Saudiya Arabistonining "Swift News" elektron nashrida "O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy barcha musulmonlarni Ramazon hayiti bayrami bilan tabrikladi" sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
"O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazarov Ramazon hayiti munosabati bilan butun dunyo musulmonlarga tabrik yo‘lladi", – deyilgan nashrda.
Tabrikda Yaratgan barcha mo‘min va musulmonlarning muqaddas Ramazon oyida tutgan ro‘zasini qabul qilishi, gunohlaridan xalos bo‘lishlarini so‘rab duolar qilingani qayd etilgan.
"Barchamizni Ramazon hayitiga eson-omon yetkazgan, yurtimizni tinchlik-xotirjamlikda saqlayotgan Xudoga behisob shukronalar bo‘lsin. Ramazon hayiti bayramingiz muborak bo‘lsin", – deya O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi so‘zlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati