isrof qilmaslik nafaqat fuqarolik majburiyatimiz, balki insoniy vazifamiz, mo‘minlik burchimizdir.
Aytish joizki, uyda, ishda, ko‘chada kommunal to‘lovlar atrofida aylanayotgan qator muammolar haqida ko‘p eshitamiz, ba’zan o‘zimiz uning guvohi yoki bevosita ishtirokchisiga aylanamiz. Lekin bu muammolar to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmaslik yoki ayrim nobop kimsalarning qilmishi oqibatida yuzaga chiqayotgani yodimizga ham kelmaydi. To‘lovlarni imkon bo‘la turib asossiz bahonalar yoki o‘z vaqtida to‘lamaslik yoki hisoblagich jihozlarini teskariga aylantirish yoxud har xil hiylalar ishlatib, ularni to‘lashdan qochish davlatning va xalqning haqini yeyish hisoblanadi. Chunki tabiiy boyliklar davlat va xalq mulkidir.
Qolaversa, kommunal xizmatlardan foydalanish uchun har bir xonadon ta’minotchilar bilan shartnoma tuzib, qo‘l qo‘ygan va o‘zaro kelishuvda to‘lovni o‘z vaqtida ado etishga kelishgan. Shu bois to‘lovlarni vaqtida ado etishimiz shar’an ham joiz.
Ta’kidlash lozimki, xalqning mulkida barcha fuqarolar, xususan, kam ta’minlanganlar, nogironlar, yetim-yesirlar, keksalarning haqi bor. Ulardan foydalanishga kelganda faol bo‘lib, to‘lovga kelganda qochayotgan, paysalga solayotganlar yuqorida zikr etilgan qatlamlarning ham haqini o‘zlashtirib, nohaq yeyayotganini bilib olsinlar. Zero, Qur’oni karimda: “Ey iymon keltirganlar, bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemanglar” (Niso surasi 29-oyat), deya ogohlantirilgan. Shunday bo‘lgach, har bir fuqaro o‘zgalarning moliga, ayniqsa, jamoat mulkiga xiyonat etmasligi darkor! Bunga e’tiborsizlik oxiratda yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Havla binti Amr roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar: “Ba’zi bir odamlar Allohning mulki (jamoat pullari)ga xiyonat qiladi. Qiyomat kuni ular jahannamga ravona bo‘lishadi” (Imom Buxoriy rivoyati). Shunday ekan, bu masalaga jiddiy yondashishimizga to‘g‘ri keladi.
Shuningdek, gaz, elektr energiya va suv kabi ne’matlardan oqilona foydalanish ham dinimiz talabidir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Iqtisod qilgan kimsa kambag‘al bo‘lmas, maslahat qilgan pushaymon bo‘lmas” (“Mushkotul nasobih”), deb tavsiya berganlar.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “Solih hidoyat, go‘zal ko‘rinish va iqtisodli bo‘lish nabiylikning yetmishdan bir juzidir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, doim ahli solihlardan bo‘lib, tejamkor bo‘lish, isrofga yo‘l qo‘ymaslik, har bir narsani o‘z o‘rnida, me’yorida tasarruf qilish, keragidan ortiq, behudaga sarflamaslik nabiylikning yetmish juzidan bir juz, yetmish bo‘lagidan bir bo‘lak ekan. Buni har bir mo‘min-musulmon yaxshi anglab, hayotiga tatbiq qilishi lozim.
Xulosa qilib aytganda, halollik inson hayotini xotirjam, osoyishta va farovon qiladi. Shunday ekan, kommunal to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lab, xalq haqiga xiyonat qilmaylik, azizlar!
G‘ayrat BOZOROV,
Dehqonobod tumani
“Oqrabot ota” jome masjidi
imom-xatibi