Havo yo‘llari qatnovi paydo bo‘lmagan, avtomobil transporti to‘la rivojlanmagan Usmonlilar imperiyasi davrida Makka-Madina kabi muqaddas yerlarga safar qilish o‘ziga yarasha mashaqqatli va biroz xavfli edi. Hijozga boradigan temir yo‘lning qurilishi vaziyatni yengillatardi. Makka va Damashqni bog‘lash maqsadida qurilgan poyezd yo‘li Usmonli umumiy temir yo‘l tarmog‘ining bir qismi bo‘lib, ziyoratchilar uchun poytaxt Istanbuldan haj yo umraga borish imkonini berardi. Bu safar yo‘li sezilarli darajada qisqarib, ziyoratchilarga osonlik va qulaylik tug‘dirardi.
Mutaxassislarning fikricha, Istanbuldan Makkaga besh kunda yetib olsa bo‘lardi.
O‘sha paytlarda arab dunyosidagi musulmon davlatlar o‘rtasida chegara yo‘q edi, shuning uchun ham haj ziyoratiga borish uchun na pasport, na viza kerak edi.
Temir yo‘l Usmonli saltanatini harbiy jihatdan mustahkamlash va Arabiston yarim orolini nazorat qilishni ham maqsad qilgan edi. Davlat askarlariga to‘satdan dushman hujumi bo‘lsa, Makka va Madinaga yordam kuchlari tezda yetib borardi.
Quyidagi xaritada Damashqdan Makkaga boradigan marshrut ko‘rsatilgan. Yirik Usmonli temir yo‘l tarmog‘iga ulangan Hijoz temir yo‘li Sulton Abdul Hamid II buyrug‘i bilan 1900-yillarda qurilib boshlandi va 1908 yil sentyabr oyida Madinaga yetib bordi.
Madina temir yo‘l stansiyasining ochilishi:
Hozirda vokzal muzeyga aylantirilgan:
Temir yo‘l 1913 yilda rasmiy ravishda foydalanishga topshirilgan. Damashq birinchi bekat bo‘lib, Amman, Hayfa va Quddus kabi yirik shaharlarda ham stansiyalar qurildi. Yo‘ldan haj ziyoratini ado etuvchi ziyoratchilar, shuningdek, davlat amaldorlari, savdogarlar va keng jamoatchilik foydalanishgan.
Hojilar vagonning orqasida choyga suv qaynatishadi:
Hijoz poyezdining ichki qismi:
Hijoz temir yo‘l poyezdidagi yo‘lovchilar:
Ammandagi Hijaz temir yo‘l stansiyasi (Iordaniya):
Damashqdagi Hijoz temir yo‘l stansiyasi (Suriya):
Hayfadagi Hijoz stansiyasi (Falastin):
Afsuski, Hijoz temir yo‘l tarmog‘i Birinchi jahon urushi boshlanganligi sababli Makkaga yetib bormadi. Arab qo‘zg‘oloni paytida arablar inglizlar bilan ittifoqdosh bo‘lib, Usmonli qo‘shinlariga qo‘shimcha kuchlar yuborishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun temir yo‘l tarmog‘ining bir qismini portlatib yuborishdi.
Faysal ibn Husayn boshchiligidagi arab isyonchilari temir yo‘lni portlatdi, keyinchalik u Britaniya yordami bilan Iroq qiroliga aylandi.
Oxir-oqibat Usmonli imperiyasi qulagach temir yo‘l butunlay ishdan chiqdi.
Temir yo‘l izlari va poyezd qismlarini Arabiston cho‘llarida hamon ko‘rish mumkin.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi
katta o‘qituvchisi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi taniqli ulamo Abduqahhor G‘afforov (Shoshiy)ning vafoti munosabati bilan chuqur ta’ziya izhor etadi.
Alloh taolo marhum ulamoni O‘z mag‘firatiga olsin, imonlarini salomat qilsin, solih amallarini o‘zlariga hamroh etsin. Oxiratlarini obod etib, joylarini Firdavs jannatlaridan qilsin!
Ma’lumot o‘rnida Abduqahhor Shoshiy 1939 yili Toshkent shahridagi "Hazrati Imom" dahasida tug‘ilganlar. 1956-1960 yillari Buxorodagi “Mir Arab” madrasasida, 1965-1969 yillari Misrdagi “Al-Azhar” dorilfununida o‘qiganlar. So‘ng O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi xalqaro bo‘limi mudiri, “Mir Arab” madrasasi direktori, Toshkent Islom oliy ma’hadi rektori vazifalarida ishlaganlar. “Islom aqidasi”, “Islom arkonlari”, “Qur’oniy hikoyalar” kabi o‘nlab kitoblar muallifi va tarjimonlari sanaladi.
Haq taolo marhum olimning ahli oilasi, farzandu arjumandlari va yaqinlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin. Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum olimni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi