Kecha dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lgani kabi, Koreya Respublikasida ham Ramazon hayiti keng nishonlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Xususan, Janubiy Koreyada vaqtincha ishlayotgan va ta’lim olayotgan vatandoshlarimiz ham ushbu bayram ko‘tarinki ruhda kutib oldilar.
Bundan tashqari, muborak Ramazon oyi munosabati bilan Janubiy Koreyada bo‘lib turgan vatandoshlarimiz bilan diniy-ma’rifiy suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Musulmonlari idorasi rasmiy vakillari bir oy davomida ushbu mamlakatda bo‘ldi.
Mamlakatimiz elchixonasi tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu tashrif doirasida imomlarimiz ishtirokida Janubiy Koreyadagi fuqarolarimiz zich yashaydigan shaharlarda "Ramazon-2025" ilmiy-ma’rifiy tadbirlari o‘tkazildi.
31 mart yurtdoshlarimiz eng ko‘p yashaydigan Mokpo, Tegu va Chondju kabi shaharlarda imomlarimiz bilan birgalikda Ramazon hayiti namozi o‘qildi.
Ma’ruzalar davomida O‘zbekiston Prezidentining xalqimizga Ramazon hayiti munosabati bilan yo‘llagan tabrigining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida so‘zlab berildi.
Ayniqsa, mamlakatimiz rahbari tabrigidagi "Mana shu shukuhli ayyomda chet ellarda ona yurtga sadoqat tuyg‘usi bilan yashayotgan vatandoshlarimizni ham Ramazon hayiti bilan chin dildan qutlab, ularga ezgu tilaklarimizni izhor etamiz", degan fikrlar alohida urg‘ulandi.
Vatandoshlar yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, hukumatimiz tomonidan xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolarga qaratilayotgan e’tibor va jonajon O‘zbekistonimiz tinchligi, xalqimiz farovonligini Yaratgandan so‘rab duo qildilar.
– Bu yil muborak Ramazon oyini Janubiy Koreyada vatandoshlar bilan birgalikda ko‘tarinki ruhda o‘tkazdik, – deydi Toshkent shahridagi "Yunus ota" masjidi imom xatibi Jamoliddin Qodirov. – Bir oy davomida Chondju shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlarga muqaddas Islom dinining asl mohiyati, Ramazon oyi fazilatlari, shukronalik hissi bilan yashash, berilgan ne’matlarning qadriga yetish, yurt ravnaqi, vatan taraqqiyoti, millatimiz hamjihatligi, xalq farovonligi yo‘lida astoydil xizmat qilish kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qidik.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
اللهُ أكبر اللهُ أكبر لا إلهَ إلَّا الله واللهُ أكبر اللهُ أكبر ولله الحَمْد
O‘qilishi: Allohu akbar! Allohu akbar! Laa ilaha illallohu vallohu akbar! Allohu akbar va lillahil hamd.
Ma’nosi: Alloh buyuk, Alloh buyuk. Alloh taolodan o‘zga iloh yo‘q. Alloh buyuk, Alloh buyuk va hamd Alloh taolo uchundir.
Takbiri tashriq 5 iyun bomdod namozidan boshlab hayitning to‘rtinchi kuni, ya’ni 9 iyun asr namoziga qadar aytiladi:
• 5 iyun – 5 mahal,
• 6 iyun – 5 mahal,
• 7 iyun – 5 mahal,
• 8 iyun – 5 mahal,
• 9 iyun – 3 mahal.
Jami 23 mahal namozda takbiri tashriqni bir marotaba aytish vojib amal sanaladi.
Ushbu takbir xoh jamoat bilan, xoh yolg‘iz o‘qilgan har bir farz namozdan keyin aytiladi.
Ayollar takbiri tashriqni maxfiy aytadilar.
Namozga kechikib qo‘shilgan kishi ham namozini to‘liq qilgandan keyin takbiri tashriqni aytadi.
Davron NURMUHAMMAD