Munosabat
Allohga shukrki, bu yilgi Ramazon oyi yurtimizda yanada fayzli, barakali o‘tmoqda. Mahallayu guzarlarda, xonadonlarda xayru saxovat tadbirlari, ehtiyojmand insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish kabi savobi ulug‘ amallar uyushqoqlik bilan amalga oshirilmoqda. Shubhasiz, ulug‘ ayyom kunlarining bunday shukuhli o‘tishi, oilalardagi quvonchu shodliklar Yaratgan Parvardigorning diyorimizga ato etgan tinchlik ne’matidandir.
25 mart kuni yurtimizning barcha hududlarida ehson dasturxonlari yozilib, iftorlik marosimlari o‘tkazilgani muborak oy shukuhini yanada oshirdi. Ularga oltmish mingdan ziyod hamyurtlarimiz taklif etilib, ro‘zadoru ehtiyojmandlar, nuroniy otaxon-onaxonlar, duogo‘y mo‘ysafidlarning ko‘ngli olindi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda tashkil etilgan iftorlikda ishtirok etib, nutq so‘zladi. Ezgu duolar ila o‘tgan tadbirda qalblarimiz shodlikka to‘lib, yana bir bor shukronalik hissini tuydik. Albatta, bunday xayrli amallarning ajru savoblari ham ulkan bo‘ladi.
Ramazon oyida yurtimizda yetim-yesir, beva-bechora, bemorlar va ehtiyojmandlar holidan xabar olish, ro‘zadorlarga iftorlik qilib berishdek savobli amallar necha asrlik ezgu an’analarimizdan. Bunday xayrli tashabbuslar kun sayin kengayib borayotgani mamlakatimizga fayz-baraka yog‘ilib turganidan yana bir nishona.
Mohi Ramazon nafaqat shaxs kamoli, nafs tarbiyasida, balki jamiyatga bir qancha ijobiy ta’sir ko‘rsatishi jihatidan ham ahamiyatli. Bu oyda kishilar o‘zaro mehr-muhabbat va hamjihatlikda bo‘ladi. Hamma bir vaqtda ro‘za tutib, taomlanishni boshlashi jamiyatda birlik va bir-birini tushunish hissini kuchaytiradi. Kambag‘allarga yordam berish, ehsonlar qilish orqali kam ta’minlangan qatlamning turmush darajasi yaxshilanadi.
Prezidentimiz o‘z nutqida bugunning dolzarb vazifasi — farzandlarimizni ilm-ma’rifatga targ‘ib etish, yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida imom-xatiblar, ko‘pni ko‘rgan otaxon va onaxonlar, mahalla faollari, hojilarimizning o‘rni beqiyos ekaniga urg‘u qaratdi. Jamiyatimizdagi ezgu ishlarda din peshvolari, nuroniylar, keng jamoatchiligimiz faol ishtirok etayotganini minnatdorlik bilan ta’kidladi.
Bu samimiy e’tirof bizga yanada katta mas’uliyat yuklab, yoshlarni tashqi ta’sirlardan himoyalash borasida bundan-da faol bo‘lishga undaydi.
O‘tkazilgan iftorliklarning fazilatlariga kelsak, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning mana bu hadislari yodga tushadi:
“Ro‘zadorga iftorlik bergan odam, o‘sha ro‘zadorning ajriga teng savob oladi” (Imom Termiziy rivoyati). Bu hadisdan anglashiladiki, iftorlik ulashish insonga ulkan savob va baraka olib keladi. Uyda oila a’zolari bilan, qo‘ni-qo‘shni, kam ta’minlangan kishilar va muhtojlar bilan birga iftorlik qilish islom axloqining muhim qismidir. Chunki Alloh taolo bizlarni bir-birimizga yordam berish, mehr-oqibat ko‘rsatishga buyuradi. Islom dini mehr-oqibatni insonning eng ulug‘ xislatlaridan biri sifatida ulug‘laydi.
Bunday ajri ulug‘ ishlar Ramazon hayiti kunlarida ham davom etadi. Bu kun xursandchilik qilinadigan, qavm-qarindoshlar, yoru do‘stlar o‘zaro diydorlashib, bir-birlaridan hol-ahvol so‘raydigan, Alloh taoloning fazlu marhamati yog‘iladigan kundir. Shuning uchun ham iyd kunlari butun yurtimizda keng miqyosda nishonlanadi.
Kecha davlatimiz rahbarining “Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Unda bu kunlarni bayramona o‘tkazish, mahallalarda o‘zaro hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etish, ehtiyojmandlarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha zaruriy tavsiyalar berildi.
Albatta, bunday bayramlar, shodiyonalar tinch-osoyishta elga tatiydi. Zero, tinchlik va totuvlik har bir jamiyatning eng katta boyligi hisoblanadi. Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surishi Allohning buyuk ne’matidir. Buni qadrlashimiz va shukrona qilishimiz lozim. Bayram kunlarida, garchi ayb boshqa tomonda bo‘lsa ham, o‘zimiz borib, do‘stlik va og‘a-inilik rishtalarini tiklasak, katta ajr-savobga erishamiz.
Yana bir narsani eslatib o‘tish lozim: bu hayit kunlarini azaga, hafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarni eslash, ruhlarini shod etib, duoyi hayrlar qilish yaxshi amal. Lekin bular bayram shukuhiga ta’sir qilmasligi zarur. Bu kunlarda yaqinlarini yo‘qotgan xonadonlarga borib, yaralarini yangilab yurish musulmonga yarashmaydi. Shunday ekan, bu ayyomni shodiyona bilan o‘tkazaylik.
Hayit chinakam bayram ekan, bu kunda bir-birimizga xursandchilik ulashaylik. Imkon bo‘lsa, ahli oilamiz, farzandlarimizga hadyalar beraylik. Oilalarda nafaqat Ramazon oyi, hayit kunlari, balki boshqa paytlarda ham bayramona kayfiyat hukm sursin.
Davlatimiz rahbari o‘z so‘zida buyuk mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning “Yaxshilarning ishi — yaxshilik qilishdir”, degan hikmatini bejiz tilga olmadi. Ramazon oyi tufayli nafslarimiz imkon qadar tarbiyalandi, go‘zal xulqqa, o‘zgalarga yordam berish kabi yaxshi xislatlarga odatlandik. O‘zimizni yomon odat va ishlardan tiyishni o‘rgandik. Endi mana shu odatni saqlab qolib, bundan keyin ham davom ettirishga harakat qilaylik. Erishgan ma’naviy darajamizni bir umrga saqlab qolishga intilaylik. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, bu hayot aynan ezgulik va yaxshilik tufayli doimo yorug‘ va bardavomdir.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy
Bugungi kunda O‘zbekiston ziyorat turizmi sohasida tobora ko‘zga tashlanayotgan yo‘nalishga aylanmoqda, bunda ma’naviy meros, boy tarix va mehmondo‘stlikning noyob uyg‘unligini taqdim etmoqda.
Buyuk allomalar va avliyolar zamini
O‘zbekistonga ziyoratchilarni jalb etadigan eng muhim omillardan biri - bu mashhur islom ulamolari, shayxlar, so‘fiy ustozlar va solih insonlar bilan bog‘liq ko‘plab maqbaralar va ziyoratgohlarning mavjudligidir. Bu yerda buyuk Imom al-Buxoriyning maqbarasi joylashgan. U mashhur “Sahihul Buxoriy” hadislar to‘plamining muallifi bo‘lib, bu asar ahamiyati jihatidan faqat Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turadi. Samarqand yaqinida joylashgan uning maqbarasi butun dunyo musulmonlari uchun muhim ziyoratgohga aylangan.
Buxoroda islom olamining ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutgan naqshbandiya tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilish mumkin. Uning ta’limoti kundalik hayotda botiniy poklanish va ibodat qilishning ahamiyatini ta’kidlagan bo‘lib, Hindistondan to Yaqin Sharqqacha bo‘lgan musulmonlar tafakkuriga chuqur ta’sir ko‘rsatgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Imom at-Termiziy, Imom al-Moturidiy, Imom Marg‘uziy kabi buyuk allomalarning vatanidir. Ularning asarlari diniy falsafa, shariat ilmi va hadisshunoslikning poydevorini tashkil etgan. Bu allomalarning maqbaralarini ziyorat qilish nafaqat ma’naviy ehtirom ko‘rsatish, balki islom ilmining ildizlariga yaqinlashish imkoniyatidir.
Ma’naviy sayohatlar uchun zamonaviy infratuzilma
So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati ziyorat turizmini faol rivojlantirib, islom mamlakatlaridan tashrif buyuradigan mehmonlar uchun infratuzilma va sharoitlarni takomillashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Masjid, maqbara, madrasa va boshqa muqaddas joylar asl ko‘rinishini saqlab qolgan holda ta’mirlanmoqda. Ularning atrofida qulay sharoitlar yaratilmoqda: mehmonxonalar, dam olish maskanlari, qulay transport vositalari, arab, ingliz, fors va boshqa tillarda xizmat ko‘rsatuvchi tarjimonlar hamda gidlar ishtirokidagi sayohat dasturlari tashkil etilmoqda.
Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan kelgan ziyoratchilar uchun safar davomidagi barcha diniy va madaniy jihatlarni inobatga olgan holda maxsus ziyorat dasturlari tashkil etiladi. O‘zbekiston nafaqat oddiy sayohat qilinadigan mamlakat, balki har bir mo‘min-musulmon ehtirom va tarixiy vorislik ruhini his eta oladigan haqiqiy ma’naviy tiklanish markaziga aylanmoqda.
Madaniy va diniy boyliklar
O‘zbekistonga ziyorat qilishning o‘ziga xos jihatlaridan biri islom sivilizatsiyasining madaniy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniyatidir. Samarqanddagi Registon, Buxorodagi Poi Kalon majmuasi, Xivadagi Ichan-qal’a kabi me’moriy ansambllar o‘zining ulug‘vorligi va ma’naviy teranligi bilan kishini hayratga soladi. Bu yodgorliklar arab xattotligi, geometrik naqshlar, gumbazli me’morchilik va Sharq falsafasi uyg‘unlashgan boy islom san’atining yorqin namunasidir.
Bu yerga ziyorat qilish nafaqat diniy sayohat, balki Samarqand va Buxoro o‘z ahamiyati jihatidan Bag‘dod, Qohira va Qurtuba bilan teng bo‘lgan Islomning Oltin davri tarixiga madaniy cho‘mish hisoblanadi.
O‘zbekiston - Sharq va G‘arb o‘rtasidagi ko‘prik
O‘zbekiston tarixan sivilizatsiyalar chorrahasida joylashgan. Bu xususiyat ko‘p millatli va ko‘p konfessiyali madaniyatning rivojlanishiga turtki bo‘ldi, bu yerda islom nafaqat din, balki sivilizatsiya birligining asosiga aylandi. Bugungi kunda respublika Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy va ma’naviy ko‘prik vazifasini bajarishni davom ettirmoqda.
Bu, ayniqsa, haqiqiy ma’naviy qadriyatlarga, hayot ma’nosi va ichki muvozanatni izlashga qiziqish ortib borayotgan zamonaviy dunyoda muhim ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston o‘z mehmonlariga aynan shunday yo‘lni - mehr va hurmat bilan saqlanib kelinayotgan buyuk islomiy meros bilan tanishish orqali ildizlarga, haqiqatga, Allohga erishish yo‘lini taklif etadi.
Arab mamlakatlaridan kelgan musulmonlar uchun O‘zbekistonga qilgan safar shunchaki sayohat emas, balki haqiqiy ma’naviy kashfiyotga aylanishi mumkin. Bu islom tarixining kam ma’lum, biroq ulug‘vor joylarini o‘zlari uchun kashf etish, mahalliy aholi bilan muloqot qilish, qardoshlik, birdamlik va islomiy hamjihatlik muhitiga sho‘ng‘ish imkoniyatidir.
O‘zbekiston nafaqat islomiy merosni saqlab qolmoqda, balki uni butun dunyo bilan baham ko‘rmoqda, odamlarni ma’naviyatni izlashga, tarixni hurmat qilishga va musulmon xalqlari o‘rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga ilhomlantirib kelmoqda.
Ziyovuddin Nuriddinov, O‘zA