Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Dekabr, 2025   |   6 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:22
Quyosh
07:47
Peshin
12:29
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:23
Bismillah
26 Dekabr, 2025, 6 Rajab, 1447
Maqolalar

Ramazon hayitining fazilati

01.04.2025   4084   5 min.
Ramazon hayitining fazilati

Muqaddas oylar, tabarruk makonlar, muborak joylar bor. Yaqinlashib kelayotgan kunlar Mohi Ramazon hayitiga chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda rahmat va marhamatga to‘la kunlar deyiladi. Bu xushdarak onlar Yaratganning bizga bo‘lgan in’om va muruvvatini ulasharkan, ko‘ngildan himmat va saxovat, mehr va silai rahm toshadi. Ota-onalarimizga, qarindosh-urug‘larga, jamoalarimizdagi qadrdonlarimizga, vatandoshlarimizga yaxshiliklar ilingimiz keladi. Shirin so‘z bilan, ochiq yuz bilan ular dargohiga shoshamiz. Ramazon hayitida yetimlarni yo‘qlash, kam ta’minlangan va nogironligi bo‘lgan hamyurtlarimizning ko‘ngliga quvonch ulashish qadimiy qadriyatlarimiz, islomiy odoblarimizdan sanaladi. Bir oy ixlos bilan tutgan ro‘zalarimiz yakuniga yetarkan, ulug‘ kun munosabati bilan hadyalar ulashamiz. Haqdorlarga zakotu, sadaqotlarni yetkazishga harakat qilamiz.


Bu muqaddas bayram kunida himmatu saxovat qilish, o‘zgalar ko‘magiga muhtojlar holidan xabar olish ajr-savoblarni ziyoda etadi.  Topganimiz - nonu shirinliklar olib darvozalar eshigidan kirib borarkanmiz, qadrdon chehralar, gulgun qiyofalardagi rizolik, bolalarning tabassumi yuragimizni yoritib yuboradi. Ana shu lahzalarda ko‘ngilda shukronani tuyamiz.


Ramazon  taqvo, hilm, saxovat oyi sifatida bizlarni ezgu amallar qilishga chorladi. Alloh o‘zining Kalomida “Ehsonning mukofoti ehson”, - deb marhamat qiladi. Qo‘shnisiga ne’mat ulashgan, xastalar holidan xabar olgan, ilm talabida yurgan yoshlarga sharoit yaratgan, imkoniyatidan kelib chiqib, orttirgan mablag‘idan haqdorlarga himmat qilgan musulmon birodarlarimizning bu xayrli tashabbuslari ortida ulug‘ mukofot turibdi, inshaalloh. Xalqimiz ko‘zlarida quvonch bilan, yuraklari yashnab, tabarruk bayramni kutib olyaptilar. Keksalar hovuchlarini duoga to‘ldiradilar. Birni berganga Yaratgan mingni ulashsin. Kulib boqqanga olam kulsin. Ramazon hayitining tabarruk lahzalaridan dasturxonimizga rizqu ro‘z, xayru- barakot yog‘ilsin!


O‘zbekiston o‘zbeklar bilan bir qatorda mana shu zaminda kamol topayotgan boshqa millat vakillariga ham birdek aziz maskan. Bu zaminda dini va millatidan qat’iy nazar xalqlar o‘zaro ahillik, hamjihatlik bilan umr o‘tkazmoqdalar. Dunyo ayvonida sodir bo‘layotgan diniy-ekstremistik tahdidlar, notinchliklar  barcha ezgu niyatli insonlarni o‘ylashga, mushohada qilishga da’vat etadi. Ona diyorimizning tinchligini ta’minlashga, Yangi O‘zbekistonda odamlarni rozi qilish yo‘lidagi islohotlar-u, tashabbuslarga labbay deya bel bog‘lashimiz, qo‘ldan kelgancha bir-birimizga moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatishimiz, yaratuvchanlik ishqi bilan yashashimiz –ma’naviy kamolotimizdan darak beradi. Fazilat sohiblari, aql egalari bugungi hayotni tahlil etib, shukrona qilishadi. Yaxshiliklar, ne’matlar shunchalar ko‘pki, sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. O‘ksik ko‘ngillarni xursandchilikka to‘ldirish, xastalik shukrini qilayotgan odamlarni ziyorat qilish, otasiz o‘sayotgan bolalarga tirgak bo‘lish, onalarini yo‘qotgan qizaloqlarga silai rahm qilish har bir sof tabiatli insonning ko‘ngil amri. Ular bu amallarini xolis Haq yo‘lidagi mardonalik deb biladilar. Ramazon munosabati bilan ortgan bu kabi xayrli tashabbuslar yil davomida mard yigitlarimiz, hayot haqiqatini anglagan oila boshliqlarimizni harakatga solaveradi. Qo‘li ochiq vatandoshlarimiz saxovat-mardlar fazilati ekanini yaxshi tushunadilar. Ayniqsa, hayit kunlarida bunday ehsonlar ko‘payib ketishi, odamlarning ma’rifati komillashib borayotganidan dalolat. Rahmon Parvardigorning va’dasi haqiqat. Yeng ichida qilingan yaxshiliklar, sohibiga tuganmas quvonchlar keltirishi haqiqat. Bu ulug‘ bayramni xursandchilik ayyomi deb bilmoq kerak. Musibat yetgan xonadonlarga borib, yig‘i–sig‘ilar qilishlik bilan ularning dardini yangilash, turli bid’at va xurofotlarga aralashish kerak emas. Shundog‘am ozor topgan dillarga tashvish ortish, isrofga yo‘l ochib, ularning xarajatlari ortishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Ulug‘ kunlar fayzidan bebahra qolmaslik uchun ham xayrli ishlarga shoshmoq kerak. Bir oy ro‘zani ixlos bilan tutib, xayr topdim deya sevinsa-yu, keyin yana avvalgi sho‘xliklarni takrorlab, gunohkor bo‘lishdan saqlanmoq kerak. Nafsining tarbiyasi yo‘lidagi jiddu jahd odamzodning mashaqqatli yumushi bo‘lmog‘i lozim.To‘qlikka sho‘xliklar qilishdan avval o‘ylash kerak.


Sizga yetgan ne’mat shukrini ado qilishga vaqt borida savoblar tomon shoshilish lozim. Mazlumga madad bergan, musofirni suyagan, ko‘ngli yarimlarni ayagan odamlar kam bo‘lganini ko‘rmadik. Ehson qilganni boy topdik, berganni behojat ko‘rdik, xastani yo‘qlaganni salomat ekanini kuzatdik, deyishadi keksalar bilan suhbatlashsak.


Ha, Iydi Ramazon bu diyorda yashayotgan barcha vatandoshlarimiz ayyomi. Bu vatanda tinchligu osoyishtalik barqaror ekan, yaxshi kunlar bardavom bo‘laveradi. Yurtdoshlarimizga Saodat ayyomi muborak bo‘lsin. Marhabo, Iydi Ramazon, xush kelding, Iydi Ramazon! Olam ahliga mehr-shafqat, yaxshilik ulashadigan, bir birimizga odamiylik ehtiromini ko‘rsatadigan savobli onlar fayzidan bahramandlik  muborak bo‘lsin!


Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

22.12.2025   8231   2 min.
Ahli sunna val jamoa kimlardan iborat?

Bu ummat boshidan oxirigacha bir aqida – ash’ariy-moturidiylik aqidasida edi. Mufassirlar, hadis shorihlari, fuqaholar, navh va lug‘at ulamolari, bularning deyarli barchasi e’tiqodda bir yo‘lni tutishgan edi. Bu gapni isbotlashga hojat yo‘q, bu haqiqat ekani kundek ravshan aksiomadir. Ulamolarning tarjimayi hollari haqida yozilgan kitoblar olimlarni bu mazhablarga madh va maqtov o‘laroq nisbat berganini ko‘rasiz. Buyuk ulamolar haqida ma’lumotlar keltirilganda Imom Falonchi, mazhabi shofe’iy, yo hanafiy, aqidada ash’ariy yo moturidiy, deyilgan. Ko‘pincha olimning tasavvufdagi tariqatiga ham to‘xtab o‘tiladi. Masalan, Imom Junayd tariqatida bo‘lsa, Junaydiy nisbati beriladi.

Bu odat yaqin-yaqingacha davom etib kelayotgan edi. Bunga birov e’tiroz ham bildirmagan, inkor ham qilmagan. Biron olim haqida gapirilar ekan, fiqhda to‘rt mazhabda qaysiga ergashishi, aqidada ash’ariymi moturidiymi qaysi manhajda ekani va tariqatdagi yo‘li bayon qilinmay qolmagan. 

Bu dastur ummatni sharqiyu g‘arbini, shimoliyu janubini ming yildan beri yagona qalbga, yagona fikr atrofiga jamlab keladi. Biron odam og‘risa, butun tana o‘sha kasal a’zo uchun qayg‘urib, davolashga kirishardi. 

Tariximizni ziynatlab turgan, bugungi sharmandaliklarni bir muncha to‘sib turgan tarixiy g‘alabalarimiz ham shu aqida, shu tafakkur vositasida qo‘lga kiritilgan.

Hittinda salibchilarni yer tishlatib, Quddusni qaytarib olgan Salohiddin Ayyubiy va uning qo‘shini ayni shu mazhab va tariqatlarda bo‘lishgan. Birontalari bugungi salafiylikni bilgan emas. 

Muzaffar Qutz, Zohir Beybars va ular bilan yelkadosh bo‘lgan Izz ibn Abdussalom kabi ulamolar mazhabda bo‘lishgan. Ayni Jolutda mo‘g‘ullarni tor-mor keltirishda ham asosiy qurolimiz birlik edi. O‘sha paytda boshini baland kerib: “Bid’atchisizlar, shirk keltiryapsizlar, qabrlarni ziyorat qilish shirk”, deb qichqiradigan shallaqilar bo‘lmagandi. 
 
Sulton Muhammadxon Fotih va uning qatoridagi olim va murshidlar dinda bir manhajni tutishgan edi. Kofirlar qo‘lida qolib ketgan shahar (Qustantiniya)ni fath qilib, mashhur hadisda kelgan bashoratga* noil bo‘lishdi. Ammo hadis musulmon ash’ariy-moturidiy qo‘mondon va uning qo‘shini haqida ekanidan qalblari yonib, hasad qilayotgan bugungi bemazhab toifalar hadisning tasdig‘ini buzib talqin qilishmoqda. (davomi bor)

Doktor Ahmad Muhammad Fozil,
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih jome’asi,

islomiy ilmlar kulliyasi doktori

*Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Qustantiniya, albatta, fath qilinajak. Uning amiri naqadar yaxshi amir, qo‘shini naqadar yaxshi qo‘shin!”. (Imom Ahmad va Hokim rivoyati).

Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi
Abdulbosit Abdulvohid o‘g‘li tarjimasi

MAQOLA