Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Mart, 2026   |   8 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:54
Quyosh
06:13
Peshin
12:33
Asr
16:53
Shom
18:47
Xufton
20:01
Bismillah
28 Mart, 2026, 8 Shavvol, 1447
Maqolalar

Shavvol oyining fazilati

01.04.2025   9402   11 min.
Shavvol oyining fazilati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Alloh taoloning biz, bandalarga ato etgan ne’matlari behisob, ularning sanog‘iga yetish ham qiyin. Ammo Parvardigorning bir ne’mati ham borki, uning naqadar muhimligini har bir musulmon juda yaxshi biladi. Bu ne’mat insonlarning hayot kechirish va ibodat qilish vaqtlarini aniqlab-belgilashga xizmat qiluvchi yil va oy hisobining joriy etganidir. 

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Biz kecha va kunduzni (qudratimizni ko‘rsatib turadigan) ikki belgi qilib qo‘ydik. Kechaning belgisini o‘chirdik. Kunduz alomatini esa, Robbingizdan fazl (rizq) istashlaringiz uchun hamda yillar sanog‘ini va hisobini bilishingiz uchun yorug‘lik qilib qo‘ydik. Barcha narsani batafsil bayon qilib qo‘yganmiz” (Isro surasi, 12-oyat); “Alloh quyoshni ziyo (taratuvchi) va oyni nur (sochuvchi) etgan hamda yillarning adadini va (vaqt va zamonga doir) hisobni bilishlaringiz uchun (oyni) manzillarga o‘lchab qo‘ygan Zotdir” (Yunus surasi, 5-oyat).

Musulmon olami Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning Makkadan Madinaga ko‘chishlari, ya’ni hijrat qilishlaridan hisobi yuritiluvchi hijriy-qamariy taqvimga ko‘ra yil hisobini yuritadi. Ana shu taqvimning o‘ninchi oyi shavvoldir. Ma’lumki, muborak Ramazon oyi bilan xayrlashib, mana shavvol oyini ham boshlab yubordik. Bu oy dinimizdagi fazilatli oylardan hisoblanadi. Shavvol oyi ham zulqa’da va zulhijja oylari kabi haj ibodatini qilish mavsumi sanaladi.  

Shavvol oyining fazilatlaridan eng muhimi va e’tiborlisi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu oyda olti kun ro‘za tutishni biz, ummatlariga sunnat qilib qoldirganlar. Yuqorida aytganimizdek, shavvol oyi hijriy sananing o‘ninchi oyi hisoblanadi. Bu oyda sog‘lig‘i va imkoni bo‘lgan kishi nafl ro‘zasini tutsa, Alloh taolo bu bandasiga ko‘p ajru mukofotlarlarni berishini va’da qilgan. Haq taolo bunday marhamat qiladi:  “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” (An’om surasi, 160-oyat).

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi. Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ketidan shavvol oyidan olti kun ro‘za tutsa, yil bo‘yi ro‘za tutgandek bo‘ladi” (Imom Muslim, Ahmad, Termiziy rivoyati).

Yuqoridagi hadis Alloh taoloning oyatidagi: “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)...” so‘zining izohidir. Chunki bir hijriy sana deyarli 360 kundan iborat. Ramazon ro‘zasi o‘ttiz kun bo‘lib, buning o‘n baravari uch yuz kunga to‘g‘ri keladi. Bu yog‘iga yana oltmish kun qoladi. Agar shavvol oyida ham olti kun ro‘za tutilsa, bu oltmish kunga teng bo‘lib, bir yil to‘liq bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, ortidan shavvol oyida olti kun ro‘za tutsa, huddi onadan tug‘ilgandek gunohlardan forig‘ bo‘ladi”, degan ekanlar (“At-Targ‘ib vat-tarhib” kitobidan).

Shavvol oyi ro‘zasini tutish borasida boshqacha fatvolar ham mavjud. Ba’zi ulamolar: “Uzluksiz olti kun ketma-ket tutish kerak”, deyishgan. Ammo “Olamgiriya”, “Zahiriya” va “Xulosa” nomli fatvo kitoblarida keltirilishicha: “Ikki hayit kunlari, tashriq kunlari (qurbon hayiti arafasidan boshlab besh kun davomida) nafl ro‘za tutish makruhdir. Ro‘za hayitidan keyin olti kun shavvol oyida ro‘za tutish mustahab amallardandir. Lekin paydar-pay emas, balki har haftada ikki kundan tutish lozim bo‘ladi”.

Qolaversa, nafl ro‘zaning eng afzali bir kun tutib, bir kun tutmaslik ekani to‘g‘risidagi fatvolar ham bor.

Qo‘shimcha qilib shuni ham aytib o‘tish joizki, agar bir kishi Ramazon ro‘zasidan ayrim kunlarni tutolmagan bo‘lsa, avval uning qazosini o‘taydi, keyin naflga kirishadi. Zero, farzlar mukammal bo‘lmasdan, nafl ibodatlarini qilish maqbul emasdir.

Ramazon oyidan keyin keladigan shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilishning o‘ziga yarasha hikmati va ahamiyati bor. Avvalo, dinimizda hamisha turli nafl ibodatlarga, xususan hamisha nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilinadi. Qolaversa, butun Ramazon oyi mobaynida ro‘za tutib yurib, shavvolda birdan o‘zini ovqatga urish ham ruhiy, ham salomatlik jihatidan uncha to‘g‘ri bo‘lmaydi. Tabiblar ham ochlikdan chiqqan kishilarga ovqat iste’molini asta-sekin ko‘paytirishni tavsiya qilishadi.

Shavvol oyi yana Islom tarixida  payg‘ambarlikning o‘ninchi yilida toifliklarni Islomga da’vat qilish uchun borib katta mashaqqat va xo‘rliklarga uchragan oy sifatida ham ma’lumdir. Payg‘ambar alayhissalomning Toif safarlari aynan shavvol oyida bo‘lgan edi. Toif hozirgi Saudiya Arabistonidagi bir shahar bo‘lib, u Makkadan 60 mil (115 km.) uzoqlikda joylashgan. Islom kelganida Toifda yashovchi Saqif qabilasi butparast bo‘lgan. Payg‘ambar alayhissalom toifliklarni Islomga da’vat qilish maqsadida Makka davrining o‘ninchi yili shavvolida (milodiy 609 yili) Toifga safar qiladilar. Shahar ahli o‘n kun mobaynida qilingan da’vatga quloq solmadi, aksincha Rasululloh va u zotning sheriklarini toshbo‘ron-haqoratlar bilan Toifdan quvib chiqaradi. 

Sarvari olam Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallam o‘z mavlolari Zayd ibn Horisa roziyallohu anhuning hamrohliklarida o‘zlari go‘dakliklarida emizish, ko‘ksilarini yorib tozalash voqealarini va shundan keyingi bir muddatni o‘tkazgan Bani Sa’d qabilasi yerlari orqali Toif tomonga ketmoqdalar. Ular shoyad Toifdan biror yorug‘lik chiqsa, mahzunlik arisa, da’vat ishlari yurishib ketsa, degan umiddalar.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Toifga yetib borganlaridan keyin diyor aholisi asosini tashkil qiluvchi Saqif qabilasi ahyonlari bilan uchrashdilar. Ular bilan majlis qurib, Islomga da’vat qildilar. Ammo ularning javobi eng yomon javob bo‘ldi. Ular u zot alayhissalomni masxara qilishdi. Bu ham yetmaganidek o‘zlarining esi pastlari, qullari va bebosh bolalarini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni so‘kishga, ortlaridan qichqirishga va tosh otishga chorlashdi. Toifliklar yo‘lning ikki chetiga turib olib, u zot oldilaridan o‘tayotganda ayovsiz toshbo‘ron qilishdi. 

Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning oyoqlari qonga, qalblari esa dardu alamga to‘ldi. Ammo bag‘ri keng, komil xulq egasi bo‘lmish Payg‘ambar alayhissalom shunda ham toifliklarni badduo qilmadilar, imkonlari bo‘lib keyin ham o‘ch olib o‘tirmadilar. Aksincha tillari Alloh taologa iltijoga-duoga to‘ldi: «Ey bor Xudoyo! O‘zingga quvvatim zaifligidan, hiylam ozligidan, odamlar oldida ojizligimdan shikoyat qilurman! Ey rahmlilarning rahmlisi, Sen zaifhollarning Parvardigorisan! Sen Parvardigorimsan! Meni kimlarga topshirib qo‘yding?! Meni yoqtirmaydigan notanishlargami?! Yoki ishimni dushmanga topshirdingmi?! Agar menga g‘azab qilmagan bo‘lsang, bularga e’tibor bermayman! Faqat Sening ofiyating men uchun kengdir. Zulmatlarni yoritgan hamda dunyo va oxirat ishini salohiyatli qilgan yuzing nuri ila, menga g‘azabing nozil bo‘lishidan va qahring tushishidan panoh tilayman. Toki rozi bo‘lguningcha uzrimni aytaman. Faqat Allohdagina imkon va quvvat bordir».

Alloh taolo O‘z payg‘ambarining bu duolarini darhol qabul qildi. Shu ondan ishlar asta-sekin yurisha boshladi. Shunda Alloh taolo u zotning huzurlariga tog‘ farishtasini yubordi. U kelib, ikki tog‘ni bir-biriga urishtirish bilan Toif ahlini halok qilib yuborishga izn so‘radi. 

Lekin Alloh taolo tomonidan olamlarga rahmat qilib yuborilgan zot bu ishga izn bermadilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasalam tog‘ farishtasiga: “Ularning pushti kamaridan Allohning yolg‘iz O‘ziga ibodat qiladigan, Unga hech narsani sherik qilmaydigan odamlar chiqishini umid qilaman”, dedilar. Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamni bunday holda ko‘rgan Utba ibn Robi’a va Shayba ibn Robi’alarning rahmlari keldi. O‘zlarining Addos ismli nasroniy qullarini chaqirib: Uzilgan uzumdan olib, manavi tovoqqa solgin-da anavi odamga olib bor, undan yesin”, deyishdi. Addos uzumni olib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga qo‘ydi va “Yeng!” dedi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam “Bismillah” dedilar-da qo‘llarini uzatib, uzumdan olib yedilar. Shunda Addos ajablanib: “Allohga qasamki, ushbu diyor ahli bu gapni aytmaydi”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam undan “Sen qaysi yurtdansan, qaysi dindansan?” deb so‘radilar. “Nasroniyman, Naynavo degan yurtdanman”, dedi u. “Solih kishi Yunus ibn Mattoning qishlog‘idanmisan?” dedilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam. “Yunus ibn Matto kim bo‘ldi?” dedi Addos. Nabiy sollallohu alayhi va sallam: “U birodarim, nabiylardan edi, men ham Nabiyman”, dedilar. Shunda Addos o‘zini u zotga otib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari, oyoq-qo‘llaridan o‘pa boshladi. U musulmon bo‘ldi. 

Makka fathidan keyin Hunayn va Avtos g‘azotlarida mag‘lubiyatga uchragan butparast Havozin qabilasi raisi Malik Toifga qochib borgan edi. Chunki shahar butparastlikning oxirgi uyasi bo‘lib turardi. Shuning uchun musulmonlar Toifni qamalga olishdi. Bir oylik qurshov va hujumlardan keyin ular shaharni tashlab ketishdi. Toifliklar bir qancha vaqt o‘tib musulmonlikni qabul qilishdi va butlarni parchalab tashlashdi.

Mana, shavvol oyidagi birgina voqeaning tafsiloti bilan tanishdingiz. Ushbu oyda bunday voqea-hodisalardan juda ko‘pi sodir bo‘lgan. Hijriy birinchi yili shavvol oyida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam hazrati Oisha roziyallohu anhoga uylanganlar. Ikkinchi hijriy sana shavvol oyida Bani Qaynuqo’ g‘azoti bo‘lgan. Xuddi shu paytda Suvayq urushi ham bo‘lgan. Uchinchi hijriy yilning 15 shavvol kuni Islom tarixida chuqur iz qoldirgan Uhud jangi bo‘lib o‘tdi. Beshinchi hijriy yilning shu oyida Handaq urushi bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallamniing mo‘minlar onasi  Ummu Salama roziyallohu anhoga uylanishlari hijriy to‘rtinchi yilning shavvol oyida bo‘lib o‘tdi. 

Shuning uchun ushbu oyning fazlidan olti kun nafl ro‘zalarni ixlos va ehtimom bilan tutib, savobli ishlarimizni yanada ko‘paytiraylik. Allohning Rasuli bashorat berganlariday ushbu oyda olti kun nafl ro‘za tutib, bir yil mobaynida ro‘zador yurganlik savobiga erishaylik. Alloh taolo qilgan ibodatlarimizni va tutgan nafl ro‘zalarimizni husni qabul aylasin, barchalarimizni ikki dunyo saodatiga musharraf aylasin!

"Hilol" elektron jurnalidan

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Amir Temur merosini o‘rganish uchun 100 dan ortiq xorijiy olimlar birlashmoqda

27.03.2026   8662   3 min.
Amir Temur merosini o‘rganish uchun 100 dan ortiq xorijiy olimlar birlashmoqda

O‘zbekistonda Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan nufuzli xalqaro ilmiy konferensiya o‘tkaziladi. 2026 yil 9–11 aprel kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan mazkur anjuman mamlakatimiz ilmiy-ma’rifiy hayotidagi eng muhim voqealardan biri bo‘lishi kutilmoqda. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu xalqaro anjumanni o‘tkazish chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 5 fevralda qabul qilingan PQ-46-son qaroriga muvofiq, joriy yilda Sohibqiron tavalludining 690 yilligini keng nishonlash doirasida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosi doirasida “Amir Temur va temuriylar tamaddunining jahon tarixi va madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyani yuqori darajada tashkil etish yuzasidan keng qamrovli chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Islom sivilizatsiyasi markazi Kengaytirilgan ilmiy kengashining navbatdagi yig‘ilishida ana shu chora-tadbirlar rejasi atroflicha muhokama qilindi. 

 


Markaz direktori, Ilmiy kengash raisi Firdavs Abduxoliqov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Markaz ilmiy kengashi a’zolari – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova, Temuriylar tarixi davlat muzeyi direktori Xurshid Fayziyev hamda mutaxassislar va ishchi guruh vakillari ishtirok etdi.


Markaz direktori Firdavs Abduxoliqov mazkur xalqaro anjumanning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, bu oddiy ilmiy tadbir emas, balki temuriylar davri sivilizatsiyasini zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida qayta anglash va jahon hamjamiyatiga keng taqdim etishga xizmat qiluvchi strategik platforma sifatida baholadi.

 


Mazkur xalqaro anjuman bir qator hamkor tashkilotlar, ilmiy dargohlar ishtirokida o‘tkaziladi. Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi shular jumlasidandir.
O‘zbekiston FA vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimovning ta’kidlashicha, Fanlar akademiyasi mazkur xalqaro konferensiyani tashkil etishda barcha ilmiy va tashkiliy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlashga tayyor.


Konferensiya doirasida keng ko‘lamli madaniy-ma’rifiy tadbirlar ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Jumladan:
• “Amir Temur va temuriylar davri qo‘lyozmalari” ko‘rgazmasi 
• “Temuriylar numizmatik merosi” ko‘rgazmasi 
• Yevropa muzeylari bilan hamkorlikda tayyorlangan maxsus ekspozitsiyalar 


Shuningdek, “Tirik tarix” loyihasi doirasida:
• Amir Temur davriga oid kinoloyihalar 
• Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy hayotiga bag‘ishlangan filmlar namoyishi ham rejalashtirilgan. 


Anjumanda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Amerika davlatlaridan 100 nafardan ortiq xorijiy olimlar va ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda.

 


Konferensiya doirasida xorijdan olib kelinadigan temuriylar davriga oid nodir artefaktlarni vaqtinchalik namoyish etish, ularni saqlash va muhofaza qilish bo‘yicha ham alohida tashkiliy choralar belgilandi.


Yig‘ilish yakunida ta’kidlanganidek, mazkur xalqaro ilmiy konferensiya Amir Temur va temuriylar davri merosini, zamonaviy ilmiy yondashuv asosida qayta tahlil qilish, uni jahon hamjamiyatiga keng taqdim etish yo‘lida muhim ilmiy va madaniy voqea bo‘ladi. 

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi

Amir Temur merosini o‘rganish uchun 100 dan ortiq xorijiy olimlar birlashmoqda Amir Temur merosini o‘rganish uchun 100 dan ortiq xorijiy olimlar birlashmoqda
O'zbekiston yangiliklari